23:00 / 09.08.2024
63

Ukrain armiyasi Kursk oblastidagi nazorat zonasini kengaytirmoqda. Ularning rejalari qanday?

Ukrain armiyasi Kursk oblastidagi nazorat zonasini kengaytirmoqda. Ularning rejalari qanday?
Anatoliy Jdanov / Kommersant / Sipa USA / Vida Press
Ukraina qo‘shini Kursk oblastining egallab olingan hududlarida mustahkam o‘rnashmoqda, ayrim joylarda nazorat zonasini kengaytirmoqda, oldinga yurishda yoki yuzaga kelgan platsdarmlarda turib razvedka reydlarini amalga oshirmoqda. Ayni vaqtda ular Sudja rayoni markazining katta qismini — shu nomli daryoning g‘arbidagi hududlarni egallab olishgan. Rossiya qo‘shini biroz teparoqda bo‘lgan sharqiy sohilni ushlab turibdi, ammo bu yerdagi bo‘linmalar og‘ir vaziyatga tushib qolgan — ularni ikki qanotdan aylanib o‘tishmoqda.

Janglar hududidan ko‘plab xabarlar kelib tushmoqda, ammo ularning ko‘pchiligi tekshirilmagan va bo‘layotgan voqealarning to‘liq tasviri noaniqligicha qolmoqda. Bundan tashqari vaziyat tez o‘zgarmoqda.

Kursk oblastida uzluksiz front chizig‘i mavjud emasligi tufayli hududning katta qismi mojaroning ikki tomoni tomonidan ham nazora qilinmayotgan kulrang zona bo‘lib turibdi. Ukraina qurolli kuchlarining mobil razvedka guruhlari paydo bo‘lgani haqidagi xabarlar aynan shunday joylardan kelmoqda.

Chorshanba kuni kechqurun ukrain armiyasining ilg‘or bo‘linmalari oblastdagi boshqa bir rayon markazi — Sudjadan 30 kilometr shimoli-g‘arbda va chegaraning eng yaqin nuqtasidan 20 kilometr masofada bo‘lgan Korenevo shahrini egallashga harakat qilayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgandi. Rossiya telegram-kanallariga ko‘ra, hujum qaytarilgan, ukrain qo‘shini ortga chekingan, ammo uzoqqa ketmagan va yangi hujumga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina qurolli kuchlari boshqa yo‘nalishlar bo‘ylab ham olib borilmoqda, tinch aholi vakillari yoppasiga evakuatsiya qilinmoqda. Oblast gubernatori vazifasini bajaruvchisi Aleksey Smirnov payshanba kuni Vladimir Putinga chegara hududlar aholisi zirhlangan inkassator mashinasida ham olib chiqilayotganini aytdi.

Shu kunlarda 40 dan ortiq rossiyalik harbiy «Sudja» nazorat-o‘tkazish punkti hududida Ukraina qurolli kuchlari harbiylariga asir tushgani aks etgan video ham tarqaldi.

Rossiya mudofaa vazirligi o‘tgan kun davomida «raqib oldinga yurishiga yo‘l qo‘yilmagani», «alohida bo‘linmalarning Kursk yo‘nalishida chuqur kirib borish»ga bo‘lgan urinishlari to‘xtatilgani haqida xabar qildi.

Konservativ baho

Amerika Urushlarni o‘rganish instituti (ISW), odatdagi kabi, urushayotgan tomonlarning holatiga faqat yuz foizlik tasdiqlangan geolokatsiya ma’lumotlariga asoslangan holda ehtiyotkorlik bilan baho bergan.

Institutning Kursk oblastidagi harbiy harakatlar xaritasi quyidagicha ko‘rinishda:

ISW ma’lumotiga ko‘ra, ukrain qo‘shinining Kursk oblasti ichkarisiga ilgarilashi kamida 10 kilometrni tashkil etmoqda, ukrainlarning zirhli texnikalari 38K-030 Sudja — Korenevo trassasi bo‘yidagi pozitsiyalarni egallagan.

«Kursk oblastida yurish qilayotgan ukrain qismlarining tasdiqlangan joylashuv ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, ular rossiyaliklarning kamida ikkita mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishgan va tayanch punktlarini egallashgan», — deya yozgan ISW.

Kursk oblastining sobiq gubernatori, hozirda transport vaziri hisoblangan Roman Starovoyt 2022 yil oktyabrida ikkita mustahkamlangan mudofaa liniyasini qurish ishlari yakunlangani to‘g‘risida hisobot bergandi.

Mudofaa vazirligining kamtarona raqamlari

Seshanba kuni Kursk oblastiga Ukraina qurolli kuchlarining 300 nafar harbiy xizmatchisi bostirib kirgani va ularning ustiga aniq zarbalar yo‘llangani haqida xabar bergan RF mudofaa vazirligi payshanba kungi hisobotida raqibning oldinga yurishiga yo‘l qo‘yilmaganiga urg‘u qaratdi.

«Kursk yo‘nalishida harbiy harakatlar boshlanganidan buyon raqibning yo‘qotishlari 660 nafar harbiy xizmatchi va 82 ta zirhli texnika, jumladan sakkiz tank, 12 ta zirhli transportyor, piyodalarning oltita jangovar mashinasi, 55 ta zirhlangan mashina hamda bitta to‘siqlarni surishga ixtisoslashgan muhandislik mashinasi bo‘ldi», — deya xabar qilgan Rossiya mudofaa vazirligi.

7 avgust kuni Rossiya bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Putinga bergan hisobotida ukrain bo‘linmalarining (u ularning sonini 1000 nafarga yaqin deb aytgandi) Kursk oblasti ichkarisiga harakatlanishi to‘xtatilganini ma’lum qilgandi.

Xuddi shu kuni kechqurun regionda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.

Seshanba kuni Vladimir Putin Kursk oblastidagi vaziyatni kuchishlatar tuzilmalar rahbarlari bilan muhokama qildi
«Sudja amalda Ukraina qurolli kuchlarining to‘liq nazorati ostida»

Rossiyadagi harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanallar yozishicha, ukrain qo‘mondonligi Kursk oblastidagi amaliyotga yordamchi bo‘limlarni hisobga olmaganda, kamida beshta brigada va yana bir necha batalyonlarning shaxsiy tarkibi va texnikalarini jalb etgan.

Rybar propaganda kanali xabarida esa ukrainlarning sakkizta brigadasi haqida gap boradi — ikkita desant-shturm brigadasi va ikkita mexanizatsiyalashgan brigada, shuningdek «tadbirda qisman ishtirok etayotgan» yana to‘rtta brigada.

Kanal ma’lumotiga ko‘ra, Sudja «amalda Ukraina qurolli kuchlarining to‘liq nazorati ostida» qolmoqda, bu yerga ukrainlarning qo‘shimcha kuchlari olib kelinmoqda. «Rossiya kuchlari faqat shahardan sharqdagi aylanma yo‘lni nazorat qilmoqda», — deya yozadi kanal, ammo shu o‘rinda «ukrain bo‘linmalari Mirniyga ham kirgani va mustahkam o‘rnashib olgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Sudjadan shimoli-sharqda joylashgan Mirniy ukrainlar qo‘liga o‘tishi Sudjanskiy rayoni markazi va uning atrofi to‘liq qurshab olingani va Kursk tomon chekinish uchun yagona yo‘l — R200 trassasi qolganini anglatadi.

«Bogdanovka, Knyajiy, Knyajiy-1, Knyajiy-2 qishloqlari kabi katta ehtimol bilan dushman nazoratiga o‘tgan Kazachya Loknya tomondan dalalar orqali harakatlangan Ukraina diversiya-razvedka guruhlar Martinovka yo‘nalishida hujum qilib, RF qurolli kuchlarining ilg‘or guruhlarini qurshovga olishga harakat qilmoqda», — deya yozadi Rybar, «raqib qo‘shimcha kuchlar va muhandislik texnikalarini olib kelib, egallangan aholi yashash manzillarini mustahkamlangan pozitsiyalarga aylantirishda davom etayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Boshqa Z-kanallar esa ukrain bo‘linmalari ancha ichkariroq kirib kelganini xabar qilmoqda — xususan, Kurskdan g‘arbdagi Lgov shahriga olib boruvchi trassaga yetib borilgani, Sudjadan shimoldagi Malaya Loknya egallangani, Snagost qishlog‘iga hujum va Sudjadan shimolda, Kursk AESdan 35 km, oblast markazidan 65 km masofadagi Anastasevka qishlog‘i hududidagi janglar haqida.

Dushman bosqinga nihoyatda sinchkovlik bilan tayyorlangan, deb hisoblaydi rossiyalik harbiy ekspert Vladislav Shurigin.

«Ular chegara radioaloqa tarmoqlarimizning asosiy chastotalarini, dronlarni boshqarish chastotalarini aniqladi hamda tayyorlangan kuchli generatorlari bilan aloqamizni „o‘chirishdi“ va „Lanset“ tipidagi dronlarimiz faoliyatini „uzib qo‘yishdi“, — deya yozadi Shurigin. — Afsuski, Rossiya qo‘mondonligi bu yo‘nalishda o‘zini o‘ta sust tutib, unga ikkinchi darajali deb qaradi va uning ta’minoti faqat qolgan-qutganlar hisobiga amalga oshirildi. Barcha resurslar chegaraning narigi tomonida jang qilayotgan guruhlarga yo‘naltirildi va bu qurol-yarog‘, jihozlar, aloqa tizimlari, chegarani va qo‘shinlarni himoyalash uchun radioelektron kurash vositalari bo‘yicha jiddiy farqni yuzaga keltirdi, dushman esa bundan foydalandi».

Anatoliy Jdanov / Kommersant / Sipa USA / Vida Press
Ukrainaga Rossiya hududidagi amaliyot nega kerak?

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyoti muvaffaqiyatli boshlanishi fonida frontning boshqa uchastkalaridagi ukrain qo‘shinlarining pozitsiyasi og‘irligicha qolmoqda, ayrim joylarda esa — o‘ta og‘ir.

Ukrain qo‘mondonligi jangovar zaxira kuchlarni nisbatan qaynoq yo‘nalishlar — Pokrovsk, Toretsk, Chasiv Yarda Rossiya hujumlarini qaytarishga emas, balki Kursk oblastiga yo‘llash qarori o‘zini oqlaydimi?

Rossiya hududiga bostirib kirish bo‘yicha amaliyotni ishlab chiqqanlarning uzoq muddatli rejalari bo‘yicha hozirgi bosqichda hukm chiqarish qiyin. Ammo hozirning o‘zida yaqqol ko‘rinib turibdiki, Kursk yo‘nalishidagi eskalatsiya yangi front ochilishiga olib kelishi muqarrar.

Rossiya tomonining birinchi bosqichdagi kamchiliklari aniq: harbiy harakatlar uning hududiga ko‘chishi, hududlar, ko‘chmas mulk va yerlar boy berilishi, halok bo‘lganlar, yaralanganlar, asirlar, qochqinlar, vahima va tushkun kayfiyat, infratuzilmalar vayron bo‘lishi va logistika izdan chiqishi — urushning barcha dahshatlari.

Kursk oblastiga avvalgi hujumlardagidan farqli o‘laroq, bu safar muntazam armiya safarbar etilgan. Foto: EPA
Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Bir tomondan, ukrainlarning Kursk oblastidagi yurishi Rossiyaning Xarkiv oblastidagi yurishining ko‘zgudagi aksiga o‘xshaydi. Farq shundaki, ukrainlar yurishi bosqin ehtimoliga yaxshi tayyorlanmagan, askarlar yetarli bo‘lmagan hududda jadalroq rivojlanmoqda — Rossiyaning «Sever» guruhining asosiy kuchlari Vovchansk va Lipsi shaharlarini shturm qilishga yuborilgandi.

Rossiya qo‘mondonligini boshqa narsalar qatori Kursk AESdek strategik obyekt ham joylashgan Kursk oblastini qutqarib olish uchun boshqa istiqbolli yo‘nalishlardan qo‘shinlarni olib kelishga majbur qilish — barchaga tushunarli bo‘lgan maqsad.

Kiyevning ehtimoliy muzokaralardagi pozitsiyalarni mustahkamlash rejalari aniq bo‘lgani kabi — barcha urushlar muzokaralar bilan tugaydi. Hozirgi Rossiya-Ukraina urushi realligi ko‘rsatmoqdaki, hududlarni, jumladan raqib egallab olgan hududlarni qaytarib olish oson bo‘lmaydi, ayniqsa raqib bu hududlarga mustahkam joylashib olgan bo‘lsa.

Boshqa tomondan, bu ukrainlarning nisbatan jangovar qismlari istiqbolsiz janglarda tor-mor etilishiga, egallangan hududlarda esa rus vatanparvarligi kuchayishiga olib kelmaydimi?

Ammo endi bu savol Kursk oblastiga bostirib kirishdek nostandart qaror qabul qilgan Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligiga. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrain armiyasi Kursk oblastidagi nazorat zonasini kengaytirmoqda. Ularning rejalari qanday?