
Foto: Getty Images
AQSh prezidentligiga nomzodlar – respublikachi Donald Tramp va mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti, demokrat Kamala Harris saylovoldi poygasidagi ilk teledebatni oʻtkazdi. Bu 11 sentyabr, chorshanbaga oʻtar kechasi ABC telekanalida roʻy berdi.
Migratsiya siyosati, ishsizlikka qarshi kurash, inflyatsiya va Ukrainadagi urush AQSh prezidentligiga nomzodlar oʻrtasida qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlgan mavzulardan faqat bir qismi boʻlib, ular davomida oʻzaro tanqidlar ham kuzatildi va ikki nomzod bir-birini yolgʻonchilikda aybladi.
Harrisning soʻzlariga koʻra, Tramp u va hozirgi davlat rahbari Jo Baydenga «Buyuk depressiyadan keyingi eng yomon ishsizlik»ni meros qilib qoldirgan. Bundan tashqari, sobiq prezident «asrning eng yomon pandemiyasi» va «fuqarolar urushidan beri bizning demokratiyamizga qilingan eng jiddiy hujum» uchun javobgardir, dedi Harris. Soʻnggi gapida Kamala Harris 2020 yilgi saylovlardagi gʻalabasi undan oʻgʻirlangan deb hisoblagan Tramp tarafdorlari tomonidan AQSh Kongressi binosiga bostirib kirilishini nazarda tutgan.
11 sentyabrga oʻtar kechasi boʻlib oʻtgan debatlar chogʻida Tramp oʻzining bu saylovda magʻlub boʻlgani haqidagi soʻzlari «istehzo bilan» aytilganini bildirdi. Biroq, boshlovchilar tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri soʻralganda, u yana 2020 yilgi saylovlardagi magʻlubiyatini tan olishdan bosh tortdi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mavzusi, shuningdek, Vashington uni toʻxtatish uchun qanday choralar koʻrayotgani bahsda hal qiluvchi boʻlmasa-da, nomzodlar tomonidan koʻtarildi.
Ukrainadagi urush
Shu tariqa, Donald Tramp Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «qanday gaplashish va Ukrainadagi urushni qanday tugatish haqida hech qanday tasavvurga ega emasligini» aytdi. «Endi esa millionlab odamlar halok boʻldi va vaziyat yomonlashmoqda», dedi Tramp.
«Siz Jo Baydenga qarshi emassiz. Menga qarshi kurashyapsiz», deb javob qaytardi Harris.
Muhokama chogʻida Tramp shunday dedi: «Shuni unutmangki, u - Bayden. U Baydendan uzoqlashishga harakat qilmoqda va men bu janobni tanimayman, deyapti. U - aslida Bayden». Bunga javoban, Harris kulib: «Men, albatta, Jo Bayden emasman va men, albatta, Donald Tramp emasman. Men qilayotgan narsa - bizning mamlakatimizga yangi avlod rahbariyatini taklif qilish».
Boshqa narsalar qatori, Tramp Harrisni goʻyoki Putinni Ukrainadagi urush boshlanishidan uch kun oldin bosqindan qaytarishga uringanlikda, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchraganlikda aybladi. «Ular urush boshlanishidan oldin uni tinchlik muzokaralariga yuborishdi, - dedi Tramp. - Uch kundan keyin u (Vladimir Putin) Ukrainaga bostirib kirdi, urushni boshladi, chunki ular (Harrisning muzokaralar delegatsiyasi) zaif edi».
Aslida Kamala Harris hech qachon Putin bilan shaxsan uchrashmagan. Ukrainada urush boshlanishidan oldin u Myunxen xavfsizlik konferentsiyasida AQSh ittifoqchilari, jumladan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar oʻtkazdi. Putin oʻsha anjumanda ishtirok etmadi.
Donald Tramp Ukraina boʻyicha tinchlik muzokaralarini boshlashni ragʻbatlantirish AQSh manfaatlariga mos ekanini aytdi. «Biz millionlab odamlar oʻlimini toʻxtatishimiz kerak», dedi u.
Shu bilan birga, u Jo Baydenni Evropa Ukrainaga AQSh bilan bir xil miqdorda yordam berishini talab qilishga jur'at etmagani uchun qoraladi. Trampning soʻzlariga koʻra, AQSh urush vaqtida Ukrainaga 250 milliard dollar sarflagan, ammo, Pentagon ma'lumotlariga koʻra, Amerikaning Kievga bergan harbiy yordami hozirgacha 56 milliard dollarni tashkil etgan.
Oʻz navbatida Kamala Harris «nima uchun Evropa va NATOdagi ittifoqchilarimiz biz (amerikaliklar)dan endi siz prezident emasligingiz uchun naqadar minnatdor ekanini» tushunish muhimligini ta'kidladi.
U Trampni «24 soat ichida taslim boʻlishi aniq ekanlikda» aybladi, «Putin esa Kievda oʻtirib, Evropaga qarab, Polshadan boshlagan boʻlar edi». «Siz oʻzingizni u bilan doʻstman deb oʻylaysiz, lekin u sizni tushlik paytidayoq «eb qoʻyadi», dedi demokrat nomzod.
Iqtisodiy siyosat
Kamala Harris Qoʻshma Shtatlardagi mavjud iqtisodiy vaziyatni sharhlar ekan, u va mamlakatning amaldagi prezidenti Jo Bayden Tramp ma'muriyati qoldirgan xaosdan keyin tartibni tiklashga majbur boʻlayotganini aytdi.
Oʻz navbatida, Tramp prezidentlik uchun kurashdagi raqibini «marksist professor» otasidan «yaxshi tarbiya» olgan «marksist» deb atadi. Kamala Harrisning otasi Donald Harris nafaqaga chiqishdan oldin Stenford universitetida iqtisodiyot professori boʻlgan.
Kamala Harrisning oʻzi, Trampning soʻzlariga koʻra, harakat rejasiga ega emas. Harrisning Baydendan koʻchirib olgan rejasi: «Biz soliqlarni kamaytirishga harakat qilamiz», degan soʻzlardan iborat.
Oʻz navbatida, Harris sobiq prezident Donald Trampning barcha importlarga 20 foizgacha bojxona toʻlovlarini joriy etish taklifini «bir oy davomida yashash uchun umid qilayotgan kundalik tovarlarga soliq» ekanligini aytdi.
«Shu bilan birga, Harris prezident Jo Bayden davrida, asosan, Xitoy importiga yuqori tariflar joriy qilinganini eslatmadi, - deya izoh berdi CNN oʻz veb-saytida munozaraga. - May oyida ma'muriyat Xitoy importiga yangi tariflarni kiritdi - elektromobillarga 100 foiz, quyosh energiyasi ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarda 50 foiz va boshqa sohalarda 25 foiz - ular keyingi ikki yil ichida joriy etiladi».
Harrisning soʻzlariga koʻra, iqtisodchilar uning rejasi iqtisodiyotni oshirishiga ishonyapti, Trampning rejasi esa uni qisqartiradi. Darhaqiqat, Goldman Sachs tahlilchilarining hisob-kitoblariga koʻra, Tramp iqtisodiy siyosati - ayniqsa savdo boʻyicha - 2025 yilda AQSh iqtisodiyoti biroz qisqarishiga olib keladi. Bundan farqli oʻlaroq, Harrisning iqtisodiy siyosat boʻyicha takliflari kelasi yil moʻ'tadil iqtisodiy oʻsishni ta'minlaydi, deb eslatadi CNN.
Migratsiya
Migratsiya haqida gapirgan Tramp, noqonuniy muhojirlar tufayli AQShdagi xavfsizlik vaziyatining yomonlashganiga diqqat qaratdi. U buning uchun aybni Bayden-Harris ma'muriyatiga yukladi va ular «millionlab muhojirlar va jinoyatchilarni» mamlakatga kiritganliklarini ta'kidladi.
«Bizda jinoyatchilikning yangi shakli paydo boʻldi, u migrant jinoyati deb ataladi va u hech kim tasavvur qila olmaydigan miqyosda oʻsib bormoqda», — dedi Tramp. Uning fikricha, AQShga mustahkam chegara va mustahkam devorlar kerak.
Oʻz navbatida, Harris Trampni qurol, giyohvand moddalar va odamlar savdosi bilan shugʻullanuvchi transmilliy jinoiy tashkilotlarni ta'qib qilish uchun chegara xizmatiga qoʻshimcha xodimlar bilan ta'minlash imkonini beradigan qonun loyihasining qabul qilinishiga toʻsqinlik qilgani uchun qoraladi. «Qoʻshma Shtatlarga echim izlaydigan va muammolar bilan shugʻullanadigan etakchi kerak. Biroq Tramp muammolarni hal qilishdan koʻra, oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishni afzal koʻradi», - deydi Harris.
AQShda prezidentlik saylovlari 2024 yil noyabrida boʻlib oʻtadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar