date
views 319

Ibrohim Raisiy: u Eronning boʻlajak oliy rahnamosi sifatida koʻrilardi

Ibrohim Raisiy: u Eronning boʻlajak oliy rahnamosi sifatida koʻrilardi
Foto: Getty Images
19 may kuni vertolyot halokati oqibatida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vafot etdi. U 2021 yilda davlat rahbari lavozimiga saylangandi, koʻpchilik 63 yoshli Raisiyni mamlakat oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiyning boʻlajak vorisi sifatida koʻrardi.

BBC Ibrohim Raisiyning hayoti va faoliyatining eng asosiy voqealariga nazar tashladi.

Konservativ ruhoniy

Kutilmaganda prezidentlikka nomzodini qoʻymagunicha Ibrohim Raisiy eronliklarning ham koʻpchiligiga yaxshi tanish emasdi.

Oʻsha vaqtda 56 yoshda boʻlgan konservativ diniy arbob islom huquqi boʻyicha doktorlik darajasiga ega edi. Sud tizimidagi faoliyati davomida yuqori lavozimlarni egallaganiga qaramay, Raisiy soyada edi.

Eronning boʻlajak prezidenti 1960 yilda Mashhad shahrida tugʻilgan, 15 yoshida u Qum viloyatidagi mamlakatning eng nufuzli diniy madrasiga oʻqishga kirgan, besh yil oʻtib, Islom inqilobidan keyin darhol sud tizimida ishlay boshlagan.

Raisiy 25 yoshidayoq poytaxt Tehron prokurori oʻrinbosariga aylanadi. Keyinroq u sud tizimi rahbari oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.

Ibrohim Raisiy 2017 yilgi prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodini roʻyxatdan oʻtkazmoqda. Oʻsha yilgi saylovlarda u Hasan Ruhoniyga yutqazadi.
«Oʻlim komissiyasi»

1988 yilda Raisiy «oʻlim qozilari» deb atalgan qoʻmitadagi toʻrt hakamdan biri boʻlgan. Bu komissiya qamoq muddati yakunlanganidan keyin Eron qamoqxonalarida qatl etilgan minglab muxolifatchilarning taqdirini hal qilgandi.

Bunday qatllar — inqilobdan keyingi Erondagi taqiqlangan mavzulardan biri boʻlib, hech qachon rasman tekshirilmagan.

Eronning sobiq prezidenti Hasan Ruhoniy Eron davlat televideniesidagi saylovoldi debatlarida bu mavzuni koʻtarib, koʻpchilikni hayratda qoldirgandi.

Ruhoniyning soʻzlariga rasmiy munosabat bildirilmagan boʻlsa-da, uning izohlari ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlib, koʻpchilik eronlik yoshlar bexabar boʻlgan epizod birdaniga omma e'tiboriga tushdi.

2021 yilgi prezidentlik saylovlarida Raisiy Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy tomonidan qoʻllovga ega boʻladi
Boʻlajak oliy rahnamo edimi?

Ibrohim Raisiy butun faoliyati davomida Eronning konservativ elitasi bilan yaqin shaxsiy aloqalarni saqlab qolgan. U Eronning hozirgi oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiyning qoʻlida oʻqigan va Islom inqilobi muhofizlari korpusidagi muhim figuralarga yaqin boʻlgan.

2016 yil martida Raisiy Eronning eng muhim va boy diniy jamgʻarmalaridan biri — «Astan Quds Razaviy»ga rahbar etib tayinlanadi, unga mamlakatdagi shialarning eng muqaddas ziyoratgohi — oʻzi tugʻilib oʻsgan Mashhad shahridagi imom Rizo maqbarasini nazorat qilish vazifasi yuklangandi.

Bu lavozimga tayinlanish juda katta obroʻ va ta'sir doirasiga ega boʻlishni anglatardi. Oʻshanda koʻplab kuzatuvchilar Raisiyni oliy rahnamoning boʻlajak vorisi sifatida tayyorlashayotgani haqida xulosaga kelishgandi.

Raisiy shuningdek kelgusi oliy rahnamoni saylashga mas'ul boʻlgan, 88 nafar a'zodan iborat diniy organ — Ekspertlar assambleyasi raisi oʻrinbosari etib saylanadi.

Rafiqasining karerasi

Raisiyning rafiqasi — Shahid Behishti nomidagi Tehron universiteti professori
ATTA KENARE/AFP

Ibrohim Raisiyning shaxsiy hayoti toʻgʻrisida koʻp narsa ma'lum emas, faqat saylovoldi kampaniyasi chogʻida ayrim tafsilotlar ochiqlangan. Uning turmush oʻrtogʻi Jamila Alamolhoda — Shahid Behishti nomidagi Tehron universiteti professori hisoblanadi, ularning ikki qizi bor.

Ayol saylovchilar ovozini oʻziga jalb etish uchun Raisiy saylovoldi kampaniyasi chogʻida bir necha bor oʻz rafiqasi haqida gapirgan, uning oʻqishini qoʻllab-quvvatlagani hamda ish tufayli uyda boʻla olmaganida kechki ovqatsiz qolishga ham tayyor boʻlgani haqida aytgandi.

Uning bunday soʻzlari tarafdorlari tomonidan yaxshi qarshi olingan, ammo muxoliflari uni masxara qilishgandi.

Raisiyning qaynotasi — oyatulloh Ahmad Alamolhoda — Mashhaddagi ultrakonservativ qarashlari bilan tanilgan imomlardan boʻlgan. U shaharda hech qachon musiqa kontsertlari oʻtkazilmasligini talab qilgan.

Oddiy eronliklar nomzodi

Raisiyni xarizmatik notiq deb boʻlmaydi — 2021 yil saylovoldi debatlaridagi ishonchsiz chiqishlaridan keyin ham bu borada koʻp narsa oʻzgarmagan, ammo telegram va instagramda uning imiji ustida yaxshi ish olib borilishi uning kampaniyasi atrofida katta shov-shuv koʻtarilishi hamda uning saylovoldi mitinglariga behisob odamlar kelishini ta'minlaydi.

Butun saylovoldi kampaniyasi davomida Raisiy oʻzini Eron inqilobining konservativ qadriyatlarini himoya qiladigan, kambagʻallar va kam ta'minlangan oilalarga gʻamxoʻrlik qiladigan va oʻsib borishayotgan yashash xarajatlarini qoplashga yordam beradigan nafaqalarni qaytaradigan, oddiy eronliklar nomzodi sifatida taqdim etadi.

Bu va'dalar qashshoqlik, ishsizlik va inflyatsiya bilan kurashayotgan millionlab eronliklarda uning raqibi bergan islohotlar va oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi moʻ'tadilroq va'dalardan koʻra yaxshiroq taassurot qoldiradi.

Isroilga qarshi va Rossiya taraf siyosat

Soʻnggi yillarda Ibrohim Raisiy doimiy ravishda Isroil va Gʻarbga qarshi keskin pozitsiyani egallab kelgandi.

2022 yil aprelida Raisiy agar Eron bilan munosabatlarda «kichik boʻlsa ham dushmanlik qadami» tashlagudek boʻlsa, Isroil Eron qurolli kuchlari uchun nishonga aylanishi haqida ogohlantirgandi.

Oʻsha yil sentyabridagi intervyusida esa u tarixiy Avraam kelishuvlarini (Isroil va arab davlatlari munosabatlarini normallashtirish haqida 2020-2021 yillarda Donald Tramp vositachiligida imzolangan kelishuvlar seriyasi) tanqid qilgandi.

2022 yil martida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, Raisiy Tehronning Moskva bilan yaqinlashuvini dastaklaydi, bu yaqinlashuv esa Rossiyaga Eron qurollari etkazib berilishiga olib keladi.

Raisiy Isroilning Gʻazodagi harbiy amaliyotini qoralab, Isroilni Gʻarb davlatlari qoʻllovi ostida falastinliklarni genotsid qilishda ayblagan.

2023 yil dekabrida Raisiy 1988 yilda «oʻlim komissiyasi» hakami boʻlganida mahbuslar qiynoqqa solingani va oʻldirilgani bilan bogʻliq ayblov tufayli Jenevaga safarini bekor qilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ibrohim Raisiy: u Eronning boʻlajak oliy rahnamosi sifatida koʻrilardi