06:26 / 23.05.2024
230

Isroilda Netanyahuga ultimatum qo‘yildi. Shartlarni bajarib bo‘ladimi?

Isroilda Netanyahuga ultimatum qo‘yildi. Shartlarni bajarib bo‘ladimi?
“Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Bektosh Berdiyev bilan G‘azodagi urush vaqtida Isroil ichki siyosatida yuzaga kelayotgan qarama-qarshilik muhokama qilindi.

— Muxolifat qo‘ygan asosiy shartlar qaysilar, ularni amalga oshirish imkoniyatlari qanday?

Bektosh Berdiyev
: — Isroil ichki siyosatida ma’lum darajada beqarorlik bor, lekin buni yangilik deb bo‘lmaydi, tarixda bunday holatlar ko‘p bo‘lgan. Birinchi sabab – partiyalar koalitsiyalari o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lsa, ikkinchidan, bir partiya ichidagi kelishmovchilik. Harbiy kabinet vaziri Benni Gans tomonidan Netanyahuga 5-6 ta aniq talablar qo‘yildi. Agar shu talablar bajarilmasa, ya’ni Netanyahu aniq rejani taklif qilmaydigan bo‘lsa, o‘zimiz Isroilni bu vaziyatdan olib chiqadigan yangi hukumat shakllantirishga majbur bo‘lamiz, dedi.

Talablarning birinchisi – garovdagilarni qaytarish. 250 kundan oshdiki, garovdagilarning hammasi ham ozod etilmadi, bu esa Isroil hukumatiga bosimni kuchaytiryapti, faqat fuqarolar emas, siyosatchilar ham bosim qilyapti. “Katta urushni boshlading, juda ko‘p fuqarolik infratuzilmasi yo‘q qilindi, xalqaro hamjamiyat oldida Isroilning imiji tushdi, lekin natija qani? Garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha rejang qani” degan savollar berilyapti.

Oldinroq AQSH vositachiligida HAMAS bilan muzokaralar bo‘ldi, HAMAS ma’lum darajada yon bersa ham, Netanyahu rad qilgandi.

Ikkinchi talab – HAMASni butunlay ag‘darish bo‘yicha, Gans ham shuni ilgari suryapti. Bu – juda chuqur masala. Uchinchi shartga o‘tsak, bu – G‘azo sektorini butunlay demilitarizatsiya qilish. Oxirgi shartlar – anklav ustidan nazorat hamda AQSH, Yevropa, arab davlatlari hamkorligida fuqarolik boshqaruvini o‘rnatish. Mana shu talablar bo‘yicha Netanyahu hukumati 8 iyunga qadar aniq rejalar bermasa, Gans hukumat tarkibidan chiqish bilan tahdid qildi.

— HAMASni tugatish va G‘azoni qurolsizlantirish siyosiy va harbiy jihatdan amalga oshirilishi mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov
: — Nazarimda, Benni Gansning asosiy maqsadi tarixiy mas’uliyatni olmaslik va Netanyahu kabinetidan chiqib ketish. Chunki Netanyahuning bugungi kabineti chuqur inqirozda, SAXAL o‘z oldiga qo‘ygan vazifani amalga oshira olmayapti. G‘azoda partizanlik urushi ketyapti, mahalliy aholi HAMASni to‘liq qo‘llaydi. Shu ma’noda bu talablar ko‘proq siyosiy ahamiyatga ega.

Isroil parlamentar boshqaruvga asoslangan. Oxirgi yillarda hech bir partiya Knessetga 50 foizdan ko‘p ovoz olib, katta fraksiya tuzolmayapti. Shuning uchun bir nechta partiya birlashib koalitsiya tuzadi. Gans bosh vazirlikka asosiy nomzodlardan biri, lekin Netanyahu bilan koalitsiya tuzgan. Agar koalitsiyadan chiqsa, bu parlament saylovlariga olib kelishi mumkin, saylov natijasini esa bashorat qilish qiyin. Lekin Isroil jamiyatida Netanyahuning obro‘yi oshayotgani yo‘q, tushib boryapti. U 7 oktyabrdan keyin HAMASni to‘liq yo‘q qilish bo‘yicha bergan va’dalarini amalga oshira olmadi. Buni amalga oshirish uchun misli ko‘rilmagan katta qirg‘inbarot bo‘lishi kerak. Bugungi kungacha 35 ming tinch aholi o‘ldirildi, ayollar, bolalar ko‘p buning ichida.

Netanyahu 8 iyungacha bunday reja berolmaydi. Gans esa tarixiy mas’uliyatni olmasdan chiqib ketmoqchi.

— Gansning HAMASni tugatishdan tashqari yana qaysi shartlarni amalga oshirish deyarli imkonsiz?

Bektosh Berdiyev
: — Garovdagilarni qaytarish mumkin. Bu – siyosiy irodani talab qiladi. Muzokaralar orqali qilish mumkin. Juda ko‘p falastinliklar Isroil qamoqxonalarida, ularni asirlarga almashish mumkin.

Lekin demilitarizatsiyaning umuman iloji yo‘q. Bugun har bir g‘azolik – HAMAS tarafdori. Amakisi, otasi, akasi, ukasi o‘ldirilgan yoshlar baribir ertaga hamaschi bo‘lib voyaga yetadi, Isroilga nafrat ruhida ulg‘ayadi. Qo‘pol qilib aytganda, G‘azoda HAMASni yo‘q qilish uchun o‘sha yerdagi 2,5 mln aholini qirib tashlashga to‘g‘ri keladi, shunda ham faqat G‘azoning o‘zida yo‘q bo‘ladi. G‘arbiy qirg‘oqda, Livanda, Suriyada HAMASni qo‘llovchilar oz emas. Shuning uchun HAMASni butunlay yo‘q qilish imkonsiz.

AQSH, Yevropa, arab davlatlari bilan hamkorlikda G‘azo anklavini boshqarish masalasini ham amalga oshirish mumkin. Balki g‘azoliklar uchun ham bu ma’qul kelar, ularning hammasi ham HAMASni hozirgi harakatlarini to‘la qo‘llaydi deb bo‘lmaydi, kelajagini boshqacha ko‘rishni istaganlar, G‘arbiy sohil xukumatiga moyillar bor.

— Mustaqil Falastin davlati tuzilmaguncha, bu kurash davom etaveradi, deyish mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov
: — Xuddi shunday. Bu – tarixiy, sivilizatsion to‘qnashuv. Bu masala boshqa joyda bo‘lganda edi, muammoning o‘tkirlik darajasi pastroq bo‘lardi, lekin Quddus masalasida Islom sivilizatsiyasi kelishuvga bora olmaydi, Quddus Islomdagi 3 ta markaziy nuqtalardan biri. Musulmon davlatlarning hukumatlari qabul qilsa ham, jamiyatlar buni qabul qilmaydi.

Shu bilan birga? Isroil ham kompromissga borishni istamaydi, yahudiy sivilizatsiyasining markazi ham Quddus. Iyerusalim xristianlar uchun ham katta ahamiyatga ega. Umuman, uchta din, monoteizmning markazi bu – Quddus. Shuning uchun ko‘plab olimlar Qudlusni ikkiga bo‘lib, sharqini musulmonlarga berib, g‘arbi yahudiy va xristianlar uchun bo‘lishi kerak, deydi. Bunga, ya’ni 1967 yilgi chegaralarga Mahmud Abbos hukumati rozi bo‘lgan, lekin Isroil bunga rozi emas.

Netanyahu ham, Gans ham tish-tirnog‘i bilan Falastin davlatchiligiga qarshi. 7 oktyabrdan keyin ritorika o‘zgargan, ungacha ayrim shartlar bilan Falastin davlati bo‘lishiga rozilar bor edi. Umuman, kurash to‘xtamaydi. Gans nafaqat HAMASga, balki Mahmud Abbos hukumatiga qaratilgan shartlar ham qo‘ymoqda.

— Agar Gans iste’foga chiqsa, Isroil siyosatida qanday o‘zgarish bo‘ladi?

Bektosh Berdiyev
: — Saylovlar natijasiga bog‘liq bo‘ladi. Hozir baribir Netanyahuning “Likud” partiyasi kuchli, ular sionistlar bilan koalitsiyada bo‘ladi. Lekin saylovlarni bashorat qilib bo‘lmaydi, Netanyahu partiyasi maqomi baland bo‘lsa ham, jamiyatda Netanyahu hukumatidan charchash ham bor.

Gans iste’foga chiqsa, saylov bo‘ladi. Netanyahuda asosiy bitta “fishka” qoladi: “Biz boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishimizga yordam bering”, deb so‘rashi mumkin isroilliklardan.

Kamoliddin Rabbimov: — Isroilda Vazirlar Mahkamasi beqaror so‘nggi yillarda. Jamiyatda Netanyahudan charchash bor, urushda natija bo‘lmayapti, asirlar ozod qilinmadi. Gans yaqin orada saylov bo‘lsa, obro‘miz oshib, bosh vazir bo‘lishim mumkin, degan o‘y ham bo‘lishi mumkin. Siyosatchilar o‘rtasida yashirin va kuchli raqobat bo‘ladi.

7 oktyabrdan keyingi holatda Vazirlar Mahkamasidagi inqiroz kuchaygan. Rasmiy muxolifat, hukumat ichida mudofaa vaziri va boshqalar Netanyahuni tanqid qilib turadi. Gans iste’fo bersa, saylov bo‘lishi tayin bo‘ladi va saylov kampaniyalari boshlanib ketadi, kampaniyada tomonlar bir-birini ayblaydi. Netanyahu o‘ng siyosatchi, u bunga qadar so‘l qatlam uchun nomaqbul siyosat olib bordi, hokimiyat vertikalini kuchaytirdi. Arab davlatlari bilan kelishib, tarixiy muammolarni hal qilmoqchi edi, lekin bu amalga oshmadi.

— Saylov kampaniyasi davrida harbiy harakatlarda o‘zgarish bo‘lishi mumkinmi?

Bektosh Berdiyev
: — O‘zgarmaydi, amaldagi hukumat belgilagan harakatlar davom etadi. Hozir Rafahga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib bormay, to‘xtab turgani ichki vaziyatga bog‘liq emas, xalqaro bosim sabab. Xalqaro bosim yumshashi bilan Isroil Rafahga kirishga tayyor. Isroil hukumati fikricha, hamaschilar hozir asosan Rafahda yashiringan.

— Xalqaro jinoyat sudi prokurori Netanyahu va HAMAS liderlarini hibsga olish bo‘yicha order so‘ragani haqida ham to‘xtalsak.

Bektosh Berdiyev
: — Xalqaro sudning bu ishlarini samarali deb bo‘lmaydi, chunki ko‘p davlatlar ratifikatsiya qilmagan, shu jumladan, AQSH ham. Masalan, Putinni hibsga olish bo‘yicha ham order bor. Netanyahuga nisbatan ham shunday order berilsa, ritorik jihatdan dunyoda adolat borligini ham ko‘rsatadi bir tomondan. Ikkinchidan esa Isroil imiji butunlay qop-qora tusga kiradi. Lekin umuman, samarali deb bo‘lmaydi. Shundoq ham Netanyahu boshqa davlatlarga chiqmayapti, bitta bemalol boradigani AQSH qoldi. Xalqaro bosimni kuchaytirishi mumkin bunday qaror.

Umuman, turlicha xalqaro bosimlar bo‘lyapti. Urushdan keyin G‘azoni nima qilish bo‘yicha Isroilning aniq bir rejasi yo‘q, deb Blinken ham aytdi. Yevropa davlatlari ham bosim qilyapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Ikkinchi jahon urushidan keyin Isroilning eng katta xalqaro reputatsiyasi – “yahudiylar mazlum xalq, shuning uchun daxlsizmiz”, degan yondashuv bo‘ldi. Hozirga kelib global ijtimoiy fikrda bu daxlsizlik yo‘qolib boryapti. Chunki Isroilning asosiy maqsadi – Falastin yerlarini to‘liq bosib olish va bundan chekinmayapti. 7 oktyabrdan keyin JAR Isroil ustida Xalqaro sudga murojaat qildi. Netanyahu va mudofaa vaziriga hibsga olish orderi so‘ralishining o‘zi – Isroil uchun katta tarixiy qora dog‘.

Shu bilan birga, Xalqaro sudga AQSH, Fransiya kabi davlatlar tomonidan bosim bo‘lyapti, Isroil bizning ittifoqchimiz, teginib bo‘lmaydi, deyilmoqda. Bir paytlar AQSHning global qudrati shu darajada ediki, uning ittifoqchilariga nisbatan bunday ishlar ko‘rilmas edi. Lekin bugun dunyoda ko‘p qutblilik, global janub shakllanyapti va bu narsa Isroil kabi AQSH ittifoqchilarini murakkab ahvolga tushirishda davom etadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroilda Netanyahuga ultimatum qo‘yildi. Shartlarni bajarib bo‘ladimi?