13:40 / 02.07.2024
203

Vengriya bosh vaziri urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukrainaga keldi

Vengriya bosh vaziri urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukrainaga keldi
Arxiv foto: Reuters
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 2 iyul kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Kiyevga keldi. Bu haqda Vengriya hukumati rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Orban va Zelenskiy tinchlikka erishish imkoniyatlarini hamda Vengriya-Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlardagi dolzarb masalalarni muhokama qilish niyatida. Bu vengriyalik siyosatchining 2022 yil fevralida urush boshlanganidan beri Ukrainaga birinchi tashrifidir. Shu bilan birga, yaqinda Orban va Zelenskiy Bryusseldagi Yevroittifoq sammitida qisqa muzokaralar olib borgan. Vengriya Yevropa Ittifoqi kengashiga 1 iyuldan 2024 yil oxirigacha boshchilik qiladi.

Vengriya Ukrainaga yordam bermoqchi emas

Litva Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha qarorlarining 41 foizini blokirovka qilgan yoki shunday qilishda davom etmoqda. Shu tariqa, Budapesht hozirda Kiyevga Yevroittifoq jamg‘armasidan jami 6,6 milliard yevro miqdoridagi harbiy yordam ajratishdan bosh tortgan.

Orban Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga “rozi emas”ligini aytgan. U o‘zini Ukrainada tezroq tinchlikka erishish tarafdori deb biladi. O‘z pozitsiyasi doirasida siyosatchi bir necha bor Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berilishiga qarshi chiqqan va Moskvadan sanksiyalarni bekor qilish tarafdori bo‘lgan.

Ikki tomonlama munosabatlar

Ukraina va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar 2017 yilda Ukrainada ta’lim to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilingandan so‘ng yomonlashdi. Budapesht ma’lumotlariga ko‘ra, milliy ozchiliklar maktablarida boshlang‘ich maktabdan keyin o‘qitish tilini ukraina tiliga o‘zgartirish qoidasi Zakarpatiyadagi vengerlarning huquqlarini cheklaydi.

Dekabr oyida Zelenskiy Oliy Rada tomonidan qabul qilingan milliy ozchiliklarning til huquqlarini kengaytiruvchi qonun loyihasini imzoladi. Biroq Vengriya rasmiylari bu yetarli emas deb hisoblaydi.

Ushbu masalani hal etish Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyartoning 29 yanvar kuni Ukrainaga tashrifi doirasidagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. O‘shanda Siyarto va uning ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba shu maqsadda hukumatlararo maxsus komissiya tuzishga kelishib oldi.

Orbandan tashqari deyarli barcha Yevropa Ittifoqi yetakchilari Kiyevga 2022 yil 24 fevraldan keyin tashrif buyurgandi. Ammo u va Avstriya kansleri Karl Nexammer o‘shandan beri Putin bilan uchrashgan yagona Yevropa Ittifoqi yetakchilari bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vengriya bosh vaziri urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukrainaga keldi