14:48 / 29.03.2024
413

Putinning atrofidagilar Ukrainaning «Krokus»dagi teraktga aloqadorligiga ishonmayapti

Putinning atrofidagilar Ukrainaning «Krokus»dagi teraktga aloqadorligiga ishonmayapti
Mixail Metsel / Sputnik / Reuters / Scanpix / LETA
RF prezidenti Vladimir Putinning atrofidagi odamlar hisoblashicha, Ukrainaning «Krokus Siti Holl» konsert zalidagi teraktga aloqadorligi borasida hech qanday dalil yo‘q. Bu haqda Bloomberg Kremlga aloqador bo‘lgan to‘rt manbasiga asoslanib xabar bergan.

Agentlik suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Putin amaldorlar terrorchilarning Ukraina bilan hech qanday bog‘liqligi yo‘q degan xulosaga kelgan yig‘ilishida qatnashgan. Ammo RF prezidenti hamon «fojiadan rossiyaliklarni Ukraina bilan urush masalasida birlashtirishda foydalanish niyatida», deya yozadi Bloomberg.

Agentlik manbalari tasdiqlashicha, Kremldagi rasmiylar Rossiya maxsus xizmatlari 143 kishi o‘limi va 300 dan ortiq kishi jarohatlanishiga olib kelgan teraktning oldini ola olmaganidan «shok holatiga tushgan».

Jurnalistlarning suhbatdoshlari Rossiya siyosiy va ishbilarmonlar elitasida deyarli hech kim hujum ortida Ukraina turganiga ishonmasligini aytishgan.

«Krokus»dagi terakt uchun javobgarlikni ISHIDning «Xuroson viloyati» bo‘limi o‘z zimmasiga olgan. Terrorchilar bayonoti haqiqiyligini amerikalik rasmiylar OAVga tasdiqlagan.

Ammo Vladimir Putin ikki marta teraktni Ukraina bilan bog‘lashga harakat qildi. U «Krokus»ga 22 mart kuni kechqurun qilingan hujumdan qariyb 20 soat vaqt o‘tganidan keyin bergan ilk bayonotida terakt ijrochilari Ukrainaga ketish yo‘lida qo‘lga olingani, Ukraina tomoni go‘yoki chegarada ular o‘tishi uchun «darcha» tayyorlagani haqida aytgandi.

Keyin esa «terrorchilar jinoyat sodir etganidan keyin nima uchun aynan o‘zlarini kutib turishgan Ukrainaga yo‘l olishgani» haqidagi savolga javob topish lozimligini aytdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, terakt «radikal islomchilar qo‘li bilan sodir etilgani»ga qaramay, AQSH boshqa mamlakatlarni «Moskva teraktida Kiyev izi yo‘qligiga, qonli terakt islom diniga e’tiqod qiluvchilar tomonidan sodir etilganiga ishontirmoqchi».

26 mart kuni RF Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va FXX direktori Aleksandr Bortnikov ham «Krokus»dagi teraktga Ukraina aloqadorligi haqida gapirdi. Bortnikovning tasdiqlashicha, «Krokus»dagi teraktda «ukrainlar izi» borligi haqidagi ma’lumotni terrorchilarning ko‘rsatmalari tasdiqlaydi.

«Biz qo‘lga olinganlardan olgan dastlabki ma’lumotlar buni tasdiqlaydi. Shuning uchun ma’lumot ustida ishlashda davom etamiz — Ukraina tomoni chindan ham ishtirok etganmi yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish uchun. Nima bo‘lganda ham hozircha aynan shunday deyishga asos bor», — degandi Bortnikov.

Ukraina «Krokus»dagi teraktga aloqadorligi haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etadi. Putinning taxminlariga munosabat bildirgan Volodimir Zelenskiy rossiyaliklar prezidentini «xasta va orsiz mavjudot» deb atagan. «Uning uchun o‘zidan boshqa hamma terrorchilar, garchi yigirma yildan buyon uning o‘zi terror bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa ham. Aynan u — terror uchun eng katta tuynuk. U va uning maxsus xizmatlari», — degan Ukraina prezidenti.

Bloomberg Putin «Krokus»dagi terakt tufayli xavfsizlik sohasidagi yuqori martabali mulozimlarni iste’foga chiqarishi mumkinligi haqida ham yozgan. Taxminlarga ko‘ra, FXX direktori Aleksandr Bortnikov, ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev va Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov ishdan bo‘shatilishi mumkin. Kreml tomonidan e’lon qilingan videoda ular prezident tomonidan terakt oqibatlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor majlisida ishtirok etganini ko‘rish mumkin. Biroq videoda ularning chiqishlari yo‘q.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinning atrofidagilar Ukrainaning «Krokus»dagi teraktga aloqadorligiga ishonmayapti