10:26 / 25.07.2024
76

Ekofaollar Kyoln/Bonn aeroporti ishini to‘xtatib qo‘ydi

Ekofaollar Kyoln/Bonn aeroporti ishini to‘xtatib qo‘ydi
Foto: 123RF
24 iyul, chorshanba kuni «So‘nggi avlod» guruhining radikal ekologik faollari Kyoln/Bonn aeroporti ishini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, soat 6.00 atrofida 20 dan 55 yoshgacha bo‘lgan uch erkak va ikki ayol panjaradan o‘tib aeroportga kirgan, uchish-qo‘nish yo‘lagidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda asfaltga yotib olgan. Taxminan soat 9.00 da aksiya to‘xtatildi. Bir necha soatdan so‘ng xavfsizlik zonasida begonalar yo‘qligi ayon bo‘lgach, parvozlar qayta tiklandi.

Aeroport yopilishi tufayli o‘nlab reyslar bekor qilindi yoki kechiktirildi, minglab yo‘lovchilar, jumladan, bolali oilalar ta’til va maktab ta’tillari vaqtida ko‘p soat davomida terminal binosida qolib ketishdi.

Faollar dastlab politsiya tomonidan qo‘lga olingan, biroq ularning shaxsiy ma’lumotlari yozib olingandan keyin qo‘yib yuborilgan. Voqea Kyoln politsiyasi tomonidan tekshirilmoqda. Besh gumonlanuvchi havo qatnoviga xavfli aralashish, yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunni buzish va ruxsatsiz xususiy mulkka kirishda ayblanmoqda.

«So‘nggi avlod» aeroportdagi aksiya uchun mas’ul ekanini ma’lum qildi va Germaniya hukumatini 2030 yilgacha barcha qazib olinadigan yonilg‘i - neft, gaz va ko‘mirdan bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha qonuniy majburiy xalqaro shartnoma ishlab chiqishga chaqirdi.

Germaniya aviatsiya xavfsizligi qonunini kuchaytirishni rejalashtirmoqda

Germaniya transport vaziri Folker Vissing atrof-muhit faollarining so‘nggi harakatini keskin qoraladi. «Aeroportlarga zo‘rlik bilan bostirib kirgan, uchish-qo‘nish yo‘laklari va samolyotlarni to‘sib qo‘ygan har qanday odam odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yadi», dedi u Funke media-guruhiga bergan intervyusida. Vissingning so‘zlariga ko‘ra, Bundestag Aviatsiya xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunni imkon qadar tezroq qabul qilishi kerak. Unda aeroport faoliyatiga xalaqit bergan qoidabuzarlarga besh yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Xuddi shunday pozitsiyani Germaniya aeroportlari assotsiatsiyasi - ADV ham bildirgan va u «atrof-muhit faollarining jinoiy bosqinini» keskin qoralagan. «Bunday xatti-harakatlar jiddiy jinoiy oqibatlarga olib kelishi kerak», deb tushuntirdi ADV biznes menejeri Ralf Beyzel. Uning so‘zlariga ko‘ra, assotsiatsiya «Aviatsiya xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunning qat’iylashtirilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shimoliy Reyn-Vestfaliya ichki ishlar vaziri Xerbert Royl ham keskin tanqid bilan chiqdi. «Bu odamlar qilayotgan ishning norozilik va fikr bildirish bilan aloqasi yo‘q. Bular bir vaqtning o‘zida bir nechta jinoiy huquqbuzarliklardir», dedi u Rheinische Post gazetasiga bergan intervyusida.

Yevropada radikal ekologik faollarning harakatlari

Xuddi shunday aksiyalar 24 iyul kuni boshqa mamlakatlar aeroportlarida ham bo‘lib o‘tdi. Londonning Xitrou aeroportida «Neftni to‘xtating» guruhining 9 nafar faoli hibsga olindi. Norvegiyada 12 nafar faol Oslo aeroportini to‘sib qo‘ydi. Shunga o‘xshash hodisalar Ispaniya va Finlandiyada ham qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ekofaollar Kyoln/Bonn aeroporti ishini to‘xtatib qo‘ydi