06:00 / 11.08.2024
12

AQSHda yangi yirik pandalar ommaga namoyish etilmoqda

AQSHda yangi yirik pandalar ommaga namoyish etilmoqda
Foto: CNN
AQSHning San-Diyego shahridagi hayvonot bog‘ida ommaga yangi yirik pandalar namoyish etildi, deb xabar beradi CNN. Hayvonot bog‘i ma’muriyatiga ko‘ra, Yun Chuan va Sin Bao laqabli pandalar juftligi Qo‘shma Shtatlarga oxirgi 21 yil ichida olib kelingan birinchi yirik pandalar hisoblanadi.

«Yangi mehmonlarimiz tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarning mustahkam ramziga aylanadi. Hamkorlarimiz bilan birgalikda ushbu ajoyib turning istiqbolli kelajagini ta’minlash yo‘lida muhim yutuqlarga erishishda davom etamiz», — deydi Zoo Wildlife Alliancehayvonot bog‘i bosh direktori Pol Baribo.

Ta’kidlanishicha, pandalar juftligi yashaydigan Panda Ridge maskani oldingi volerdan to‘rt barobarga katta va tog‘ hamda qoyalar elementlariga ega Xitoy landshaftini o‘zida mujassam etgan. Shuningdek, u yerda osilib chiqish uchun sersoya daraxt ham bor.

Hayvonot bog‘iga tashrif buyuruvchilar pandalarni uch xil usulda tomosha qila oladi: tashrif buyurish vaqtini ko‘rsatgan holda chipta olish, navbatga turish yoki 60 daqiqali tonggi piyoda ekskursiyada qatnashish orqali. Piyoda ekskursiya narxi bir kishi uchun 92 dollardan boshlanadi. Hayvonot bog‘i saytida butun avgust uchun mo‘jallangan turlar sotib bo‘lingan.

Qayd etilishicha, Yun Chuan va Sin Bao 27 iyul kuni olib kelinganidan beri «iqlimga yaxshi moslashgan». Yun Chuan — salkam 5 yoshda, Chjen Chjenning San-Diyego hayvonot bog‘ida tug‘ilgan to‘rtinchi bolasi. Sin Bao — 4 yoshli urg‘ochi panda.

Yosh pandalar Xitoy yetakchisi Si Jinpingning «Amerika va Xitoy xaqlari o‘rtasidagi do‘stlik elchisi» sifatida San-Diyegodagi hayvonot bog‘iga pandalarni ijaraga yuborish haqidagi taklifidan keyin jo‘natilgan. Xitoy «panda diplomatiyasi» doirasida dunyoning 20 dan ortiq davlatiga o‘z pandalarini ijaraga berib keladi.

San-Diyego hayvonot bog‘i Xitoy bilan yirik pandalar ustida birgalikda tadqiqot olib borgan birinchi Amerika muassasasi hisoblanadi. 1994 yildan beri u Sichuan tabiatni muhofaza qilish markazi bilan hamkorlik qilib, turlarning xulq-atvori, genetikasi, sun’iy ko‘paytirish, oziqlanishi va kasalliklarning oldini olish masalalarini o‘rganmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda yangi yirik pandalar ommaga namoyish etilmoqda