14:23 / 25.09.2024
69

Isroil aviatsiyasi Livanni bombalashni davom ettirmoqda

Isroil aviatsiyasi Livanni bombalashni davom ettirmoqda
Bayrutga zarba oqibatlari. Foto: Houssam Shbaro / Anadolu / Getty Images
Isroil armiyasi 24 sentyabr kuni, qatorasiga ikkinchi kun Livan bo‘ylab yopirilma zarbalarni amalga oshirdi, SAHAL bu hujumlar nishoni «Hizbulloh»ga aloqador bo‘lgan obyektlar sanalishini bildirgan. Livan poytaxti Beyrut ham aviazarbalar ostida qolgan.

Isroil mudofaa armiyasi hisobotida Beyrut bo‘ylab aniq zarbalar natijasida «Hizbulloh»ning harbiy qanoti yetakchilaridan biri, guruhning raketa kuchlari qo‘mondoni Ibrohim Al-Kubaysiy halok bo‘lgani aytilgan. SAHAL matbuot xizmati zarba kelib tushgan vaqtda uning yonida harakatning «boshqa muhim komandirlari» ham bo‘lgani haqida xabar bergan. Isroillik harbiylarga ko‘ra, Al-Kubaysiy «ko‘p yillar davomida Isroil fuqarolari ustiga raketa yog‘dirish» hamda «ko‘p sonli terrorchilik hujumlari»ni rejalashtirishga mas’ul bo‘lgan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi esa Beyrut bo‘ylab zarba oqibatida olti kishi halok bo‘lgani, 15 kishi yaralangani haqida xabar bergan, ammo ularning qanchasi «Hizbulloh» azolari ekaniga aniqlik kiritilmagan. Guruhning o‘zi ham zarba yuzasidan izoh bermagan.

O‘z navbatida, 24 sentyabr kuni «Hizbulloh» ham Isroil tomon 270 raketa uchirgan. Hayfa, Nazaret, Sfat va boshqa shaharlarda raketa xavfi to‘g‘risida sirenalar yangragan. Vayrongarchiliklar haqida xabar qilinmagan, bir necha kishi jarohatlangan.

SAHALdagilar bombalashning ikki kuni davomida 200 ta turli joyda «Hizbulloh»ga aloqador bo‘lgan 1500 nishonga hujum qilingani — 400 ta raketa uchirish qurilmasi va qurol omborlari bo‘lgan 70 ta bino zarbaga yo‘liqqanini ma’lum qilgan. Isroil armiyasi «Hizbulloh» infratuzilmasini butkul yo‘q qilib, «[Isroil] shimolidagi xavfsizlikni ta’minlash» uchun zarba yo‘llashda davom etishni va’da qilgan.

Livan janubi bo‘ylab aviazarbadan keyin ko‘tarilgan tutun, 2024 yil 24 sentyabr
Kawnat Haju / AFP / Scanpix / LETA

Livandagi vaziyat BMT Bosh assambleyasining Nyu Yorkda davom etayotgan sessiyasida muhokama qilindi. Tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish jahon hamjamiyatini «eskalatsiya yuzasidan xavotir bildirish»ga va Livan «ikkinchi G‘azoga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik»ka chaqirgan. AQSH prezidenti Jo Bayden Isroil bombalashni boshlagani fonida ham diplomatik yechim borligi va «hech kim keng ko‘lamli urushdan manfaatdor emasligi»ni ta’kidlagan.

Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an esa Isroilning G‘azodagi va Livandagi harakatlarini keskin tanqid qilib, «insoniyat 70 yil muqaddam Hitlerni to‘xtatgani kabi Netanyahu hamda uning qotillar to‘dasini ham to‘xtatish»ga chaqirgan. «Biz hozirgi sharoitda [Isroilni tiyib turish uchun] kuch ishlatish masalasini ko‘rib chiqishimiz zarur, deb hisoblaymiz», — degan Turkiya prezidenti.

Isroil hafta boshida Livan hududini keng ko‘lamli bombardimon qilishni boshladi. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 569 kishi halok bo‘lgan, shundan 50 nafari bolalar va 94 nafari ayollar, shuningdek 1835 kishi yaralangan. Mamlakat janubida yashovchi minglab kishilar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil aviatsiyasi Livanni bombalashni davom ettirmoqda