23:10 / 12.08.2024
163

Rossiyada kuniga 30 nafardan ortiq harbiy armiyadan qochayotgani aytildi

Rossiyada kuniga 30 nafardan ortiq harbiy armiyadan qochayotgani aytildi
Foto: TASS
Rossiya harbiy sudlari 2024 yil boshidan beri xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketishga bog‘liq 5204 ta ishni qabul qildi. Bu 2023 yil davomida qayd etilgan barcha holatlardan ko‘p — o‘tgan yili instansiyalarga bunday ishlarning 5096 tasi kelib tushgan.

Ta’kidlanishicha, ko‘rsatkichlar rekord tezlikda ortmoqda va 2022 yil bilan taqqoslaganda o‘n barobarga oshgan. Maydan beri sudlarga har oy xizmatdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq o‘rtacha 950 ta ish kelib tushmoqda, bu kuniga 30 dan ortiq degani.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi razvedkasiga ko‘ra, oxirgi uch oy Rossiya armiyasi uchun urush boshlanganidan beri eng qaqshatkich kechgan. May—iyun oylarida 70 mingga yaqin harbiy halok bo‘lgan va yaralangan, iyulda esa ushbu ko‘rsatkich kuniga 1100 kishidan oshgan. Avgustdagi yo‘qotishlari ham sutkasiga 1000 nafar askardan kam bo‘lmasligi aytilmoqda.

Nashrning qayd etishicha, Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri 10 mingdan ortiq rossiyalik xizmatdan bo‘yin to‘vlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ushbu statistikaga nafaqat o‘zboshimchalik bilan xizmat joyini tark etganlar, balki buyruqni bajarmagan harbiylar, shuningdek, dezertirlar ham kiritilgan. Iyun o‘rtalarida ularning 8594 nafari sudlangan.

Bunday ishlarni ko‘rib chiqish tezligi oyiga 800 tani yoki bir ish kunida taxminan 40 ta qarorni tashkil qiladi. Sudlar asosan shartli jazo tayinlayotgani sabab qo‘mondonlikda harbiy xizmatchilarni Ukrainadagi frontga yuborish imkoniyati mavjud. Rossiyada jami 100 ta garnizon va 9 ta okrug/flot harbiy sudlari faoliyat olib boradi.

Hozirda harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tark etishning har qanday turi safarbarlik davrida sodir etilgan jinoyat sifatida baholanmoqda. Mazkur holatlar va boshqa «harbiy» moddalar uchun belgilangan jazo 2022 yil 21 sentyabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin e’lon qilgan ommaviy safarbarlik vaqtida kuchaytirilgan. Sud hukmlarini tahlil qilgan «Mediazona»ga ko‘ra, sudlanuvchilarning asosiy qismi aynan safarbarlikka jalb etilganlardir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada kuniga 30 nafardan ortiq harbiy armiyadan qochayotgani aytildi