date
views 105

Frontdagi vaziyat: Vuhledar boy berilishi ukrain mudofaasidagi inqirozni kuchaytirdi...

Frontdagi vaziyat: Vuhledar boy berilishi ukrain mudofaasidagi inqirozni kuchaytirdi...
Vincenzo Circosta / Anadolu / Getty Images
Rossiya qurolli kuchlari Vuhledarni egallagach, shahar shimolidagi oʻrmonzorlarda Ukraina qurolli kuchlarining barqaror mudofaasiga duch keldi. Ammo shahardan gʻarbda, Ukrainaning boshqa bir «qal'asi» — Velika Novosilkaga olib boruvchi yoʻlda — aftidan, bunday mustahkam mudofaa chizigʻi yoʻq. Ukraina qurolli kuchlari bu uchastkada kuchsizlangani, rasmiy ravishda Vuhledar qulashi bilan bogʻliq emas. Bu yoʻnalishda shahar mudofaasida qatnashmagan boʻlinmalar himoyalanmoqda.

RF qurolli kuchlari ularga zarba berdi va lokal yutuqqa erishdi — Vuhledardan 15 kilometr gʻarbda joylashgan Zolotaya Niva qishlogʻi egallab olindi. Istiqbolda bu Ukrainaga yangi inqiroz bilan tahdid qiladi — bu safar Velika Novosilka hududida. Vuhledardan shimolda ham Ukraina qurolli kuchlari uchun ogʻir vaziyat yuzaga kelmoqda — bu erda Rossiya armiyasi shimol va sharqdan Kuraxovo tomon umumiy yoʻnalish boʻylab oldinga siljimoqda. Agar RF qurolli kuchlarining shu dinamikasi saqlanib qolsa, yil oxiriga borib Ukraina butun janubiy Donbassni yoʻqotishi mumkin.

Vuhledar fronti

Ukraina qurolli kuchlari uchun Vuhledar frontidagi muammo shundaki, ikki yildan ortiq vaqt mobaynida shaharni himoya qilib kelgan guruh uni tashlab chiqqach shimolga yoʻl oldi, Rossiya qoʻshini esa, aftidan, gʻarbiy yoʻnalishda hujum qilishga qaror qilgan. Shahardan gʻarbdagi hududlarda Ukraina qurolli kuchlarining 58-motopiyodalar brigadasi joylashgan, bu brigada oʻtgan oyda Rossiya qoʻshini Vuhledarga gʻarbdan yorib kirishiga yoʻl qoʻyib bergan (va bu shahar taqdirini hal qilgandi), Prechistovka qishlogʻini boy bergandi, endi esa — unga qoʻshni Zolotaya Niva qishlogʻini ham.

Vuhledar ichkarisida himoyalangan 72-mexanizatsiyalashgan brigada esa RF qurolli kuchlari Bogoyavlenka va undan keyin Kuraxovoga oʻtmasligi uchun shahardan shimoli-gʻarbda yangi mudofaa chizigʻi tashkil etishga harakat qilmoqda.

Rossiya qoʻshinida endi Ukraina qurolli kuchlarining Velika Novosilkaga (bu Ukrainaning Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasidagi tayanch punkti sanaladi) olib boruvchi yoʻldagi kuchsiz mudofaasiga hujum qilish imkoniyati yuzaga kelgan.

Shu bilan bir vaqtda, Rossiya qoʻshini Vuhgledardan shimolroqda — yozda egallab olingan Novomixaylovka tomondan hujumni davom ettirmoqda. RF qurolli kuchlari Suxie Yali daryosining ikki qirgʻogʻi boʻylab ham hujum qilmoqda va allaqachon Katerinovka hamda Antonovka qishloqlari uchun jang boshlagan. Kelgusida bu yurish Rossiya qoʻshinlarini Bogoyavlenka shimoliga, 72-brigada pozitsiyalari ortiga olib chiqishi mumkin.

RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining Vuhledar guruhi orti hisoblangan Kuraxovo yoʻnalishida ham hujum qilayotgani hisobga olinsa, Vuhledar qulaganidan keyin Ukraina qoʻshinlarining janubiy Donbassdagi holati borgan sari ogʻirlashmoqda.

Pokrovsk va Kuraxovo yoʻnalishlari

Rossiya qoʻshini Kuraxovo suv omborining sharqiy chekkasiga, Ostrovskoe qishlogʻi hududiga etib kelgan. Shu bilan bir vaqtda, rossiyalik harbiylar suv omboriga shimoldan ham yurish qilmoqda, Sukurino posyolkasining bir qismi va atrofdagi konlarni egallagan. Hozircha Kuraxovoga toʻgʻridan toʻgʻri tahdid yoʻq — shahar suv omborining janubiy sohilida joylashgan.

Donetsk shahri va Gornyak posyolkasi oraligʻida, Nevelske qishlogʻi atrofidagi keng boʻrtiq hududni himoya qilgan ukrain qoʻshini taqdiri oxirigacha ma'lum emas. Bu guruh Rossiya armiyasi ta'minot uchun qulay boʻlgan Donetsk — Pokrovsk trassasidan foydalanishiga toʻsqinlik qilib kelayotgandi. Agar Ukraina qurolli kuchlari hamon Gornyakdan sharqda turgan boʻlsa (posyolkaning oʻzi allaqachon RF qurolli kuchlari tomonidan shturm qilinmoqda), unda ular qurshov xavfi ostida qolgan boʻladi. Ammo ukrain qoʻshini allaqachon boʻrtiq hududni tark etgan boʻlishi ham mumkin (hozircha buni tasdiqlovchi vizual tasvirlar paydo boʻlgani yoʻq).

Gornyak va Sukurinoni mudofaa qilayotgan qoʻshin ortida RF qurolli kuchlari muhim shahar Selidoveni qurshab olmoqda. U allaqachon shimol va janubdan aylanib oʻtilgan, Ukraina qurolli kuchlari faqat sharqdan qilinayotgan hujumlarni qaytarib turibdi. Selidovening qulashi ukrainlarning butun Pokrovsk-Kuraxovo yoʻnalishidagi mudofaasi inqiroziga olib kelishi mumkin — mudofaa ikkita bir-biriga bogʻlanmagan qismga ajralib qoladi (mos ravishda Pokrovsk va Kuraxovoni himoya qiluvchi guruhlarga).

Bu vaqtda RF qurolli kuchlari Selidovedan shimoldagi hudud boʻylab Pokrovskning oʻziga yurish boshlagan. Ilgʻor boʻlinmalar Mirnograd chekkasiga etib kelgan va Pokrovskdan etti kilometr masofada turibdi. Ammo RF qurolli kuchlari ushbu shaharni shturm qilishni rejalashtirayotgani boʻyicha hech qanday ma'lumot yoʻq. Asosiy kuchlar hamon Selidovedan janubroqda harakatlanmoqda.

Kupyansk fronti

Rossiya qoʻshini Oskol daryosiga yaqin joylashgan Kruglyakovka va Kolesnikovka qishloqlari chekkasiga etib kelgan. Oskol boʻylariga chiqish — Rossiyaning Kupyansk shahri yoʻnalishida bir yildan ortiq vaqtdan buyon davom etayotgan yurishining bosh maqsadidir.

Agar Rossiya qoʻshini daryo sohiliga etib kelsa, bu Kupyanskning sharqiy qismi (Kupyansk-Uzlovoy) mudofaasini qiyinlashtiradi: RF havo-kosmik kuchlari muntazam ravishda Kupnyaskning oʻzida Oskol daryosidan oʻtish yoʻllarini bombardimon qilmoqda, agar janubga olib boruvchi yoʻl kesib qoʻyilsa, bu Ukraina qurolli kuchlari ta'minotini qiyin ahvolga solib qoʻyadi.

Katta ehtimol bilan, RF qurolli kuchlari daryo sohiliga etib kelgach, Kupyanskka uch tomondan — shimol, sharq va janubdan kirishga harakat qiladi. Ukraina qurolli kuchlarini daryoning narigi sohiliga surib tashlamasdan va asosiy yoʻllarni oʻz nazoratiga olmasdan, Rossiya qoʻshinining Oskol boʻylab janubga — Borovaya va keyin Liman tomon yurishini amalga oshirib boʻlmaydi: Oskoldan sharqda harakatlanayotgan Rossiya guruhi hozirning oʻzidayoq ta'minot yoʻllari yoʻqligidan qiynalmoqda.

Kursk oblasti

Kursk oblastida ikki armiya ham oʻz yurishini davom ettirmoqda: RF qurolli kuchlari chegara boʻylab zarbalar berish orqali Sudja va undan shimoldagi ukrain guruhini ajratib qoʻyishga urinmoqda; Ukraina qurolli kuchlari gʻarbroqda hujum qilib, Glushkovo rayoni markaziga kirishga — va Rossiya yurishini toʻxtatishga urinmoqda.

Ikki tomon ham cheklangan taktik yutuqlarga erishgan. Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarning Veseloe qishlogʻidagi pozitsiyalarini chetlab oʻtgan, ammo uning oʻzini egallay olmagan. Veseloe mudofaasi uchun kattagina kuch ajratishga majbur boʻlgan RF qurolli kuchlari Sudjadan gʻarbda joylashgan Lyubimovka qishlogʻining bir qismini egallashga muvaffaq boʻldi, ammo hozircha muvaffaqiyatni rivojlantira olmayapti. Sudjadan janubi-sharqdagi Borki qishlogʻini egallagan Rossiya qoʻshini qoʻshni Plexovoga yorib kirishga uringan, ammo koʻp miqdordagi texnikalaridan ayrilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi vaziyat: Vuhledar boy berilishi ukrain mudofaasidagi inqirozni kuchaytirdi...