17:56 / 04.07.2024
339

Sobiq amaldorlar Oq uyning xatosini ko‘rsatdi

Sobiq amaldorlar Oq uyning xatosini ko‘rsatdi
Prezident Jo Bayden ma’muriyatining Isroilni G‘azo sektoridagi urushda so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayotgani AQSH targ‘ib-tashviq etib kelayotgan qadriyatlarga zid bo‘libgina qolmay, milliy xavfsizlikka ham tahdid tug‘dirmoqda, deyiladi Oq uyning bu boradagi siyosatiga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan ishdan ketgan 12 nafar sobiq amaldorning maktubida.

Maktubga ko‘ra, Bayden ma’muriyatining Isroilni G‘azo sektorida shartlarsiz qo‘llab-quvvatlashi minglab falastinlik o‘ldirilishi va ochlikka mahkum etilishi kabi jinoyatlarga AQSHning ham sherik ekanini anglatadi.

Bu faqat axloqiy nuqtayi nazardan nomaqbul bo‘lib qolmay, xalqaro huquq va AQSH qonunlarining ham buzilishi sanaladi”, – deb ogohlantiradi sobiq mulozimlar.

Isroil armiyasi HAMAS hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 37953 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 87266 nafari jarohatlandi. G‘azo bo‘ylab qamal o‘rnatilishi oqibatida 2,4 million aholi ochlik va tashnalikka giriftor bo‘ldi.

Vashington Tel-Avivni insonparvarlik ko‘magi yetkazishga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, Isroil qamaldagi mintaqaga ko‘mak kirishiga g‘ov bo‘lib turibdi.

AQSH insonparvarlik ko‘magi yetkazishga to‘sqinlik qilayotgani uchun Isroilga tanbeh berish o‘rniga G‘azoga insonparvarlik ko‘magi yetkazuvchi eng yirik tuzilma – BMTning Falastin bo‘yicha agentligini moliyalashtirishni to‘xtatdi”, – deydi sobiq amaldorlar.

Ta’kidlanishicha, Oq uy Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagani holda Isroilning xatti-harakatlarini oqlayotgani AQSH qadriyatlariga bo‘lgan ishonchga raxna solmoqda.

Vashington an’anaviy ravishda Isroilni moliyaviy, harbiy va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. G‘azo sektorida davom etayotgan urushda ham Qo‘shma Shtatlar yahudiy davlatini yaqindan dastaklamoqda. Ammo G‘azoda o‘n minglab tinch aholi vakillari o‘ldirilishi ortidan Qo‘shma Shtatlarda Isroilni qo‘llab-quvvatlashni bas qilish talabi tobora balandroq ovozda yangramoqda.

Avvalroq AQSH davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Pol HAMASning Isroilga hujumini qoralagani holda, hozirgi vaziyatda yahudiy davlati tutayotgan siyosat va AQSH uni qo‘llab-quvvatlayotgani xato ekanini ta’kidlagan.

AQSHdagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders Isroil G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi sababli dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida obro‘sini yo‘qotmoqda deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra u prezident Baydendan Isroil rahbariyatiga tinch aholi vakillarini o‘ldirmaslik borasida shart qo‘yishni talab qilgan.

Shunday vaziyatda Isroil G‘azodagi urush yuzasidan AQSH jamoatchiligining xayrixohligini kuchaytirish maqsadida yashirin propaganda kampaniyasi o‘tkazayotgani o‘rtaga chiqdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sobiq amaldorlar Oq uyning xatosini ko‘rsatdi