14:20 / 16.07.2024
93

Zelenskiy: Rossiya keyingi tinchlik sammitida qatnashishi kerak

Zelenskiy: Rossiya keyingi tinchlik sammitida qatnashishi kerak
Foto: SERGEI SUPINSKY/AFP/Scanpix
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 15 iyul, dushanba kuni Kiyevdagi matbuot anjumanida Rossiya vakillari Ukraina bo‘yicha ikkinchi tinchlik sammitida ishtirok etishi kerakligini aytdi. «Suspilne» nashri iqtibos keltirgan davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi tinchlik konferensiyasi rejasi noyabrgacha ishlab chiqilishi kerak. Shu maqsadda uchta uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan: Shveysariyadagi so‘nggi sammitda muhokama qilingan Ukraina «tinchlik formulasi»ning har bir bandi bo‘yicha.

Ulardan birinchisi, energiya xavfsizligi bo‘yicha, Qatarda iyul oyining oxiri yoki avgust oyining boshida bo‘lib o‘tadi. Keyin avgust oyida Turkiyada yuk tashish va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkaziladi. Nihoyat, sentyabr oyida Kanadada yakuniy yig‘ilish tashkillashtiriladi, unda mahbuslarni almashish va deportatsiya qilinganlarni, jumladan, bolalarni Ukrainaga qaytarish masalalari muhokama qilinadi. «Mana shu uch nuqtadan so‘ng, agar ular ishlasa, barcha bandlarni amalga oshirishning to‘liq rejasi tayyor bo‘ladi», — dedi Zelenskiy.

Kiyev AQSHdagi saylovlar oldidan tinchlik sammiti o‘tkazmoqchi

10 iyul kuni Bloomberg manbalariga tayanib, Ukraina AQSHda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan Rossiya bilan harbiy mojaroni adolatli, tinch yo‘l bilan hal etishga erishish uchun navbatdagi konferensiya tashkil etishga va unga Rossiya delegatsiyasini taklif qilishga intilayotganini yozdi. Bu niyat, matnda aytilishicha, «Donald Trampning Oq uyga qaytishi istiqboli» bilan bog‘liq, u saylovda g‘alaba qozonsa rasman lavozimga kirishishidan oldin ham «Ukrainadagi urushni to‘xtatishi» bilan maqtangan.

Rossiya Ukraina sammitida ishtirok etish niyatida emas

«Rossiya Ukraina tinchlik sammitlari kabi tadbirlarda ishtirok etish niyatida emas», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin 11 iyul kuni RIA «Novosti» agentligiga. U buni potensial uchrashuvning mazmuni «juda aniq»ligi, u Ukraina tinchlik formulasini «o‘tkazishga harakat qilishi» va boshqa tashabbuslarni «e’tiborsiz qoldirishi» bilan izohladi.

Shu yilning iyun oyida Shveysariyada bo‘lib o‘tgan birinchi tinchlik sammitiga 90 dan ortiq davlat vakillari keldi. Rossiya taklif etilmadi, bir qancha davlatlar quyi darajadagi delegatsiyalarni yubordi va Kiyevning global janubdagi muhim davlatlarni o‘z tomoniga og‘dirishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, chunki ba’zilari yakuniy bayonotni imzolashdan bosh tortdi, deya baholaydi Bloomberg sammit natijalarini.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy: Rossiya keyingi tinchlik sammitida qatnashishi kerak