15:50 / 08.10.2024
25

O‘zbekiston harbiylari xalqaro “Kembriya patruli” tanlovida 2-o‘rinni oldi

O‘zbekiston harbiylari xalqaro “Kembriya patruli” tanlovida 2-o‘rinni oldi
Foto: “Dunyo” AA
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi “Kembriya patruli 2024” xalqaro musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Ma’lum qilinishicha dunyoning eng murakkab va nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri bo‘lgan “Kembriya patruli” 4—7 oktyabr kunlari Uelsda (Buyuk Britaniya) o‘tkazildi. Joriy yildagi musobaqalarda 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etdi.

Har bir jamoa 70 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, eng murakkab tabiiy va taktik to‘siqlarni yengdi. Har 8-10 kilometrda marshrutning turli joylarida ishtirokchilar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakat qilish, hujum operatsiyalari va murakkab joylarda yo‘nalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajardi.

Umumiy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, britaniyalik harbiy mutaxassislar O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining tayyorgarlik darajasini yuksak baholab, ularning professionalizmi va jangovar vazifalarni bajarishdagi mukammal ko‘nikmalarini e’tirof etdi”, deyiladi xabarda.

“Kembriya patruli” 60 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Musobaqa dunyo bo‘ylab harbiy bo‘linmalarni haqiqiy jangovar sharoitlarda ularning jangovar ko‘nikmalari va chidamliligini sinovdan o‘tkazish uchun birlashtiradi. Unda ishtirokchi bo‘linmalar 48 soatdan kamroq vaqt ichida 70 kilometr masofani bosib o‘tib, ko‘plab harbiy manyovrlar va patrullik vazifalarini bajaradi. Mashg‘ulotlar Uelsning markaziy qismidagi tog‘lar va botqoqliklar kabi o‘tish qiyin bo‘lgan hududlarda o‘tkaziladi.

“Kembriya patruli” birinchi marta 1959 yil avgustda general mayor Lyuis Pyu tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda bo‘linmalar Uelsning g‘arbiy qirg‘og‘idagi Tonfanau shahridan Kembriya tog‘lari bo‘ylab uzoq masofaga marsh-brosok o‘tkazgan. Shundan buyon mashg‘ulotlar doimiy ravishda yangilanib, zamonaviy sharoitlarga moslashtirildi.

Musobaqalarda jamoalar sakkiz nafar erkak yoki ayollardan tashkil topgan holda murakkab hududlarda patrullik qiladi. Bu sinov liderlik qobiliyati, o‘z-o‘zini boshqarish, jasorat, jismoniy chidamlilik va qat’iyatlikni talab etadi.

Ko‘plab jamoalar musobaqani yakunlay olmaydi, marraga yetib borganlar esa uchta mukofot — oltin, kumush yoki bronza medallaridan biri qo‘lga kiritadi.

O‘zbekiston razvedkachilari “Kembriya patruli” musobaqasida 2017 yili 2-o‘rinni, 2018 va 2019 yillarda birinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. 2021 yilda yana 2-o‘rinni egalladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbekiston harbiylari xalqaro “Kembriya patruli” tanlovida 2-o‘rinni oldi