13:08 / 28.06.2024
331

Tramp debatda Putinning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha shartlarini «nomaqbul» deb atadi

Tramp debatda Putinning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha shartlarini «nomaqbul» deb atadi
Foto: Getty Images
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp CNN telekanali studiyasida Jo Bayden bilan o‘tkazilgan debat vaqtida Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Vladimir Putin tomonidan qo‘yilgan shartlarni «qabul qilib bo‘lmas shartlar» deb atadi.

Debat boshlovchisi Trampdan Putinning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha ilgari surgan talablarini maqbul deb hisoblaysizmi, deb so‘ragan. «Yo‘q, ularni qabul qilib bo‘lmaydi», — degan Tramp.

«Agar bu urushda yetakchimiz bo‘lganida… U [Bayden] barchani yolg‘iz qoldirdi. U Ukrainaga 200 milliard dollar yoki undan ko‘proq pul berdi. Bu katta pul. Men qachondir bunaqasi bo‘lgan deb o‘ylamayman», — degan Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bu urushga bunday katta mablag‘ni sarflamasligi kerak edi, chunki uni boshlash ham kerak emasdi. Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSHga kelib, «har safar» bu yerdan 60 milliard dollarni olib ketishini aytgan va uni «buyuk savdogar» deb atagan. «Ammo men uni tanqid qilmayman, men hech narsani tanqid qilmayman», — deya qo‘shimcha qilgan Tramp va saylovda g‘alaba qozongudek bo‘lsa, prezidentlik ofisiga borishidan oldin Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi mojaroni hal qilishga erishishini aytgan.

Shuningdek, Tramp o‘z chiqishida amerikalik harbiylar qator sabablarga ko‘ra Baydendan «toqati toq bo‘lgani», jumladan uning davrida qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqilishi muvaffaqiyatsiz kechganidan norozi ekanini aytib o‘tgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, aynan Bayden Putinni Ukrainaga bostirib kirishga «rag‘batlantirgan».

«Men hech qachon hayotimda bu qadar bema’ni gaplarni eshitmaganman», — dedi Bayden o‘ziga so‘z berilganida Trampga javoban.

14 iyun kuni, Shveysariyadagi tinchlik sammitidan bir kun oldin, Rossiya TIVda chiqish qilgan Vladimir Putin «yana bir aniq, real tinchlik taklifi»ni bildirgandi. U ukrain qo‘shini Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarining ma’muriy chegaralarini to‘liq tark etsa va Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortgan taqdirda, Rossiya «zudlik bilan» o‘t ochishni to‘xtatishini ma’lum qilgan.

Volodimir Zelenskiy Putinning «tinchlik taklifi»ni «ishonib bo‘lmaydigan ultimatum» deb atagan. «Bu xuddi „Menga Chexoslovakiyaning bir qismini bering va shu bilan barchasi yakunlanadi“ degan Hitlerning gapidek. Ammo yo‘q, bu yolg‘on edi. Shundan keyin Polsha, keyin butun Yevropa okkupatsiya qilingandi», — deydi Zelenskiy.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukraina emas, balki Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududlaridan olib chiqishi lozimligi, Putinning taklifi esa «yaxshi niyatdan dalolat bermayotgani»ni aytgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp debatda Putinning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha shartlarini «nomaqbul» deb atadi