18:26 / 24.04.2024
1 086

Rossiya mudofaa vaziri ishdan olinishi mumkin

Rossiya mudofaa vaziri ishdan olinishi mumkin
Foto: “RIA Novosti”
Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovning hibsga olinishi Sergey Shoyguning boshqa lavozimga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu haqda insayderlarga tayanib, Forbes xabar berdi.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov 23 aprel kuni yirik miqdorda pora olganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Unga 23 iyunga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Forbes Rossiya harbiy boshqarmasidagi manbalarga tayanib, shov-shuvli hodisani mudofaa vaziri Sergey Shoygu boshqa lavozimga o‘tishi mumkinligi bilan bog‘laydi.

Manbalar Ivanov mudofaa vazirining yaqin sherigi ekanini da’vo qilmoqda. U vazirlikning qurilish loyihalariga mas’ul bo‘lgan.

"Ehtimol hibsga olish jarayoni Shoyguning boshqa lavozimga o‘tishi bilan bog‘liq. Shu tariqa vazirlikda tozalash ishlari kechmoqda", — deydi insayderlar.

Kremlning Ivanov hibsga olinishiga munosabati

Kreml mudofaa vaziri o‘rinbosari hibsga olinishi va uning davlatga xiyonatda gumon qilinayotgani haqidagi mish-mishlarga quyidagicha izoh berdi.

"Hech narsa ma’lum emas, turli talqinlar bor, rasmiy ma’lumotlarga tayanishimiz kerak. Tergov bo‘ladi. Ba’zi mulohazalar taxminlardan boshqa narsa emas. Diqqatimizni tergovga qaratib, sud qarorini kutishimiz lozim", — dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Shuningdek, u Putin mudofaa vaziri bilan doimiy aloqada ekanini aytdi. Prezident Shoygu bilan Ivanov haqida gaplashganmi yoki yo‘qmi noma’lum. “Tafsilotlarni ayta olmayman”, dedi Peskov.

2016 yildan beri Sergey Shoyguning 12 o‘rinbosaridan biri bo‘lib ishlagan Ivanov asosan Rossiya Mudofaa vazirligidagi qurilish loyihalari, jumladan, Rossiya tomonidan bosib olingan Mariupoldagi qurilish loyihalariga mas’ul bo‘lgan.

Urush boshlanganidan so‘ng, muxolifatchi marhum Aleksey Navalniyning jamoasi tergov e’lon qilib, unda Timur Ivanov haqida ma’lumot bergan. Jumladan, Ivanov 2022 yil oxirida Rossiyaning bir qator hududlarida Mudofaa vazirligi pudratchilari mablag‘lari hisobiga ko‘chmas mulk qurishda ayblangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya mudofaa vaziri ishdan olinishi mumkin