Bir oy vayronalar ostida qolgan mushuk tirik topildi

Bir oy vayronalar ostida qolgan mushuk tirik topildi

Venesuelada yuz bergan kuchli zilziladan qariyb bir oy o‘tgach, qutqaruvchilar vayronalar orasidan tirik mushukni qutqarib oldi. Bu voqea fojia oqibatlariga qaramay, mahalliy aholi uchun umid ramziga aylandi.

Ma’lum qilinishicha, mushuk 18 iyul kuni La Guaira shtatida vayron bo‘lgan turar joy majmuasida olib borilgan qidiruv ishlari vaqtida topilgan. Ko‘ngilli qutqaruvchi Andres Karvahal uning qo‘rquvdan binoga chuqurroq yashirinib olganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mushukni qutqarish uchun avvaliga unga ovqat berilgan. Ochlikdan holsizlangan jonivor ehtiyotkorlik bilan yaqinlashib, ovqat yeyishni boshlagan. Shundan keyin qutqaruvchilar uni xavfsiz joyga olib chiqqan.

Qutqarilgan mushuk veterinarlar nazoratiga topshirilib, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. Keyinchalik u egasiz hayvonlar boshpanasiga yuborilishi rejalashtirilgan.

Ko‘ngilli qutqaruvchilarning ta’kidlashicha, vayronalar orasidan tirik jonivorning topilishi og‘ir fojia fonida insonlarga umid bag‘ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 24 iyun kuni Venesuelada ketma-ket sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida 5 200 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 16 mingdan ziyod kishi jarohatlangan, yuzlab binolar vayron bo‘lgan va minglab aholi boshpanasiz qolgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar