16:43 / 29.08.2024
126

Afg‘onistonda ko‘pxotinlilik nega odatga aylangan?

Afg‘onistonda ko‘pxotinlilik nega odatga aylangan?
Foto: Getty Images
“Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda 2022 yil afg‘onlarga ko‘pxotinlilikdan saqlanishni tavsiya qiluvchi farmonni imzolanganiga qaramay, mamlakatda bu amaliyot juda keng tarqalgan. “Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiri bu borada bir nechta xotini bor erkaklar bilan suhbatlashdi.

Ammo suhbatdoshlarning aksariyati video va suratlarini ommaga e’lon qilinishini istamagan, ular turli sabablarga ko‘ra o‘zining ko‘pxotinli ekani haqidagi hikoyalari bilan bo‘lishgan.

Mozori Sharifda yashovchi 26 yoshli Nasrulloh ikki marta uylangan va birinchi xotinidan ikki qizi bor, biroq oilaviy muammolar tufayli yana uylanishga qaror qilgan. Nasrullohning so‘zlariga ko‘ra, uning birinchi rafiqasi “yomon xulqliligi” sababli u bilan yashash qiyin kechgan.

Ikki qizim bor, agar shart bo‘lmasa, uylanmasdim, bundan boshqa ilojim yo‘q, chunki yoshman, yashashim kerak”, degan u “Daryo” muxbiri bilan suhbatda.

Erkak oilaviy muammosida qaynonasini ayblab, u qiziga “ma’nosiz gaplar o‘rgatgani”ni da’vo qilgan. Nasrulloh birinchi rafiqasiga o‘zgarish uchun yana bir yil berishini, agar uning xatti-harakatida o‘zgarish bo‘lmasa, ajrashishini bildirgan.

Mozori Sharifda istiqomat qiluvchi Habibulla ham o‘z hikoyasi bilan bo‘lishib, birinchi xotinidan farzand ko‘rmaganini, qariyb 20 yil farzandli bo‘lishni kutganini aytgan. Shu sababli ikkinchi xotin olish qaroriga kelganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zidan 20 yosh kichik ikkinchi rafiqasidan 10 nafar farzandi bor va bu qaroridan mamnun.

“Daryo” muxbiri undan xotinlari o‘rtasidagi adolat haqida so‘raganida, u kulib, ikkala xotini o‘rtasida ham ta’minlanganini aytgan.

Hech qanday muammo yo‘q, pul bo‘lsa, barcha muammolar hal qilinadi”, deydi u.

Balx viloyatining Dehdodi tumanida yashovchi Bismilloh ham ikki ayolga uylangan. U buning sababini quyidagicha izohlamoqda:

Birinchi xotinimdan farzand ko‘rmaganim uchun ikkinchi marta uylanishga majbur bo‘ldim, farzandli bo‘lish umidida deyarli 15 yil o‘tkazdik, bir nechta shifokorlarga bordik va har doim natija salbiy edi, hatto qarindoshlarimizdan bir qizni ham asrab oldik. Nihoyat, ikkinchi marta uylanishga qaror qildim va ikkinchi xotinim mendan 15 yosh kichik. Qizig‘i shundaki, ikkinchi marta uylanganimda ikkala xotinimdan ham farzandli bo‘lganman”, dedi u.

Bismillohga ko‘ra, Afg‘onistonda kimlardir ishtiyoq va boy bo‘lgani uchun, ba’zilari esa zarurat va farzand ko‘rish uchun ikkinchi xotin oladi.

Shuningdek, bir qator yuqori martabali “Tolibon” qo‘mondonlari ham ikkinchi xotin olish jarayonidan chetda qolishmaydi. Afg‘onistonni egallab olgandan so‘ng, “Tolibon” mamlakatning siyosiy va ijtimoiy qudratini boshqarayotgan yagona kuchga aylandi. Ularning bir qator sarkardalari ayollar va qizlarni nikohga tanlab olgan va bu masala allaqachon ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.

Ilgari bir yoki ikki xotini bo‘lgan qo‘mondonlar endi uchinchi va to‘rtinchisiga uylanishga harakat qilmoqda. Afg‘onistonda ko‘pxotinlilikning aniq statistikasi yo‘q, biroq odat va madaniyatga ko‘ra, ko‘p erkaklar, asosan qishloq joylardan, ikki yoki undan ortiq ayolga uylanadi.

Ba’zilar buni iqtisodiy-ijtimoiy muammolar, oilaviy nizolar hamda zo‘ravonlikning sababi va oxir-oqibat jamiyat bundan aziyat chekadi, deb hisoblaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonda ko‘pxotinlilik nega odatga aylangan?