00:07 / 01.07.2024
729

Frontdagi vaziyat. Rossiyaning Ukrainadagi yurishi to‘xtayaptimi?

Frontdagi vaziyat. Rossiyaning Ukrainadagi yurishi to‘xtayaptimi?

Foto: Reuters

Rossiya qo‘shini Ukraina mudofaasidagi zaif nuqtalarni izlamoqda. Ammo ekspertlar ularning hujum salohiyati susayib borayotganini payqashgan. BBC Ukraina xizmati sharhlovchisi Oleg Chernish frontdagi so‘nggi voqealarni tahlil qildi.

O‘tgan haftalar davomida Rossiya armiyasi muvaffaqiyatga erisha olmadi. Ammo u Toresk atrofida yangi front ochib, Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida bo‘shliq topishga urinib, bir necha uchastkalarda asta-sekin yurishni davom ettirmoqda.

Harbiy ekspertlar taʼkidlashicha, yurish surʼatini saqlab qolishi uchun Rossiyaga qo‘shimcha zaxiralar kerak bo‘ladi. Shuningdek, rossiyaliklar o‘t ochish qudratini yo‘qotayotgani belgilari ham ko‘zga tashlanmoqda.

Ozarboyjonlik tahlilchi Oqil Rustamzoda shunga eʼtibor qaratgan. Uning maʼlumotiga ko‘ra, g‘arbdan olingan artilleriya snaryadlari Ukrainaga 1 ga 5 (bitta artilleriya zarbasiga Rossiya beshta bilan javob qaytarishi mumkin edi) nisbatidan 1 ga 3 uch nisbatiga chiqishga imkon bergan.

«Frontdagi vaziyat Ukrainaning o‘q otish kuchi bo‘yicha ustunligi tomon o‘zgara boshladi. Ukraina armiyasining to‘yinganlik dinamikasiga qarab, bu jarayon bir hafta yoki bir oy davom etishi mumkin. Lekin hozirdanoq Rossiya armiyasi yurishi surʼatlari pasayayotgani sezilib turibdi», — degan ekspert.

Rossiyaning eng kuchli quroli yo‘naltiriluvchi aviabombalar bo‘lib qolmoqda, ular kuniga yuztagacha qo‘llanmoqda.

Ukraina armiyasi hamon kadrlar muammosini boshdan kechirmoqda, shuningdek g‘arbning vaʼda qilingan yordamini to‘liq olgani yo‘q, jumladan o‘q-dori va samolyotlarni. Bu Kiyevga o‘z qarshi hujum amaliyotlarini boshlashiga xalal bermoqda.



Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarni Chasiv Yar chekkalaridan siqib chiqarishga erishgan. Foto: EPA

Toreskka yurish

Rossiya qo‘shinining iyun oyidagi asosiy muvaffaqiyati Toreskka yurish boshlanishi bo‘ldi. 19 iyun kunidan buyon ular taxminan 2 km masofaga ilgarilab, shahar atrofidagi hududlarni — Severne va Shumi posyolkalarini egallagan.

Bu kichik ilgarilashni yutuq deb atash mumkin, chunki rossiyaliklar 2014-15 yillardan buyon mudofaa uchun tayyorlangan uchastkani ortda qoldirdi.

Ukraina qurolli kuchlari muvaffaqiyatsizligi sabablaridan biri bo‘linmalarni rotatsiya qilishdagi noto‘g‘ri hisob-kitoblar va dushman bundan foydalanib qolgani bo‘ldi. Toreskka qilingan yurish o‘tkazib yuborilganidan keyin Birlashgan kuchlar qo‘mondoni, general Yuriy Sodolni tanqid qilish kuchaydi. 24 iyun kuni esa u lavozimini yo‘qotdi.



Rossiya qo‘shini har kuni Toreskdagi aholi yashovchi kvartallar ustiga aviabomba yog‘dirmoqda

Ammo ikki haftalik faol harbiy harakatlardan keyin rus qo‘shinlari Toreskning kvartallar boshlanadigan hududiga kirib kela olmadi. Hozirda ular shahar chegaralaridan 1,5 km masofada turibdi.

Yurish surʼati yuqori emasligi bu yo‘nalishda Rossiya armiyasining nisbatan kichik guruh bo‘lib harakatlanayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ukraina mudofaa strategiyalari markazi eksperti, polkovnik Viktor Kevlyuk yurishda ishtirok etayotgan qo‘shin miqdorini 10 ming kishiga baholagan. Rossiya hali bu uchastkada zaxira kuchlarni jangga tashlamadi, deya qayd etadi u.

«Axboriy qarshilik» guruhi harbiy tahlilchisi Konstantin Mashoves ham shunga o‘xshash raqamlarni keltirgan. Uning maʼlumotiga ko‘ra, Toresk yo‘nalishida Rossiya armiyasi 10-11 ming harbiy xizmatchini jamlagan, shundan yarmi oldingi bo‘linmalarda harakatlanmoqda.

Bu yo‘nalishga shuningdek 50-60 tank va 110-120 zirhli mashina jalb etilgan.

Ikki ekspert ham kelgusida aynan Toresk Rossiyaning «yozgi yurishi» maqsadlaridan biri bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

Pokrovskka olib boruvchi trassaga chiqish

Rossiyaliklarning «yirik yozgi yurishi»ning asosiy nishoni bo‘lishga ikkinchi daʼvogar — Pokrovsk.

Rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlarining Donbass g‘arbidagi so‘nggi yirik qalʼasi bo‘lib turgan shaharning o‘ziga yetib kelishiga hali katta masofa — 30 km atrofida bo‘lsa ham, ular Pokrovsk-Konstantinovka trassasiga 6-7 km masofada yaqinlashib kelishgan. Hozirda trassaga yaqin joylashgan Novoaleksandrovka uchun janglar davom etmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, Rossiya qismlari yaqin haftalar ichida bu yo‘lni Malinovka — Novaya Poltavka uchastkasida kesib qo‘yishga hamda Pokrovsk, Toresk va Kramatorsk yo‘nalishlaridagi ukrain bo‘linmalarining logistik aloqalarini izdan chiqarishga harakat qiladi.

Ukrainadagi DeepState tahlil markazi 23 iyun kuni rossiyaliklar allaqachon Novoaleksandrovkani egallagani haqida xabar qilgan — shu tariqa, Pokrovsk trassasiga qadar o‘rtada yana bir qishloq Vozdvijenka qolmoqda.

To‘g‘ri, bu maʼlumotni Ukraina qurolli kuchlarining ushbu yo‘nalishda mudofaalanayotgan 110-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi rad etggan. Bo‘linma bayonotida rossiyaliklar Novoaleksandrovka qishlog‘ining faqat bir qismini egallagani aytiladi.

«Dushman yorib kirgan aholi yashash manzilining bir qismi biz tomonimizdan olov nazorati ostida ushlab turilibdi. Bosqinchilarni u yerdan siqib chiqarish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Janglar davom etmoqda, vaziyat Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida».



Rossiyalik harbiylar Novoaleksandrovkadagi xarobalarda. Ushbu qishloqdan olti kilometr naridan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Pokrovsk – Konstantinovka trassasi o‘tadi.

DeepState tahlilchilari esa bu bayonotni ishonchsizlik bilan qarshi olishgan va frontning bu uchastkasidagi muammo 110-brigadaning muvaffaqiyatsiz harakatlari natijasi ekanini qayd etgan.

«Afsuski, 110-alohida mexanizatsiyalashgan brigada tomonidan hududiy mudofaa kuchlari „muvaffaqiyatli“ yuborilishi oqibatida dushman mudofaa kuchlarini qishloqdan siqib chiqardi. Hududiy mudofaa kuchlari rotatsiya uchun pozitsiyaga yuborilganida u yer allaqachon dushman qo‘liga o‘tgandi», — deyiladi tahliliy markaz xabarida.

Qayd etish kerakki, Rossiya aynan Pokrovsk yo‘nalishiga nisbatan yirik zarbdor guruhini jamlagan. Bu esa frontning mazkur uchastkasidagi ilgarilash Kreml uchun ustuvor vazifa ekanidan dalolat beradi.



26 iyun kuni Pokrovskka prezident Zelenskiy va harbiy qo‘mondonlik tashrif buyurdi

Frontning bu uchastkasiga 26 iyun kuni Volodimir Zelenskiy harbiy qo‘mondonlik bilan birga kelgandi. Prezident ofisi Zelenskiy Pokrovsk yo‘nalishida mudofaalanayotgan qo‘shinlar uchun ko‘proq pilotsiz uchish qurilmalari ajratish to‘g‘risida buyruq berganini maʼlum qilgan.

Vovchansk va boshqa yo‘nalishlar

Xarkiv oblastida Vovchansk va Lipsi atrofida Rossiya qo‘shini ancha vaqtdan buyon hujumni to‘xtatib, mudofaada o‘tiribdi. Ular ukrain kuchlarining qarshi hujumlarini qaytarishga majbur bo‘lmoqda, bunda birinchi navbatda havodan, boshqariluvchi avimbombalardan foydalanib zarbalar bermoqda.

Aynan Lipsi posyolkasida katta ehtimol bilan FAB-3000 rusumli qudratli bomba qo‘llanishining ilk holati qayd etilgan.

Bu uch tonnalik bomba Rossiya nashrlari ukrain harbiylarining joylashuv manzili sifatida ko‘rsatilgan mahalliy shifoxona binosiga jiddiy shikast yetkazgan.

Ammo umuman olganda, Xarkiv oblasti shimolidagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari foydasiga o‘zgargan. Bunga G‘arb o‘z qurollarini Rossiya chegarasidan 100 km ichkarigacha bo‘lgan hududlarda qo‘llashga ruxsat berishi evaziga erishildi. Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya armiyasining Belgorod va Kursk oblastlaridagi qo‘shinlari va shtablari joylashgan nuqtalar, o‘q-dori omborlari aniq nishonga olingani aks etgan kadrlar tarqala boshladi.

Endilikda Vladimir Putin ham Rossiya qo‘shinlari Xarkiv oblastining okkupatsiya qilingan hududlaridan ketishi mumkinligini istisno etmayapti. U 20 iyun kuni go‘yoki bu yo‘nalish Rossiya uchun umuman strategik ahamiyatga ega emasligini bildirdi.

«Bizga maʼlumki, yevropaliklar va amerikaliklar ukrainlarni har qanday qurbonlik evaziga bo‘lsa-da, bizning bo‘linmalarimizni chegara ortiga surib chiqarishga undamoqda va buni NATO sammiti, keyin AQSHdagi saylovlar arafasida 2024 yilgi yirik muvaffaqiyat sifatida ko‘rsatishni rejalashtirmoqda», — degan u.

Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlarini Xarkiv shimolidan chalg‘itish uchun rossiyaliklar Kupyansk va Borovaya atrofida faollashdi. BU ancha vaqtdan buyon Ukraina qo‘shini nazoratida qolayotgan Oskol daryosi sharqidagi hududlardir.

Rossiya armiyasining bu yerdagi maqsadi — avvaliga Kupyanskdan 7 km shimoli-sharqdagi Sinkivka qishlog‘i hududida mudofaani yorib o‘tish, shuningdek ukrain qo‘shinlarini okkupatsiya qilingan Svatove yaqinidan o‘tgan trassadan g‘arbroqqa surib tashlashdir. Amerika Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) rossiyaliklar bu hududda biroz oldinga siljiganini tasdiqlagan.

Liman yo‘nalishining janubiy qismida esa Ukraina mudofaa kuchlari muvaffaqiyatga erishmoqda. Xususan, ular Ternov va Serebryansk o‘rmonchiligi hududlaridagi pozitsiyalarni rossiyaliklardan qaytarib olgan.

Ukraina qo‘mondonligi Rossiya qismlari Chasiv Yar shahridan siqib chiqarilgani haqida xabar bergan. Ular bir necha hafta muqaddam shaharning sharqiy chekkasidagi kvartallarga kirishgandi.

«Ukraina himoyachilari chindan ham Rossiya kuchlarini Donesk oblasti Chasiv Yar shahridagi „Kanal“ mikrorayonidan surib chiqardi. Hozirda u yerda dushman armiyasi yo‘q», — degan “Ukrinform”ga “Hortitsa” qo‘shinlar guruhi spikeri Nazar Voloshin.

Chasiv Yar ostonasidagi janglar qariyb to‘rt oydan buyon davom etmoqda.

Seversk va Vuhledar bo‘rtiqlari

Harbiy harakatlar xaritasida chindan ham Ukraina qurolli kuchlari ushlab turgan va rossiyaliklar front chizig‘ini to‘g‘rilashiga yo‘l qo‘ymayotgan uchta katta bo‘rtiqni ko‘rish mumkin. Bular Toresk, Seversk va Vuhledar bo‘rtiqlaridir. Baʼzida ukrain qo‘shini aynan shu pozitsiyalardan turib Rossiya nazorat qilayotgan hududlar ichkarisi tomon yurish amaliyotlari boshlashi mumkinligini inobatga olgan holda ularni plasdarmlar deb ham atash mumkin.

Rossiya qo‘shini 19 iyun kuni Toresk tomon yurish boshladi, oy oxiriga kelib Seversk va Vuhledar atrofida hujumlar faollashdi.

Rossiya armiyasi Severskka janub va sharqdan hujum qilib borishga urinmoqda, chunki shahar shimoldan suv to‘sig‘i — Severskiy Dones daryosi bilan himoyalangan. Janubda ruslar Razdolovka qishlog‘iga kirgan va Severskdan 10 km masofadagi Viimkaga yaqinlashgan.

Vuhledar bo‘rtig‘ida esa bundan ham og‘irroq vaziyat yuzaga kelgan. 2023 yil qishida bu shaharga ro‘paradan hujum qilishga urinishlar Rossiya qo‘shinlarining muvaffaqiyatsizligi bilan yakunlangandi. Ukraina mudofaasi raqibning tanklardan iborat kolonnalarini yakson etgandi.



Ikki yarim yillik janglar davomida Vuhledar amalda to‘liq yakson bo‘lgan. Foto: UNIAN

Ammo endi Rossiya armiyasi ukrainlarning Vuhledardagi pozitsiyalarini orqa tomondan aylanib o‘tishga harakat qilmoqda.

Shu yil aprelida Novomixaylovka hududidagi mudofaa yorib o‘tilishi bunga imkon berdi. Rossiyaliklar Vuhledar-Konstantinovka trassasiga yaqinlashib kelmoqda va hozirda undan atigi 2 km masofada turibdi.

Logistik aloqaning yo‘qotilishi Ukrainaning frontning mazkur uchastkasidagi guruhi hayotini og‘irlashtiradi. Qolaversa, Rossiya qismlari Vuhledardan 5 km masofadagi, atrofida «Janubiy Donbass» shaxtalari terrikonlari joylashgan Vodyane posyolkasini egallashga harakat qilmoqda. Ushbu tepaliklar ustidan nazorat o‘rnatilishi mazkur uchastkada hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Agar Rossiya qo‘shini o‘z rejasini amalga oshira olsa va Ukraina qurolli kuchlarining Vuhledardagi garnizoni ortida paydo bo‘lsa, bu yerdagi pozitsiyalarni ushlab turish ukrainlar uchun imkonsiz ishga aylanadi.

Donbass janubidan ketish esa Ukrainaning Kreml uchun muhim bo‘lgan Qrim — Rostov oblasti quruqlik yo‘lagini kesib qo‘yish imkoniyatini kamaytiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi vaziyat. Rossiyaning Ukrainadagi yurishi to‘xtayaptimi?