Foto: Zeinab Mohammed Salih
Sudanning Shimoliy Darfur shtatidagi Tavila shaharchasida har kuni kamida 10 nafar bola ochlikdan vafot etadi. Undan 70 kilometr sharqda Shimoliy Darfur poytaxti Al-Fashir joylashgan. So‘nggi oylarda shahar qamal qilinib, urush o‘chog‘iga aylandi. U yerdan qochgan o‘n minglab odamlar esa boshpana uchun Tavilaga kelib, shaharchadagi yagona poliklinikani to‘ldirdi, deb hikoya qiladi The Guardian.
“Ochlikdan o‘layotgan bolalarning aniq soni ancha ko‘p deb o‘ylaymiz. Al-Fashirdan ko‘chirilganlarning ko‘pchiligi klinikamizdan uzoqda yashaydi va bu yerga yetib kelolmaydi”, — dedi Tavilani boshqaradigan fuqarolik ma’muriyatida sog‘liqni saqlash bo‘yicha mas’ul ayol Aisha Husayn Yaqub.
Ochlik yagona qotil emas. Bezgak, qizamiq va ko‘kyo‘tal ham o‘rmon yong‘inidek tez tarqalmoqda.
Husayn iyul oyining dastlabki ikki haftasida tug‘uruq paytida vafot etgan 19 nafar ayol haqida xabar kelganini aytdi. Yanada ko‘proq odamlar Al-Fashir, Abu-Shuk va Zamzam lagerlari yaqinidagi janglarda yaralanib, davolanmay halok bo‘ldi.
Al-Fashir bir necha oydan beri Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari (TQK) tomonidan qamal qilinmoqda. TQK ko‘ngillilar bilan birga Sudan armiyasi va uning ittifoqchilariga qarshi shafqatsiz fuqarolik urushi olib bormoqda.
Tavilaning o‘zida ham o‘tgan yili shiddatli janglar bo‘lib o‘tgan. Endilikda u Al-Fashirdan yagona chiqish joyi — shaharning g‘arbiy darvozasi orqali qochishga muvaffaq bo‘lgan qochoqlar uchun eng yaqin, nisbatan xavfsiz joy hisoblanadi.
Ko‘pchilik Tavila yo‘lida qurollangan to‘dalar hujumiga uchrab, halok bo‘ladi.
“Turmush o‘rtog‘imni Al-Fashirda qoldirib, bola bilan bu yerga qochib keldim”, — deydi 25 yoshli Xadil Ibrohim, uning ikki yoshli qizi Rital to‘yib ovqatlanmagani ortidan yurolmay qolgani uchun klinikaga yotqizilgan. “U harakatchan qizcha edi, yugurardi, boshqa bolalar bilan o‘ynardi”, — dedi Ibrohim. “Endi unga bir qarang. Mening pulim ham, ishim ham yo‘q”.
Foto: Zeinab Mohammed Salih
Al-Fashirdan qochib kelgan va anonim qolishni istagan yana bir ayol shunday dedi: “Bu yerda ovqat yo‘q; kuniga bir mahal yegulik topsangiz, omadingiz keladi. Al-Fashirda bir maromda hayot kechirardik; endi hamma narsamizni yo‘qotdik”.
Tavila fuqarolik ma’muriyati Sudan ozodlik armiyasi tomonidan tashkil etilgan. Ozodlik armiyasini Sudan armiyasi va TQK chiqib ketganidan keyin mahalliy hududni nazoratga olgan qo‘zg‘olonchilar guruhi tuzgan. Yaqin-yaqingacha ayollar shahar chekkasida izg‘ib yurgan ko‘ngillilar tomonidan zo‘rlanishdan qo‘rqib, ko‘chaga chiqa olmas edi.
Shaharchada qiruvchi samolyotlar va bombardimon tovushlari eshitilib turadi. Sudandagi urush oqibatida Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, minglab odamlar halok bo‘lgan, millionlab odamlar qochqinga aylangan. Aholining yarmidan ko‘pi ocharchilik xavfi ostida.
Klinikadagi palatalarda eshik-deraza va hatto karavotlar ham yo‘q, ularning barchasi o‘tgan yilgi jangovar harakatlar davomida yo‘q qilingan.
“Bu joyni qayta ochganimizda bo‘m-bo‘sh edi”, — dedi Husayn. “Agar ko‘proq moliyaviy yordam olmasak, ko‘proq bolalar va onalarni yo‘qotamiz”.
Sudanda chaynaladigan tamaki ishlab chiqarishi bilan mashhur bo‘lgan Tavilada hozirgi urush boshlangunga qadar ichki ko‘chirilganlar uchun oltita lager bor edi. O‘shandan beri yana oltitasi ochildi.
Yil boshida BMT agentliklari va Médecins Sans Frontieres (MCF)dan tashqari barcha xalqaro nodavlat tashkilotlar urush sababli Al-Fashir hududini tark etgan.
Avgust oyida MSF Zamzam lageridagi odamlar uchun oziq-ovqat tashiyotgan ikkita yuk mashinasi TQK tomonidan Tavila g‘arbidagi Kabkabiyada to‘xtatilganini, bu esa gumanitar xodimlarga o‘z manziliga yetishga to‘sqinlik qilganini aytdi.
TQK maslahatchisi keyinroq yuk mashinalariga Kabkabiyadan chiqishga ruxsat berilganini, ammo ular yomg‘irlar mavsum tufayli Al-Fashir yo‘lida to‘xtab qolganini da’vo qildi.
Sudan armiyasi ham yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda. Fevral oyida ular gumanitar tashkilotlarga Darfurga yordam tashish uchun Chaddagi Adre nazorat-o‘tkazish punktidan foydalanishni to‘xtatishni buyurgan. Punkt asosan TQK tomonidan nazorat qilinardi. O‘tgan oyda buyruq uch oyga bekor qilindi, ammo gumanitar tashkilotlar zarur yordamning faqat bir qismi yetkazilayotganini aytmoqda.
Taviladagi ko‘chirilganlar uchun vaqtinchalik lagerga aylantirilgan sobiq maktabda yuzlab oilalar sinfxonalarida yashamoqda.
O‘zaz Ibrohim ismli ayol Al-Fashirdan qochishda onasidan ayrilganini, turmush o‘rtog‘ini tashlab ketishga majbur bo‘lganini aytdi. Boshqa ko‘plab ayollar qo‘l mehnati bilan ozroq pul topadi, ammo O‘zaz Al-Fashirda olgan jarohatlari sabab og‘ir yuk ko‘tara olmaydi.
Uning o‘rniga yetti va to‘qqiz yoshli ikki o‘g‘li ishlaydi, ular yo‘lovchilarni eshakda tashib, oz-moz daromad qiladi. “Boshqa ilojim yo‘q”, — dedi u. “Farzandlarimni ishga yuborishim kerak, shundagina yegulik topishimiz mumkin”.
BMTning Sudandagi gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatori o‘rinbosari Tobi Xarvard Tavila, Al-Fashir va qo‘shni shaharlardagi vaziyatni kun sayin yomonlashib borayotgan gumanitar falokat deb ta’rifladi.
“Yuz minglab begunoh odamlar jiddiy xavf ostida”, — dedi yaqinda mintaqada bo‘lgan Xarvard. “Butun hudud yerdagi jahannamga o‘xshaydi”. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”