06:00 / 11.09.2024
43

AQSHda cherdakdan topilgan portret 1,4 mln dollarga sotildi

AQSHda cherdakdan topilgan portret 1,4 mln dollarga sotildi
Foto: Thomaston Place Auction Gallerie
Thomaston Place auksion galereyasi asoschisi Kaja Veilleux Men shtatidagi Kamden shahrida joylashgan xususiy uylardan biriga rejali tashrifi davomida, bino cherdagida XVII asrga tegishli suratga duch keldi, deb xabar beradi CNN.

«Uylarga chaqiriq davomida biz ko‘r-ko‘rona, nima topishimizni bilmagan holda boramiz. Ushbu uy ko‘plab san’at asarlariga to‘la edi, ammo cherdakda g‘aroyib portretga duch keldik», — deydi Veilleux.

Topilgan san’at asari niderlandiyalik rassom Rembrandt uslubida chizilgan va uning romining orqa tarafiga ham mashhur ijodkorga tegishli yorliq yopishtirilgan. Filadelfiya san’at muzeyi tomonidan berilgan bir parcha varaq kartina 1970 yilda muzeyga ijaraga berilganini tasdiqlaydi.

Ammo portret haqida ma’lumot juda kam va u aksariyat mutaxassislar tomonidan Rembrandt ijodining bir qismi sifatida tan olinmagan. Kimoshdi uyining ma’lum qilishicha, suratdagi yorliq haqiqiy, Filadelfiya san’at muzeyi esa kartinani ijaraga olganini tasdiqlay olmagan.

Thomaston Place topilgan suratni Rembrandt bo‘yicha ekspertlarga ko‘rsatgan yoki ko‘rsatmagani noma’lum, shunga qaramay, ular kartinani 10-15 ming dollar qiymatida sotuvga qo‘ygan. Portret «Rembrandt kabi» nomi ostida kimoshdiga chiqarilgan bo‘lib, dastlabki taklif etilgan narx 32,5 ming dollarni tashkil etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kimoshdi savdolarida o‘ndan ortiq potensial xaridorlar ishtirok etgan bo‘lib, ularning ayrimlari Yevropadan telefon orqali qatnashgan. Telefon orqali savdoga kirishgan uch nafar xaridor taklif etgan eng yuqori narx 900 ming dollarga yetgan. Shundan keyin kartinani sotib olishni istagan yana ikki kishi uning qiymatini 1,41 million dollarga qadar ko‘targan.

Kimoshdi uyining qayd etishicha, bu Men shtatida auksion orqali sotilgan eng qimmat san’at asaridir.

Rembrandt bo‘yicha tadqiqotchi Geri Shvarsning aytishicha, potensial xaridor avvalroq ushbu surat haqida uning fikrini so‘ragan. U noma’lum kolleksionerga (savdoda g‘olib bo‘la olmagan) xaridni amalga oshirishni tavsiya qilgan. San’at tarixchisining so‘zlariga ko‘ra, mazkur portret niderlandiyalik rassom tomonidan chizilganining «ehtimoli juda katta».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda cherdakdan topilgan portret 1,4 mln dollarga sotildi