17:17 / 05.10.2024
72

Putin administratsiyasidan AQSHga qochgan mulozim...

Putin administratsiyasidan AQSHga qochgan mulozim...
Tarix sahnida 74 yil yashagan sovetlar hukmronligi davrida G‘arb davlatlari va SSSR o‘rtasida jiddiy raqobat kechgan. Har ikki taraf dushman tomondan muhim shaxslarni o‘z tomoniga og‘dirishga uringan.

Bu raqobatda katta miqdorda pullar va shohona hayot va’da qilgan g‘arbliklar yutib chiqqan va Ikkinchi jahon urushidan so‘ng SSSR tarqab ketguncha juda ko‘plab KGB, Tashqi razvedka xodimlarini, olimlar, muhandislar va harbiylarni hamkorlik qilishga ko‘ndirgan.

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiya bir muddat og‘ir vaziyatga tushib qoladi. Bir tomondan — ichki siyosiy va iqtisodiy inqirozlar, boshqa tomondan — chechenlarning bosh ko‘tarishi qariyb 10 yil davomida Rossiyani holdan toydiradi.

Bu paytda KGB o‘rniga tashkil etilgan Federal xavfsizlik xizmati (FSB) ham asosan chechen urushi bilan ovora edi.

1999 yilda Rossiya tepasiga Putin kelgandan so‘ng ko‘p o‘tmay davlat birmuncha o‘zini tiklab oldi. FXXga juda katta e’tibor berila boshlandi va Shimoliy Kavkazda Rossiya hukmronligiga qarshi chiqqan chechenlar ustidan g‘alaba qozonildi.

Rossiya o‘zini o‘nglab borar ekan, G‘arb maxfiy xizmatlari yana rossiyalik muhim shaxslarni o‘z tomonlariga og‘dirish uchun jiddiy harakatlarni boshlaydi.

Ana shunday harakatlardan biri 2017 yilda muvaffaqiyatli yakunlanadi. Putin administratsiyasida muhim lavozimda ishlagan shaxslardan biri amerikaliklar tomoniga o‘tib ketadi. Bu o‘sha paytda 48 yoshda bo‘lgan Oleg Smolenkov edi.

Foto: newsru.com
Oleg Smolenkov kim bo‘lgan?

Oleg Smolenkov 1969 yilda Ivanovo shahrida tug‘iladi. Maktabni tugatganidan so‘ng 1991-1993 yillarda institutlarning birini bitiradi.

U institutda tahsil olib yurgan chog‘ida o‘zining yoshgina o‘qituvchisini sevib qoladi va unga uylanadi. 1999 yilda ayol tanishlari orqali erini Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga valyuta-moliya departamentiga ishga kiritib qo‘yadi.

Oleg qisqa fursatda bu yerda o‘zini ko‘rsata oladi va uni TIVning tashkiliy ishlar boshqarmasiga o‘tkazishadi. So‘ng bir muddat u TIVning kadrlar departamentida ishlaydi.

Ikki yildan so‘ng 2003 yilda Olegni Rossiyaning AQSHdagi elchixonasiga jo‘natib yuborishadi. U Vashingtondagi elchixonada elchining ikkinchi kotibi vazifasida ishlaydi.

Elchixonada Oleg Yuriy Ushakovga yordamchi edi va asosan uning topshiriqlarini bajaradi. Ma’lumot uchun, Yuriy Ushakov hozirgi paytda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yordamchisi hisoblanadi.

2008 yilda Oleg Moskvaga qaytib keladi. Shunda bu paytga kelib Rossiya hukumati apparati rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Ushakov uni yoniga chaqiradi. O‘shanda Rossiya hukumati apparati rahbari Sergey Narishkin edi.

Ma’lumot uchun, Narishkin hozirda Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori, Rossiya Xavfsizlik kengashi a’zosi hisoblanadi.

Ko‘p o‘tmay Olegning mansabi yana oshadi va u Rossiya hukumati qoshidagi Harbiy sanoat komissiyasi mas’ul xodimiga, ko‘p vaqt o‘tmay Rossiya prezidenti huzuridagi Tashqi siyosat boshqarmasi xodimiga aylanadi.

2010 yilda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev farmoni bilan Oleg Smolenkovga 3-toifadagi davlat maslahatchisi va general-mayor unvoni beriladi.

2012 yilda Ushakov Putinning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha shaxsiy yordamchisi etib tayinlanadi. U yana Olegni yoniga chaqirib oladi va o‘z apparatida bosh maslahatchi vazifasiga tayinlaydi.

Olegning xotini Antonina Smolenkova ham ma’lum muddat Moskvada hukumat apparatida prezident ishlari bo‘yicha boshqarmada ishlaydi.

Foto: vietnamnet.vn
Rossiyadan qochish

2017 yil sentyabr oyida Rossiyadagi bir nechta internet nashrlar Chernogoriyaga dam olishga borgan rossiyalik muhim amaldor Oleg Smolenkov va uning oila a’zolari bedarak yo‘qolgani haqida xabar beradi.

Xabarlarda aytilishicha, mehnat ta’tiliga chiqqan Oleg Smolenkov 1917 yil 14 iyun kuni xotini Antonina Smolenkova va uch bolasi bilan Chernogoriyaga uchib ketadi. Siyosatchi Tivat shahrida dam olishni rejalashtirgandi.

O‘sha kuni u Tivat shahriga ham, band qilgan mehmonxonasiga ham bormaydi va izsiz yo‘qoladi. Oleg bilan aloqa yo‘qolgach Rossiyaning Chernogoriyadagi elchixonasi mamlakat politsiyasiga murojaat bilan chiqadi.

Politsiya Smolenkovlar oilasini qidira boshlaydi, biroq ularni hech qayerdan topib bo‘lmaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, er-xotin o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga oxirgi marta izsiz yo‘qolganidan bir oy avval, 21 iyulda kirgani ma’lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng Rossiya Tergov qo‘mitasi holat yuzasidan “Qotillik” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Surishtiruvlar boshlab yuboriladi. Biroq Smolenkovlar oilasining o‘ligi ham, tirigi ham topilmaydi.

Smolenkovlar oilasining yo‘qolishi 2017 yil iyun oyida AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiyaning AQSHdagi elchisi Sergey Kislyakovni qabul qilganidan so‘ng sodir bo‘ladi.

O‘shanda Amerika maxfiy xizmat xodimlarida Tramp tarafdorlari va rossiyalik yuqori martabali amaldorlarning aloqasi haqida turli shubhalar paydo bo‘ladi.

Yuriy Ushakov
Foto: alamy.com

Smolenkovlar oilasining AQSHga qochib ketgani haqida ilk bor 2017 yil kuzda CNN telekanali xabar beradi. Xabarda MRB Rossiya hukumatida ishlovchi manbasini Amerikaga olib kelish bo‘yicha yashirin operatsiya o‘tkazilgani va u muvaffaqiyatli amalga oshirilgani aytiladi.

Shundan so‘ng Oleg Smolenkovning Chernogoriya orqali AQSHga qochib ketgani haqida dunyoning boshqa yetakchi OAVda ham xabar tarqaladi.

Ko‘p o‘tmay The Guardian va Chernogoriyaning Pobjeda gazetasi jurnalistlari Smolenkovlar oilasining to‘satdan yo‘qolib qolishi bo‘yicha o‘tkazgan surishtiruvini e’lon qiladi.

Unga ko‘ra, 2017 yil iyun oyida Donald Tramp Sergey Lavrov va Rossiyaning AQSHdagi elchisi Sergey Kislyakovni qabul qilgan paytida MRB Rossiya hukumatida ishlovchi amaldordan ma’lumotlar olib turganiga shama qilgan.

Shundan so‘ng amerikaliklar Oleg Smolenkov fosh bo‘lib qolishi mumkinligini inobatga olib, undan AQSHga ko‘chib o‘tishni so‘ragan. Oleg rozi bo‘lgan va Chernogoriya orqali qochish rejasi ishlab chiqilgan.

Smolenkov va uning oilasi amerikaliklarning iltimosi bilan Chernogoriyaning Porto Montenegro portida yaxtaga o‘tirgan va Italiyaga yo‘l olgan. Bu yerda ularni MRB xodimlari kutib olgan va Amerikaga olib ketgan.

2018 yilda ayrim OAVda Smolenkovlar oilasi Amerikada Vashington yaqinidagi shaxsiy uyga joylashgani haqida xabarlar tarqaladi.

O‘sha yili yozda Rossiya OAV er-xotin Smolenkovlar Virjiniya shtatidagi Stafford shahrida uch qavatli uyni 925 ming dollarga sotib olgani haqida xabarlar chiqadi.

Rossiyaliklar Oleg Smolenkov MRB bilan hamkorlik qilganini va oilasi bilan okean ortiga qochib ketganini The Guardian nashrida e’lon qilingan surishtiruvdan so‘ng bilishadi. Ungacha FXX Smolenkovlar oilasi o‘g‘irlangan yoki ularning joniga qasd qilingan deb hisoblanayotgandi.

Foto: rbc.ru
Hatto avvaliga Rossiya Tergov qo‘mitasi Smolenkovlar oilasining izsiz yo‘qolishi bo‘yicha jinoyat ishi ham qo‘zg‘atadi va surishtiruv ishlarini olib boradi.

Keyinroq ayrim manbalar Olegning qochib ketgani oshkor bo‘lgach jinoyat ishi yopilgan deydi, boshqalari hanuzgacha yopilmaganini aytadi.

Amerika tomoni Smolenkov anchadan buyon MRB foydasiga ishlaganini va amerikaliklarga juda qimmatli ma’lumotlar berganini ma’lum qiladi. CNN bu haqda hujjatli film tayyorlab ommaga namoyish etadi.

Biroq shunda ham Rossiya tomoni Smolenkov amerikaliklar uchun xizmat qilmaganini, bu haqda tarqatilayotgan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytib chiqadi.

Jumladan, Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova CNN tomonidan e’lon qilingan surishtiruvni «klassik propaganda», deb ataydi.

Hatto 2019 yilda Rossiyada Oleg Smolenkov «bedarak yo‘qolgan shaxs» sifatida qidiruvga beriladi. Hatto uni topib berish bo‘yicha Interpolga ham murojaat qilinadi.

O‘sha paytda rossiyaliklar nima qilib bo‘lsa ham Smolenkovning sotqinligini rad etib, uning Amerikaga maxfiy ma’lumotlar berib kelganini xaspo‘shlashga urinadi.

Hatto Kremldagilar Smolenkov haqiqatan Rossiya prezidenti administratsiyasida ishlaganini, unda maxfiy ma’lumotlar olish uchun imkoniyat bo‘lmaganini va «yo‘qolishidan» bir necha yil avval uni ishdan haydashganini aytadi.

Biroq turli manbalar Smolenkov Putin administratsiyasidagi muhim lavozimlarda ishlagan paytida turli maxfiy ma’lumotlar olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Putin, Lavrov va Ushakov
Foto: newsforbreakfast.ru

Oleg qachondan boshlab MRB bilan hamkorlik qila boshlagani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, u amerikaliklar bilan Rossiyaning AQSHdagi elchixonasida ishlab yurgan paytida aloqa o‘rnatgan va ularga ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni berib kelgan.

Oleg Smolenkov hozir oilasi bilan AQSHda yashayotgani aytiladi. So‘nggi yillarda u haqda jiddiy xabar chiqmagan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin administratsiyasidan AQSHga qochgan mulozim...