18:22 / 06.08.2024
434

Qirg‘izistonda Salim Abduvaliyev qidiruvga berildi

Qirg‘izistonda Salim Abduvaliyev qidiruvga berildi
Foto: “24.kg”
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Salim Abduvaliyevni (“Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan) qidiruvga berdi. Bu haqda “24.kg” nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, so‘nggi olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida o‘zbekistonlik yirik tadbirkorlardan biri Salim Abduvaliyevning qirg‘izistonlik jinoiy uyushma rahbari Qamchibek Asanbek (Qamchibek Ko‘lboyev) bilan sherik ekanligi aniqlangan. Ko‘lboyev “Birodarlar davrasi” xalqaro jinoiy guruhini tashkil etib, qonunda taqiqlangan faoliyat bilan shug‘ullangan.

Salim Abduvaliyevga qo‘yilayotgan asosiy ayblov jinoiy guruhni moliyalashtirish holati bilan bog‘liq. Qirg‘iziston rasmiylari Qamchibek Ko‘lboyevga Abduvaliyevdan doimiy ravishda mablag‘lar kelib turganini xabar qilgan. Ushbu xabarlarga aniqlik kiritish uchun o‘zbekistonlik tadbirkorga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Qirg‘iziston tomoni xabar berishicha, Salimboy Abduvaliyev O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoiy tuzilmalarga rahbarlik qilgan, shuningdek, MDH davlatlarida bevosita ta’sirga ega bo‘lgan holda giyohvandlik vositalarini Yevropa davlatlariga olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy kanallar tashkil etgan. Shu voqealar ortidan Abduvaliyev va Ko‘lboyevlar hamkorlik o‘rnatib birga ishlagan. Shu bilan birga, Abduvaliyev Qamchi Ko‘lboyevga muntazam ravishda moddiy yordam ko‘rsatib kelgan, uning mintaqadagi nufuzli kriminal avtoritetlar qatorida Qirg‘iziston, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari jinoyat olamining yetakchisi bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan.

Qamchibek Asanbek va Salimboy Abduvaliyev yaqin do‘stlik munosabatida bo‘lgan. Bunga Ko‘lboyevning o‘zbek kriminal olami boshlig‘i tomonidan uyushtirilgan bayram va boshqa tadbirlarga bir necha bor tashrif buyurgani isbot sifatida keltirilgan.

To‘plangan materiallar asosida Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi qarori bilan Salimboy Abduvaliyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi sirtdan ehtiyot chorasi tanlanib, davlatlararo qidiruvga berilgan. Interpolga bu borada murojaatnoma yuborilgan.

Bundan ancha avval Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev parlament yig‘ilishida sobiq deputat Emil Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik kriminal avtoritet Abduvaliyevdan yordam so‘ragani va unga maktub yo‘llagani haqida ma’lum qilgan edi. Keyinchalik deputat ikki mamlakat chegarasida hibsga olingan.

Ma’lumot o‘rnida, 1950 yilda tug‘ilgan Abduvaliyev Salim Kirgizbayevich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-modda 1-qismi (o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash) ayblovida gumonlanib hibsga olingan edi. Mart oyi oxirida chiqarilgan hukm Abduvaliyev uchun 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi uchun asos bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘izistonda Salim Abduvaliyev qidiruvga berildi