23:11 / 29.07.2024
52

2024 yilgi AQSH saylovlari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarga qanday ta’sir qiladi?

2024 yilgi AQSH saylovlari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarga qanday ta’sir qiladi?
Foto: “Daryo”
AQSHning amaldagi rahbari Jo Bayden 2024 yilgi prezidentlik poygasidan chiqishini aytdi. Bunga prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan debatdan so‘ng Bayden saylovda g‘alaba qozonishiga oid shubhalar ortishi ham sabab bo‘ldi.

Bayden saylovda nomzodini qo‘ymasligini aytgach vitse-prezident Kamala Harrisni Demokratik partiyadan nomzod sifatida ma’qulladi. Hozirda Harris Demokratik va Respublikachi partiyalari o‘rtasidagi farqdan foydalanib, o‘z nomzodi ustida faol kampaniya olib bormoqda. Mavjud xavotirlarga qaramay, ko‘plab demokratlar Harrisni Baydenning siyosiy merosi davomchisi, reproduktiv huquqlar va iqtisodiy tengsizlik kabi asosiy muammolarni hal qila oladigan qobiliyatli lider sifatida qo‘llab-quvvatladi.

AQSHdagi siyosiy kelishmovchiliklar Markaziy Osiyo bilan tashqi siyosatga ta’sir qilmay qolmaydi. E’tiborli farq shundaki, Tramp davrida AQSHning mintaqa uchun yangi strategiyasi umumiy bo‘lsa, Bayden davrida har bir davlat uchun individual strategiyalar ishlab chiqildi. Bundan tashqari, amaldagi prezident tasarrufida nodir tuproq metallari va mintaqaviy integratsiya sohasida hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Tramp boshchiligida esa terrorizmga qarshi kurash, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi aloqalar kun mavzusi bo‘lib xizmat qildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, saylovlarda qaysi partiya g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, AQSHning Markaziy Osiyo bilan siyosiy aloqalari turg‘un va o‘zgarmas bo‘lib qolishi kutilmoqda. Chunki Tramp va Baydenning Markaziy Osiyodagi strategiyalarini tahlil qilar ekanmiz, bir strategiyaning bosh tashabbuslari ikkinchisining yangi tashabbuslariga muammosiz o‘tib ketganini kuzatish mumkin. Saylovlarda Harris yoki Tramp g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, ularning Markaziy Osiyo bilan tashqi siyosatini belgilovchi omillar AQSHning Rossiya, Xitoy va Eron bilan munosabatlari, shuningdek, nodir metallarni qazib olish imkoniyatini qo‘lga kiritish kabi boshqa global tendensiyalar bo‘lishi mumkin.

Xavfsizlik nuqtayi nazaridan, Markaziy Osiyo davlatlari tobora ko‘proq AQSH e’tiborida qolsa ham, AQSH mintaqada Xitoy, Rossiya va Yevropa Ittifoqiga qaraganda kamroq ta’sirga ega. 2000 yildan boshlab AQSH strategiyasida Sharqiy Bolqon mamlakatlariga nisbatan Markaziy Osiyo ko‘proq ta’kidlab o‘tiladi. Bir qarashda respublikachilar va demokratlarning Markaziy Osiyo bilan siyosiy strategiyalarida farq yo‘qdek tuyuladi. Ammo so‘nggi paytlarda Tramp va Bayden strategiyalaridagi turlicha yondashuvlar buning aksini ko‘rsatishi mumkin.

Bundan tashqari, amerikalik senator Stiv Deyns AQSHning Markaziy Osiyodagi ittifoqchilari bilan munosabatlarini mustahkamlash, savdo va sarmoyani kengaytirish, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni o‘z oldiga maqsad qilib olgan Markaziy Osiyo komissiyasi tuzilganini e’lon qildi. Senator Gari Piters bilan hamkorlikda tashkil etilgan komissiya avvalo Rossiya, Xitoy va Eron ta’sirida kelib chiqqan muammolarni hal etishga kirishadi. Savdo munosabatlarini yaxshilash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, odam savdosi va migratsiya muammolarini hal qilish, milliy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish komissiyaning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Ustuvorliklar: Trampdan AQSHning Markaziy Osiyo bilan siyosatini solishtirish

So‘nggi paytlarda AQSH Markaziy Osiyo mamlakatlariga bilan siyosatini asta-sekin qayta ko‘rib chiqayotgan yoki mavjud ustuvorliklarini o‘zgartirgandek ko‘rinadi. Qozog‘istonlik siyosatshunos Andrey Chebotarevning qayd etishicha, Tramp prezidentligi davrida AQSHning 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi qabul qilingan. Chebotarevning qo‘shimcha qilishicha, Jo Bayden va uning jamoasi Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida yaqin aloqalarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan bu strategiyani yaroqsiz deb topib, 2021 yilda sobiq Afg‘oniston hukumatiga yordam berishdan bosh tortgan. Bu esa o‘z navbatida, saylov kurashidagi keskin o‘zgarishlar fonida AQSH-Markaziy Osiyo munosabatlari haqida fikr yuritishga undadi.

Shunga qaramay, Tramp va Bayden tomonidan amalga oshirilgan siyosatlarni solishtirish ba’zi davomiylik borligini ko‘rsatdi. AQSH milliy xavfsizlik strategiyalaridagi Markaziy Osiyo qismi shuni ko‘rsatadiki, Obama siyosatida mintaqa biron marta tilgan olinmagan, Tramp va Bayden davrida qiziqish boshlangan. AQSHning Markaziy Osiyoga har doim ham qiziqishi ortib bormaganini va o‘tmishda hech bir AQSH yetakchisi mintaqaga tashrif buyurmaganini inobatga olsak, har ikki yetakchi ham mintaqada yangi siyosiy aloqalarni boshlaganini taxmin qilish qiyin emas. Tramp ma’muriyati tomonidan qabul qilingan Markaziy Osiyo strategiyasi esa bunga misol bo‘la oladi.

Bayden va Tramp tashqi siyosatida o‘xshash yondashuvlar

Bayden ma’muriyatining Markaziy Osiyoga bilan siyosati Tramp boshchiligida ilgari surilgan strategiyadan farq qilishiga qaramay, ikkisi ham ayni elementlarga asoslanadi.

Tramp ma’muriyatining 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo strategiyasi mintaqa davlatlarining suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan. Bunga iqtisodiy va energetik mustaqillikka ko‘maklashish, demokratik institutlar va qonun ustuvorligini ta’minlash kiradi. Strategiyada AQSHning iqtisodiy, energetika, harbiy, demokratik va boshqaruv masalalarida izchil ishtirok etishi, hamda mamlakatlarning izchil hamkorlikda faoliyat yuritishida ko‘maklashuvga urg‘u berilgan. Bayden ham suverenitet va mustaqillikni qo‘llab-quvvatlagan, ammo C5+1 formati va prezidentning bevosita ishtiroki orqali yuqori darajadagi diplomatik aloqalarga ham alohida ahamiyat beradi. Strategiya barqarorlik va o‘ziga ishonchni ta’minlash maqsadida mintaqa rahbarlari bilan hamkorlikda harakat qilishni ta’kidlaydi.

Terrorizmga qarshi kurash

Tramp siyosati ekstremistik mafkuralarga qarshi chidamlilikni kuchaytirish, ikki tomonlama harbiy va siyosiy sheriklik orqali mintaqaning terrorchilik tashkilotlari boshpanasiga aylanishining oldini olishni maqsad qilgan. Bayden siyosati terrorizmga qarshi kurashga e’tibor qaratish bilan birga, bu harakatlar inson huquqlarini buzmasligini ta’minlaydi. Strategiya xavfsizlik va fuqarolik erkinligi muvozanatini ta’minlashga intilib, ziddiyatli hududlardan aholining repatriatsiyasi va reintegratsiyasini ma’qullaydi.

Afg‘onistonda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash nuqtayi nazaridan

Trampning strategiyasi Markaziy Osiyo davlatlarini Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, CASA-1000 va Lapis Lazuli yo‘lagi kabi mintaqaviy integratsiya loyihalarini ilgari surishda faol rol o‘ynashga undadi. Bayden siyosati buni davom ettirish bilan birga Afg‘onistonning iqtisodiy va xavfsizlik tizimlariga integratsiyalash, Markaziy Osiyo davlatlarini Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga undash, tinch muhitni yaratish jarayoniga alohida urg‘u beradi.

Ikkala strategiyada qonun va inson huquqlari ustuvorligi targ‘ib qilishga alohida ahamiyat qaratilgan, ammo Bayden siyosati ijtimoiy muammolarni hal qilishda gender zo‘ravonlikning oldini olish va jamiyat bilan hamkorlikka qo‘shimcha e’tibor qaratdi. Buning uchun fuqarolik jamiyati tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, boshqaruv islohotlarining inklyuziv va shaffofligini ta’minlash asos bo‘lib xizmat qildi.

Iqtisodiy rivojlanish va AQSH investitsiyalari Tramp strategiyasining asosiy jihatlari bo‘lib, ta’lim sohasidagi islohotlar va texnik tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlash orqali xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan. Bayden siyosati AQSHning xususiy sektor investitsiyalarini faol rag‘batlantirish va mintaqaviy iqtisodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy barqarorlik uchun qo‘shimcha moliyalashtirish va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish uchun “Markaziy Osiyo Yo‘li” kabi savdo yo‘llariga e’tibor qaratdi.

Mintaqaviy aloqalar

Ikkala strategiya ham Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida turli tarmoqlar bo‘yicha yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi. Mintaqaviy aloqa va iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish uchun infratuzilma loyihalari hamda savdo tashabbuslari ishlab chiqildi. Bayden ma’muriyati bularni yuqori darajadagi diplomatik aloqalar va hamkorlikdagi iqtisodiy tashabbuslarga ko‘proq e’tibor qaratgan holda davom ettirmoqda.

C5+1 diplomatik platformasi ikkala strategiyada ham hal qiluvchi element bo‘lib, Tramp ma’muriyati undan umumiy xavfsizlik muammolarini hal qilish va mintaqaviy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanadi. Bayden ma’muriyati prezidentni C5+1 uchrashuvlariga jalb qilish orqali ushbu platformani kengaytiradi, bu esa yanada chuqur sheriklik va sodiqlik aloqalarini anglatadi.

Chegara xavfsizligiga sarmoya kiritish ikkalasi uchun ham ustuvor vazifa bo‘lib kelgan, biroq Bayden ushbu choralar inson huquqlari va fuqarolik erkinliklariga putur yetkazmasligiga qo‘shimcha e’tibor qaratadi. Uning siyosati xavfsizlik sarmoyalarini inson huquqlari bilan muvozanatlashga intiladi.

Umuman olganda, Baydenning Markaziy Osiyodagi siyosati Tramp boshchiligida qo‘yilgan poydevorlarga asoslanadi, ammo hamkorlarni muzokaralarga jalb etish va urg‘u berilgan muammolar sezilarli darajada farq qiladi. Yuqori darajadagi faollik, xavfsizlik va inson huquqlariga mutanosib yondashish, iqtisodiy tashabbuslar va savdoga ko‘proq e’tibor qaratish, boshqaruv va fuqarolik jamiyatini doimiy qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy rivojlanish va inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash Baydenning Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni ta’minlash, shu bilan birga AQSH manfaatlarini ilgari surish va barqarorlikni saqlashga qaratilgan kompleks yondashuvni tavsiflaydi.

AQSHning Markaziy Osiyo bilan kelajakdagi aloqalari

AQSHda 2024 yilgi saylovlar yaqinlashar ekan, potensial natijalar mamlakatning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini sezilarli darajada o‘zgartirib yuborishi mumkin. Vitse-prezident Kamala Harris prezident Bayden siyosatini davom ettirish uchun saylovoldi kampaniyasi olib borayotgan bir vaqtda, Donald Tramp o‘zining avvalgi strategiyalariga qaytishini ma’qullamoqda. Natijada AQSH-Markaziy Osiyo munosabatlarining kelajakdagi yo‘nalishini aniqlab olish muhimligicha qolmoqda.

Harrisning potensial siyosati:

Agar Kamala Harris prezidentlikka loyiq deb topilsa, hozirgi strategiyalar saqlanib qolishi va hatto kuchaytirilishi mumkin. Harris siyosati, ehtimol, yuqori darajadagi diplomatik aloqalarga, xususan, C5 + 1 kabi platformalar orqali o‘zaro hamkorlikka tayanadi. Inson huquqlari, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy aloqalarni ustun pog‘ona qo‘ygan Harris, nodir tuproq metallari va integratsiya tashabbuslari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishni davom ettiradi va xavfsizlik choralari fuqarolar erkinligini cheklamasligini ta’minlaydi. Uning ma’muriyati mintaqaviy sheriklik orqali Afg‘oniston barqarorligini uchun yordam ko‘rsatishda, shu bilan birga Markaziy Osiyoda iqtisodiy barqarorlik va xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirishda davom etishi mumkin.

Markaziy Osiyo, Kavkaz va Xitoy bo‘yicha ixtisoslashgan jurnalist, geosiyosiy va inson huquqlari bo‘yicha tahlilchi Endryu Gundal ta’kidlaganidek, Kamala Harrisning to‘rt yil avval prezidentlikka nomzod bo‘la olmaganiga asosiy sabab, tashqi siyosatdagi tajribasizlik edi. Shu bois, uning tashqi siyosatda so‘nggi to‘rt yil ichida tajriba to‘plaganini hisobga olsak, agar u saylansa, xuddi Bayden strategiyasining davom etishini taxmin qilish mumkin. Gundalning ta’kidlashicha boshqa taxmin ham mavjud. Boshqa o‘yinchilar va mojarolar uning e’tiborini chalg‘itishi tufayli Harris mintaqani butunlay e’tiborsiz qoldirishi ham ehtimoldan holi emas.

Trampning potensial siyosati:

Boshqa tomondan, Trampning g‘alabasi Baydendan avvalgi siyosatni qaytaradi. Bu terrorizmga qarshi kurash va Afg‘oniston bilan yaqin munosabatlarni qayta tiklash bilan namoyon bo‘ladi. Trampning yondashuvi ekstremistik tahdidlarga qarshi kurashda kuchli, ikki tomonlama harbiy va fuqarolik hamkorlikni ta’kidlaydi. Uning siyosati suverenitet va mustaqillikni qo‘llab-quvvatlagan holda, inson huquqlariga bo‘lgan e’tiborni yanada kamaytirishi mumkin. Tramp siyosati savdo munosabatlari va mintaqaviy barqarorlikka potensial ta’sir ko‘rsatadigan agressiv iqtisodiy pozitsiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ushbu farqlarga qaramay, umumiy tendensiya AQSHning Markaziy Osiyodagi strategik manfaatlar, global geosiyosiy dinamika asosidagi hamkorligi davom etayotganidan dalolat beradi. AQSH strategiyalarida mintaqaga e’tibor ortib borayotgani ta’kidlanadi. Demokratik institutlar va inson huquqlarini rag‘batlantirish yoki pragmatik xavfsizlik va iqtisodiy choralar bilan AQSH siyosati o‘zgaruvchan muhitga moslashishda davom etadi.

Xulosa: AQSH va Markaziy Osiyoning o‘zaro manfaat faktorlari

Yaqinlashib kelayotgan saylovlar arafasida AQSH Markaziy Osiyoda o‘zining tashqi siyosatini yuritar ekan, suverenitet, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish kabi asosiy yondashuvlar saqlanib qolishi kutilmoqda. Bular Harris yoki Tramp strategiyasida farq qilishi mumkin, ammo Markaziy Osiyoning AQSH tashqi siyosatidagi strategik ahamiyati davom etaveradi. Mintaqaning global geosiyosatdagi, xususan, Rossiya, Xitoy va Eronga nisbatan tutgan o‘rni AQSHning oldinga siljishidagi harakatlari va strategiyalarini shakllantirishda hal qiluvchi omil bo‘ladi. Yana bir omil — Markaziy Osiyo davlatlarining strategik resurslariga Xitoyning qiziqishi ortib borayotgani bois AQSH nodir metallarini qazib olish yoki qidirishga kirishish uchun turli innovatsion yechimlarni ilgari surmoqda. Masalan, Qozog‘istonning Tau-Ken Samruk kompaniyasi AQSH Davlat departamenti va Milliy geologiya xizmati (UGQ) bilan hamkorlikda Qizilo‘rda va Sharqiy Qozog‘iston viloyatlarida istiqbolli hududlarni o‘rganadi.

Muallif: Eldaniz Gusseinov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 2024 yilgi AQSH saylovlari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarga qanday ta’sir qiladi?