12:39 / 17.09.2024
36

Lukashenko 37 nafar siyosiy mahbusni afv etdi

Lukashenko 37 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
Foto: Reuters
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 16 sentyabr “ekstremistik xarakterdagi jinoyatlar”da ayblangan 37 nafar siyosiy mahbusni afv etish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Ozod etiladiganlar orasida olti nafar ayol, shuningdek, nogironlar va nafaqaxo‘rlar bor, afv etilganlarning ayrimlari surunkali kasalliklarga chalinganlar, deb xabar berdi Lukashenko. Ro‘yxatga aniq kimlar kiritilgani ma’lum emas. Ularning barchasi “tavba qilgan va ozodlikka qaytish imkoniyatini berishni so‘ragani” aytilmoqda.

Bu Lukashenkoning so‘nggi bir necha hafta ichida afv etish haqidagi uchinchi farmonidir: 16 avgust kuni mamlakat bo‘ylab qamoqxonalarda saqlanayotgan 30 nafar siyosiy mahbusni ozod etishga qaror qilingan, 4 sentyabrdagi farmon bilan yana 30 kishi afv etilgan.

Huquq himoyachilari, G‘arb diplomatlari, shuningdek, Belarus muxolifati bunday harakatlar Lukashenko rejimining mohiyatini o‘zgartirmasligini bir necha bor ta’kidladi — uning 1400 ga yaqin mahbuslari hali ham qamoqda qolmoqda.

Eng taniqli siyosiy mahbuslar orasida Mariya Kolesnikova bor. Uning qarindoshlari uni koloniyada sekin o‘limga mahkum etilishidan xavotirda: Kolesnikova 175 santimetr bo‘yi bilan atigi 45 kilogramm vaznga ega, chunki oshqozonidagi yara tufayli qamoqxona ovqatini iste’mol qila olmaydi.

Uzoq muddatli jazolarni o‘tayotgan boshqa siyosiy mahbuslar qatorida inson huquqlari himoyachisi va Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Ales Belyatskiy, shuningdek, Sergey Tixanovskiy ham bor.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lukashenko 37 nafar siyosiy mahbusni afv etdi