18:07 / 08.07.2024
701

Rossiya Kiyev bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi (foto)

Rossiya Kiyev bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi (foto)
«Oxmatdet» bolalar shifoxonasida Rossiya raketa zarbasidan keyin bemorlarni ko‘tarib o‘tirgan ayollar
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

8 iyul tongida Rossiya qo‘shini Kiyev hamda Ukrainaning boshqa shaharlari bo‘ylab yopirilma raketa zarbasi yo‘lladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyevda 17 kishi halok bo‘lib, 41 kishi jarohatlangan, deb xabar qildi Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko.

Kiyevda havo hujumidan mudofaa vositalari ishlagan, deya xabar beradi shahar harbiy ma’muriyati. Ma’muriyat ma’lumotiga ko‘ra, urib tushirilgan raketa parchalari Solomenskiy, Dniprovskiy, Darnitskiy, Svyatoshinskiy, Desnyanskiy, Shevchenkovo va Goloseyevskiy rayonlariga tushgan.

Shahar harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, Solomenskiy rayonida ofislar binosi hujumga uchragan, ko‘p qavatli binoning ikki qavati shikastlangan, 1500 kvadrat metr maydonda vayrongarchiliklar qayd etilgan. Bu yerda yetti kishi halok bo‘lgan. Rasmiylar Goloseyevskiy rayonida parchalar turar joy atrofiga tushib, garajga zarar yetkazgani, avtomobillar yonib ketgani, Dneprovskiyrayonida qurilayotgan binoda yong‘in chiqqani, Darnitskiyda xususiy uy zarbaga uchragani, Desnyanskiyda — uylardan biri yonib ketgani, Svyatoshinskiy rayonida turar joy binosi atrofida va korxonalardan birida yong‘in chiqqani haqida xabar berishgan.

Kiyev, 2024 yil 8 iyul
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA


Kiyevdagi turar joy binolaridan biri raketa zarbasidan keyin, 2024 yil 8 iyul
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA


Tibbiyot xodimlari Kiyevdagi raketa zarbasidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatmoqda, 2024 yil 8 iyul
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA

Kiyevning Shevchenkovo rayonida ko‘p kvartirali turar joy shikastlangan, deb xabar bergan shahar rahbari Vitaliy Klichko. Bir necha pod’ezd shikastlangan, ulardan biri to‘liq qulab tushgan. Uyda yashovchilar evakuatsiya qilingan.

Kiyevda raketa zarbasi oqibatida Goloseyevskiy va Shevchenkovo rayonlarida uchta transformator nimstansiyalari, shuningdek elektr tarmoqlari to‘liq vayron bo‘lgan yoki shikastlangan, deb xabar beradi DTEK energetika kompaniyasi. «Energetiklar joyida ishlamoqda. Uylarning ko‘pchiligiga yaqin vaqtlar ichida zaxira manbalari hisobiga elektr yetkazib beriladi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Rossiyaning TASS agentligi guvohlarga tayangan holda Kiyevning Julyani aeroporti hududida ham portlash ovozlari eshitilgani va «Artyom» harbiy zavodi zarba ostida qolgani haqida xabar bergan. RF mudofaa vazirligi hozircha bunga munosabat bildirmadi.

Vitaliy Klichko raketalardan biri Shevchenkovo rayonidagi bolalar shifoxonasi binosiga kelib urilganini ma’lum qildi. «Oxmatdet» bolalar shifoxonasi bo‘limlaridan biri shikastlangan (shifoxona oldin ham zarbaga uchragandi). «Oxmatdet»da ikkita jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotgan bo‘lgan bo‘lim vayron bo‘lgan.

Ukraina sog‘liqni saqlash vaziri Viktor Lyashko «Oxmatdet»da qurbonlar borligini xabar qilgan. Ukraina FVDX ma’lumotiga ko‘ra, «Oxmatdet»ga zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, raketa onkologik kasallikka chalingan bolalar dializ olayotgan korpusga kelib tushgan. Jonlantirish, jarrohlik va onkologiya bo‘limlari shikastlangan. Binoda xarobalarni tozalash ishlari olib borilmoqda.

Rossiya raketasi kelib urilgan binodagi bemorlar shahardagi boshqa tibbiyot muassasalariga evakuatsiya qilinmoqda. Besh nafar bola qayta yotqizish uchun olib ketilgan, deya xabar bergan shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko.

«Oxmatdet»da xarobalarni tozalash ishlari
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA


Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina prezidenti ofisi rahbarining kommunikatsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Darya Zarivna Kiyevdagi shifoxona o‘qqa tutilishi oqibatida jabrlangan bolalardan biri aks etgan fotosuratni e’lon qilgan.

Kiyevdagi shifoxonaga zarba berilishi oqibatida jarohatlanganlardan biri
RF qo‘shini bolalar shifoxonasiga «maqsadli» zarba berdi, degan Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak. «Bu zarba tinch aholi ustiga yo‘llandi, infratuzilmalar bo‘ylab zarba berildi, butun dunyo bugungi terror oqibatlarini ko‘rishi, bunga faqat kuch bilan javob qilinishi kerak», — degan Yermak.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shifoxona xarobalari ostida odamlar qolib ketgani, hozircha qurbonlar va yaralanganlarning aniq soni ma’lum emasligini aytgan. «Hozirda barcha xarobalarni tozalashga yordam bermoqda: shifokorlar, oddiy odamlar», — degan Ukraina prezidenti.

Rossiya o‘z raketalari qayerga uchayotganini bilmasligi mumkin emas va o‘zining barcha jinoyatlari uchun to‘liq javob berishi kerak: odamlarga qarshi, bolalarga qarshi, umuman butun insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun. Hozirda har bir kishi Rossiya qanaqaligi va u nimalar qilayotganini ko‘rishi uchun dunyo bu haqda jim turmasligi juda muhim.

Ukrainaning boshqa shaharlari ham zarba ostida qolgan. Dnipropetrovsk oblastining Dnipro va Kriviy Rih, Xerson oblastining Skadovsk, Donetsk oblastining Kramatorsk shaharlari shular jumlasidan. Ukrain nashrlari Kramatorskda Novokramatorsk mashinsozlik zavodi o‘qqa tutilgani haqida yozgan.

Kriviy Rihda yopirilma zarbalar oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, 31 kishi jarohatlangan, deb xabar beradi Kriviy Rih mudofaa kengashi rahbari Oleksandr Vilkul. «Bir necha zarba kelib tushdi. Jumladan — sanoat korxonasining ma’muriy binosiga. Oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda», — deya xabar qilgan u.

Dnipro o‘qqa tutilishi oqibatida ko‘p qavatli uy, korxona va texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi shikastlangan, deb xabar bergan Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak. Uning so‘zlariga ko‘ra yaralanganlar bor. Ularning soniga aniqlik kiritilmagan.

Donetsk oblasti Pokrovsk shahrida uch kishi halok bo‘ldi, deya xabar qilgan region harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, yopirilma raketa hujumi vaqtida shahardagi korxonalardan biriga zarba kelib tushgan. «Aynan uning hududida uch kishi halok bo‘lgan», — deya xabar qiladi Filashkin. U Donetsk oblastidagi boshqa obshinalar ham hujumga uchragani, hozircha bu hududlardagi talafot haqida ma’lumotlar kelib tushmaganini qo‘shimcha qilgan.

Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab 40 dan ortiq raketa uchirgan, deya aniqlik kiritadi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. «Rossiyalik terrorchilar yana Ukrainaga raketalar zarbasi yo‘lladi. Turli shaharlarda: Kiyev, Dnipro, Kriviy Rih, Slovyansk, Kramatorsk. Turli tipdagi 40 dan ortiq raketa bilan. Turar joylar, infratuzilmalar va bolalar shifoxonasi shikastlangan. Imkon qadar ko‘proq odamni qutqarib qolish uchun barcha xizmatlar harakatga keltirilgan. Va butun dunyo Rossiya zarbalariga nihoyat barham berish uchun bor kuchini ishga solishi lozim. Qotillik — bu Putin keltiradigan narsa. Biz faqat birgalikda haqiqiy tinchlik va xavfsizlik keltirishimiz mumkin», — degan Zelenskiy.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Kiyev bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi (foto)
ePN