date
views 111

Tibbiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilindi

Tibbiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilindi
Fiziologiya va tibbiyot boʻyicha 2024 yilgi Nobel mukofoti amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkanga berildi.

Olimlar “mikroRNKni kashf qilgani va genlar ekspressiyasining transkriptsiyadan keyingi boshqaruvida ularning rolini oʻrgangani uchun” Nobel bilan taqdirlandi.

Ambros va Ravkan ishlarining katta qismi molekulyar biologiya va genetikaga bagʻishlangan. Ular 1993 yilda mikroRNKni kashf etgan. Ularning tadqiqotlari natijalari klonlash va sekvenirlash rivojlanishiga turtki boʻldi, deyiladi Nobel mukofoti saytida.

MikroRNK — ribonuklein kislotasining qisqa molekulalaridan iborat alohida sinf boʻlib, boshqa molekulalar qatori koʻplab genlarning faolligini belgilaydi. Koʻp hollarda organizmning u yoki bu hujayralarida ma'lum bir genning faollashishi aynan mikroRNKga bogʻliq boʻladi.

2023 yilda tibbiyot sohasida Nobel mukofoti Katalin Kariko va Dryu Vaysmanga “COVID-19 ga qarshi samarali mRNK-vaktsinalarni ishlab chiqishga imkon bergan nuklein kislotalar asoslarini modifikatsiya qilish sohasidagi kashfiyotlari” uchun topshirilgandi.

Fiziologiya va tibbiyot sohasidagi mukofot sovrindorlarining e'lon qilinishi Nobel haftaligiga start berdi. 8 oktyabrda fizika, 9 oktyabrda kimyo, 10 oktyabrda esa adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti gʻoliblarining nomlari ma'lum boʻladi.

11 oktyabr kuni Osloda tinchlik mukofoti sovrindori e'lon qilinadi, 14 oktyabrda esa iqtisodiyot boʻyicha mukofot gʻolibi aniqlanadi.

Nobel mukofotining har bir kategoriyasi uchun 11 million shved kronasi tadqim etiladi. Bu bir million dollardan biroz koʻproq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tibbiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilindi