09:24 / 07.08.2024
246

Avstraliyada «qahramon» ota timsoh hujumi oqibatida halok bo‘ldi

Avstraliyada «qahramon» ota timsoh hujumi oqibatida halok bo‘ldi
Foto: GoFundMe
Avstraliyaning Kvinslend shtatida uch nafar bolaning otasi bo‘lgan shifokor so‘qmoq yo‘li qulashi natijasida suvga tushib ketib, timsoh hujumi qurboniga aylandi.

Qayd etilishicha, shifokor Deyv Xogbin rafiqasi va uch nafar farzandi bilan Kvinslendda hordiq chiqarayotganida, Kuktaun shahrida joylashgan Annan daryosiga tushib ketgan. Ayol turmush o‘rtog‘ini suvdan chiqarib olishga uringan, biroq u ham daryo qirg‘og‘i bo‘ylab sirpana boshlaganida erkak uning qo‘lini qo‘yib yuborgan. Oila Xogbinning «so‘nggi fidokorona harakati»ni olqishlab, uni «qahramon» deb atamoqda.

Kvinslend politsiyasining ma’lum qilishicha, Kuktaundagi timsoh ichidan topilgan qoldiqlar 3 avgust kuni bedarak yo‘qolgan 40 yoshli erkakka tegishli bo‘lishi mumkin. Aniqlangan inson qoldiqlari hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Nyukasllik umumiy amaliyot shifokori 4,9 metrli timsoh hujumiga uchragan vaqtda rafiqasi Jeyn va uch nafar — yetti, besh va ikki yoshli o‘g‘illari bilan tabiat qo‘ynida dam olayotgan bo‘lgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, oila daryo qirg‘og‘idan 5 metr balandlikda joylashgan so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotganida uning bir qismi qulab tushgan va erkak suvdan chiqa olmay qolgan.

Ayolning aytishicha, u Xogbinga yordam berish uchun pastga otilgan va qo‘lidan tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan, ammo uning o‘zi pastga sirpana boshlagan. «Deyvning oxirgi qat’iy qarori ayol ham pastga sirpanayotganini tushunganida Jeynning qo‘lini qo‘yib yuborish bo‘lgan», — deydi marhumning rafiqasi intervyu olgan jurnalist Aleksis Keri.

«Biz shunchaki ta’tilimizning oddiy kunidan rohatlanayotgan edik va barchasi 30 soniya ichida o‘zgarib ketdi. U hech bir yomon ish qilmadi — aslida u barchasini to‘g‘ri bajarardi, shunday bo‘lsada, bu voqea sodir bo‘ldi… U meni qutqarib qoldi — oxirgi ishi meni o‘zi bilan tortib ketmaslik bo‘ldi», — deya ta’kidlaydi marhumning rafiqasi.

GoFundMe kraudfanding platformasida oilani qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan sahifa orqali 28,8 ming funt sterling to‘plangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Avstraliyada «qahramon» ota timsoh hujumi oqibatida halok bo‘ldi