18:53 / 20.08.2024
324

Britaniyalik diplomat Isroilni qurollantirayotganlar yuziga ma’naviy tarsaki tushirdi

Britaniyalik diplomat Isroilni qurollantirayotganlar yuziga ma’naviy tarsaki tushirdi
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi xodimi Mark Smit qirollik Isroilga qurol-aslaha yetkazib berayotganiga norozilik bildirgan holda o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etdi. Tahlilchilar uning bu harakatini G‘azodagi qirg‘inni dastaklayotgan siyosatdonlar yuziga tushirilgan ma’naviy tarsaki deb atamoqda.

BBC'ning yozishicha, avvalroq Yaqin Sharqqa qurol sotishga mas’ul bo‘lgan, so‘nggi vaqtlarda esa TIV tizimida terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida faoliyat yuritgan Mark Smit Isroilning G‘azodagi xalqaro huquqqa zid harakatlari yuzasidan vazirlikning turli darajadagi rahbarlariga o‘z xavotirini bildirgan. Tayinli javob olmagach, ishdan ketishni ma’qul ko‘rgan. U Buyuk Britaniya ham Isroilning G‘azodagi harbiy jinoyatlariga sherik ekanini aytgan.

Diplomatga ko‘ra, u Yaqin Sharqqa qurol sotish bo‘yicha mas’ul lavozimda ishlagan kezlari Isroil tomonidan G‘azo sektorida harbiy jinoyatlar sodir etilayotgani va xalqaro huquq me’yorlari buzilayotganiga ko‘p bora guvoh bo‘lgan.

Isroil hukumatining yuqori martabali a’zolari va harbiylar genotsid istagini ochiq bildiradi. Isroil askarlari tinch aholi vakillariga tegishli mulklarni yoqib yuborayotgani, vayron qilayotgani va talon-toroj etayotganini bemalol videosyomka qiladi”, – deb yozgan Mark Smit iste’fo maktubida.

Diplomat ta’kidicha, G‘azodagi qirg‘inga qaramay, Buyuk Britaniya Isroilga qurol-aslaha yetkazishni davom ettirayotganini biror asos bilan oqlab bo‘lmaydi.

(G‘azo sektorida) butun boshli ko‘chalar, universitetlar buzib tashlandi. Insonparvarlik yordami kirishiga yo‘l qo‘yilmayapti. Tinch aholi vakillari jon saqlashga joy topolmayotir. Xalqaro Qizil yarimoy jamiyati tez yordam mashinalari, maktab va shifoxonalar muttasil o‘qqa tutilmoqda. Bularning bari harbiy jinoyatlardir”, – deydi M.Smit.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 40139 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Tinch aholi vakillari orasida qurbonlar misli ko‘rilmagan darajaga yetgan vaqtda ingliz siyosiy doiralari va jamoatchilik orasida xunrezlikka chek qo‘yish, Isroilga qurol sotishni bas qilish talabi balandroq ovozda yangramoqda. Xususan, Human Rights Watch, Amnesty International, Campaign Against Arms Trade va War on Want kabi dunyoning yetakchi inson huquqlari tashkilotlari Londondan Isroilga qurol sotishni to‘xtatishni talab qilmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Isroil harbiylari G‘azodagi tibbiy muassasalar, turarjoylar, maktablar, qochqinlar boshpanalari, suv va elektr ta’minoti tizimiga noqonuniy hamlalar uyushtirdi. Bombardimonlarda minglab tinch aholi vakillari o‘ldirildi, 1,9 milliondan ziyod falastinlik boshpanasini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.

Isroilning eng yaqin ittifoqchisi sanalgan AQSH rasmiylari orasida ham Oq uyning Tel-Avivni so‘zsiz va shartlarsiz qo‘llab-quvvatlash siyosatiga qarshilar safi kengayib bormoqda.

Avvalroq Davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyalik diplomat Isroilni qurollantirayotganlar yuziga ma’naviy tarsaki tushirdi