08:37 / 04.09.2024
67

Zelenskiy: Ukraina Rossiya hududlarini Putinni muzokara stoliga o‘tirishga majburlash uchun ushlab turadi

Zelenskiy: Ukraina Rossiya hududlarini Putinni muzokara stoliga o‘tirishga majburlash uchun ushlab turadi
Foto: NBC News
Ukraina Rossiyaning egallab olingan hududlarini prezident Vladimir Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash uchun ushlab turishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy NBC News telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.

«Bizga ularning yeri kerak emas. Biz u yerga o‘z turmush tarzimizni olib bormoqchi emasmiz», dedi u.

Ukraina urushni tugatish bo‘yicha «g‘alaba rejasiga» ega va uning ajralmas qismi sifatida bu hududlarni «ushlab turadi», dedi Zelenskiy va bu taklifni AQSH kabi xalqaro hamkorlarga taqdim etishini qo‘shimcha qildi.

«Hozir bu bizga kerak», dedi u Ukraina tomonidan egallab olingan Rossiya hududlari haqida.

Zelenskiy Ukraina Rossiyaning ko‘proq hududini egallab olishga urinib ko‘rishni rejalashtiryaptimi yoki yo‘qligini muhokama qila olmasligini aytdi.

«Men aytmayman, kechirasiz, bu haqda gapira olmayman. Bu bizning Kursk operatsiyamizning boshlanishiga o‘xshaydi», dedi u. «Men bu haqda gapira olmayman, menimcha, muvaffaqiyatga erishish uchun kutilmaganlik kerak».

Ukraina qo‘shinlari o‘z maxfiy operatsiyasi natijasida qariyb bir oy oldin Rossiya chegarasidagi Kursk viloyatiga bostirib kirdi. Hozir Kiyev Rossiya hududining qariyb 500 kvadrat kilometrini nazorat qilishini da’vo etmoqda va yuzlab rus harbiy asirlarini olgan. Maxfiylik ostida ekani ta’kidlangan Kursk operatsiyasi Ukraina ittifoqchilari, jumladan, AQSH uchun kutilmagan bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Zelenskiy NBC News telekanaliga bergan intervyusida Bayden ma’muriyati operatsiyadan bexabar bo‘lganini va hatto Ukraina ichida ham bu operatsiya sir saqlanganini aytdi.

Vashington ham Kiyevning Kursk bo‘yicha rejalariga hech qanday aloqasi yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan.

«Ha, biz hech kimga xabar bermadik. Va bu ishonchsizlik tufayli emas», dedi Zelenskiy va Kiyevning o‘tgan yozdagi qarshi hujumi, asosan, bu haqda ko‘p e’lon qilingani va muhokama etilgani uchun muvaffaqiyatsizlikka uchraganini va ruslarga tayyorgarlik ko‘rishga vaqt berganini qo‘shimcha qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy: Ukraina Rossiya hududlarini Putinni muzokara stoliga o‘tirishga majburlash uchun ushlab turadi