06:33 / 11.10.2024
8

Floridaga yopirilgan «Milton» to‘foni oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi

Floridaga yopirilgan «Milton» to‘foni oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi
Foto: Joe Raedle / Getty images
AQSHning Florida shtatiga «Milton» to‘foni yopirildi — kun yorishishi bilan tabiiy ofat yetkazgan zarar ko‘lami ko‘zga tashlana boshladi. Shtat gubernatori Ron Desantisning so‘zlariga ko‘ra, to‘fon oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Tunda «Milton» to‘foni Floridaning markaziy qismi bo‘ylab o‘tdi va tornado hodisalarini keltirib chiqarib, o‘nlab uylarni, shuningdek, Spanish Lakes Country Club qariyalar uyini vayron qildi.

«Yetkazilgan zararning haqiqiy ko‘lamini bir kundan keyin bilamiz. To‘fon kuchli bo‘ldi, ammo baxtimizga, kutilganidek vayronkor emas», — deya qo‘shimcha qiladi Desantis.

«Milton»ning quruqlik bo‘ylab harakati kuchli yomg‘irlar va vayronkor bo‘ronlar bilan birga kechdi. NASA kosmodromi joylashgan Kanaveral burnidan taxminan 75 km janubi-g‘arbdan o‘tgan to‘fon natijasida suv sathi maksimal 3 metrgacha ko‘tarilgan — undan oldingi halokatli «Helen» to‘foni oqibatida dengiz suvi sathi 4,5 metrdan ortiqqa ko‘tarilgan edi. «Milton», shuningdek, ko‘p miqdordagi yog‘ingarchilikni yuzaga keltirdi: masalan, g‘arbiy sohildagi Sankt-Peterburg shahrida «Milton» keltirgan noqulay ob-havo paytida 400 millimetrdan ortiq yomg‘ir yog‘di. Taqqoslash uchun Londonda yiliga o‘rtacha 600 millimetrdan kam yog‘in yog‘adi.

To‘fon Floridadagi elektr ta’minotini falaj holatiga keltirdi: 3,2 million kishi elektr energiyasisiz qolgan, shtatdagi ko‘plab uylar yakson bo‘lgan yoki ularga shikast yetgan.

Avvalroq «Milton» tufayli «Ramshtayn» formatidagi muzokaralar bekor qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Sammitga 20 ga yaqin davlat yoki ularning hukumatlari yetakchilari kelishi va unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining «g‘alaba rejasi»ni taqdim etishi rejalashtirilgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Floridaga yopirilgan «Milton» to‘foni oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi
ePN