date
views 150

Florida shtatiga “Milton” toʻfoni etib keldi. Soʻnggi tafsilotlar...

Флорида штатига “Милтон” тўфони eтиб келди. Сўнгги тафсилотлар...
Foto: Reuters
“Milton” toʻfoni Floridaning markaziy gʻarbiy qirgʻogʻida, Sarasota shahri yaqinidagi Siesta-Ki oroli hududida quruqlikka chiqdi. Bu haqda AQSh dovullarni oʻrganish milliy markazi xabar berdi.

Soʻnggi soatlarda Floridaning qirgʻoq boʻyidagi shaharlaridan okean sathining tez koʻtarilayotgani haqida xabarlar kela boshladi. “Milton”ning ta'sir doirasidagi koʻplab aholi punktlari past qirgʻoqda joylashgani sababli boʻron ularga nafaqat kuchli shamollar, balki tsunami kabi halokatli suv toshqini xavfini ham tugʻdirmoqda.

Foto: Reuters
Florida gubernatori Ron de Santis joriy vaziyat boʻyicha brifing oʻtkazib, “Milton” qirgʻoqqa chiqqanini e'lon qildi. U dovulning asosiy zarbasidan oldin shtatda kamida 19 ta tornado qayd etilganini ma'lum qildi.

Qurbonlar qayd etildi

Floridaning sharqiy sohilidagi Sent-Lyusi okrugida halok boʻlganlarning jasadlari topilgani ma'lum qilindi. Bu haqda CNN mahalliy sherif Kit Pirsonga tayanib xabar bermoqda.

Foto: Bloomberg
Aniq raqamni aytmaymiz, ammo shuni ta'kidlashim mumkinki, allaqachon bir nechta marhumning jasadini topdik”, — deya uning soʻzlarini keltirdi telekanal. Shuningdek, sherif mintaqadagi yuzlab uylar “butunlay vayron boʻlgani”ni aytdi.

Floridada yarim million iste'molchi elektr ta'minotisiz qoldi

“Milton” Floridaga asosiy zarbani bermasdan oldin, uning atrofidagi kuchli shamollar, tornado va jala butun shtat boʻylab yuz minglab abonentlarni elektr energiyasidan mahrum qildi.

PowerOutage.us xizmati xabar berishicha, Florida shtatining turli okruglarida 500 mingga yaqin uy va kompaniyalar elektr ta'minotidan uzilgan.

Foto: Anadolu Agency
Okean qirgʻogʻini suv bosmoqda

CNN “Milton” yoʻlida Sharlott-Harbor hududidagi qirgʻoqni okean toʻlqinlari bosib kelayotgani aks etgan kadrlarni namoyish qildi.

Meteorologlar, “Milton” biroz zaiflashganiga qaramay, okean sohillarining ba'zi joylarida odatiy oʻrtacha darajadan 4,5 metrgacha koʻtarilishi va aholi punktlarini suv bosishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: Getty images
Bayden Tramp va uning tarafdorini “Milton” toʻfoniga hukumatning munosabati haqida yolgʻon tarqatishda aybladi

AQSh prezidenti Jo Bayden prezidentlikka nomzod Donald Trampni “Milton” va “Helen” toʻfonlari munosabati bilan koʻrilgan hukumat chora-tadbirlari haqida ahmoqona va chalkash ma'lumotlar, ochiqdan ochiq yolgʻonlar tarqatishda aybladi.

Bunday yolgʻon amerikaliklarga mutlaqo xos emas, bunga hozir ham, umuman hech qachon oʻrin boʻlmasligi kerak” — dedi Bayden 9 oktyabr kuni “Milton” toʻfonining Floridaga yaqinlashayotgani haqidagi matbuot anjumanida.

Baydenga koʻra, Tramp federal hukumat jabrlanganlarga yordam miqdorini 750 dollar bilan cheklangani, mahalliy hokimiyatlar “Helen” toʻfoni ta'siriga uchragan koʻchmas mulklarni egallab olayotgani va dovul oqibatlariga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablagʻlar muhojirlarni qabul qilishga sarflanayotgani haqida da'vo qilmoqda.

Bayden Trampning koʻzga koʻringan tarafdori, kongressmen Marjori Teylor Grinni ham tanqid qildi. Grin AQSh federal hukumati ob-havoni boshqaradi, degan da'voni ilgari surgan.

Ob-havoni boshqarayapmizmi?! Bu hatto kulgili ham emas! Shunchalar ahmoqlikki!”, — deya ta'kidladi prezident.

Ayrim taniqli respublikachilar, Tramp va Grinning hamfikrlari ham demokrat Baydenga sirtdan qoʻshildi.

“Milton” birinchi toifaga tushdi

Amerikaning dovullarni oʻrganish milliy markazi ma'lumotlariga koʻra, hozirda “Milton” markazi Floridadagi Kanaveral burnidan 105 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shamolning maksimal tezligi 150 km/soatni tashkil etadi.

Hozir eng kuchli yomgʻirlar boʻron markazidan shimoli-gʻarbda joylashgan Orlando shahri hududida yogʻmoqda

Tungi soat ikkilarda Amerika dovullarni oʻrganish milliy markazi “Milton” quruqlikka chiqqandan soʻng biroz kuchsizlanib, ikkinchi toifaga oʻtganini e'lon qilgandi.

Ikkinchi toifadagi dovulda doimiy shamol tezligi 154 dan 177 km/soatgacha boʻladi.

CNN xabar berishicha, AQSh Federal favqulodda vaziyatlar agentligi rahbari Dienn Krisvell Florida aholisini boshpanalardan chiqishga shoshilmaslikka chaqirdi va toʻfon hamon oʻlim xavfini tugʻdirayotganini ta'kidladi.

Krisvellning soʻzlariga koʻra, Floridaning 70 mingdan ortiq aholisi hukumat tomonidan tashkil etilgan boshpanalarga evakuatsiya qilingan.

Floridaning gʻarbiy sohilidagi Sankt-Peterburg shahrida “Milton” keltirgan noqulay ob-havo paytida 400 millimetrdan ortiq yomgʻir yogʻdi. Taqqoslash uchun Londonda yiliga oʻrtacha 600 millimetrdan kam yogʻin yogʻadi.

Florida shtatining koʻplab joylarida, shu jumladan, Sankt-Peterburgga qoʻshni Tampeda toshqin xavfi haqida takroriy ogohlantirishlar berildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo