Ukrainada KXDR askarlari jang qilyaptimi — va ular Rossiya armiyasiga qanday yordam bera oladi?

Foto: Reuters
Shimoliy koreyalik askarlar Rossiya armiyasiga yordam uchun Ukrainaga yuborilayotgani toʻgʻrisida xabarlar koʻpayib bormoqda. Oʻtgan haftada «Interfaks-Ukraina» va KyivPost ukrain razvedkasidagi manbalariga havola qilgan holda, 3 oktyabr kuni Ukraina qurolli kuchlarining Donbassning okkupatsiya qilingan qismida Rossiya poligoniga yoʻllagan raketa zarbasi oqibatida shimoliy koreyalik olti zobit halok boʻlgani hamda uch nafari yaralangani haqida xabar tarqatgandi.
Manbalarga koʻra, KNDRdan boʻlgan zobitlar guruhi bu erga «tajriba almashish doirasida» rossiyalik hamkasblar bilan uchrashish uchun kelgandi. Aslida ham shundaymi, agar ha boʻlsa, KXDR harbiylari Ukrainada jang qilayotgan Rossiya qoʻshiniga qanday yordam berishi mumkin? BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev shu haqda fikr yuritdi.
Ukraina razvedka bosh boshqarmasi ham Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlariga Shimoliy Koreyadan cheklangan miqdordagi harbiy xizmatchilar kontingenti, jumladan, muhandislik qoʻshinlari boʻlinmalari kelgani haqida xabar bergandi. Rossiya tomoni bu ma'lumot yuzasidan izoh bermagan.
8 oktyabr kuni Janubiy Koreya parlamentida mamlakat mudofaa vaziri Kim Yon Hyon ham shimoliy koreyalik harbiylar Rossiyaga yordam koʻrsatish uchun Ukrainaga yuborilgan boʻlishi mumkinligi haqida gapirdi. Uning hisoblashicha, Donbassning Rossiya tomonidan bosib olingan qismida shimoliy koreyalik askarlar halok boʻlgani toʻgʻrisidagi xabar, katta ehtimol bilan, haqiqatga toʻgʻri keladi.
«Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy ittifoqqa oʻxshash kelishuv imzolagani tufayli harbiylar frontga yuborilishi ehtimoli yuqori», — deya vazirning soʻzlarini keltirgan Janubiy Koreyadagi Yonhap nashri. Gap 2024 yil iyunida shimoliy koreyaliklar etakchisi Kim Chen In va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasida imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasi haqida bormoqda.
Shimoliy koreyalik harbiylar Ukrainadagi harbiy harakatlarda Rossiya tomonida turib ishtirok etayotgan boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar oldin ham tarqalgandi. 2023 yil sentyabrida Vladimir Putin bunday xabarlarni «gʻirt yolgʻon» deb atagandi — oʻshanda u KXDR yoʻlboshchisi Kim Chen In bilan Rossiyaning Vostochniy kosmodromida uchrashgandi.
2024 yil iyunida, Putin Kim Chen In bilan oʻzaro mudofaa haqidagi bandni ham oʻz ichiga oluvchi shartnomani imzolaganida, undan shimoliy koreyalik askarlardan «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiya hukumati Ukrainadagi urushni shunday ataydi) oʻtkazishda foydalanish imkoniyati haqida soʻrashgandi. «Biz buni hech kimdan soʻramaymiz, buni bizga hech kim taklif qilmagan», — deya javob qaytargandi Rossiya prezidenti.

«Hech qanday dalil keltirilmagan»
Moskva ham, Pxenyan ham harbiy hamkorlikni kuchaytirayotganini yashirmaydi.
2023 yil iyulida Rossiyaning oʻsha vaqtdagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Rossiya davlat nashrlari yozishicha, «harbiy aloqalarni mustahkamlash» uchun Pxenyanga borgan, sentyabr oyida Kim Chen In Rossiyaning Uzoq Sharq hududiga kelgandi.
Oʻshanda, 2023 yil sentyabrida, Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol BMT bosh assambleyasida Rossiya harbiy texnologiyalari evaziga KXDRdan Rossiyaga qurollar etkazib berilayotgani ehtimoli haqida gapirgandi.
2023 yil 16 oktyabrda Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI)ning Rossiyaga KXDRdan keng koʻlamda oʻq-dori etkazib berish boshlangani haqidagi hisoboti chiqqandi. Unga sun'iy yoʻldosh orqali olingan tasvirlar ilova qilingan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga javoban bu xabarlar dalillarga asoslanmaganini aytgandi. «Bu nafaqat britan razvedkasi, balki Amerika razvedkasi ham. Ular hamisha shunday xabar berib, hech qanday dalil taqdim etishmaydi», — degandi Peskov.
Ammo 2023 yil oxirida Rossiyadagi militar guruhlar Rossiya boʻlinmalari Ukrainada qoʻllagan shimoliy koreyaliklarning snaryadlari va minalarining texnik xususiyatlarini qizgʻin muhokama qilishdi (ular bu oʻq-dorilarning sifati yaxshi emasligi va moʻljalga etib bormasligini tanqid qilishdi).
2024 yil yanvarida esa AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar boʻyicha koordinatori Jon Kirbi Rossiya KXDRdan ballistik raketalar ham olgani va allaqachon ularni Ukrainaga qarshi qoʻllagani haqida aytdi.
Pxenyanning Ukrainaga harbiy muhandislar va quruvchilar boʻlinmalarini yuborish rejasi haqidagi xabarlar 2024 yil iyunida, Vladimir Putinning KXDRga tashrifi ortidan tarqalgandi. Janubiy Koreyaning TV Chosun telekompaniyasi, shuningdek, Amerikaning Urushlarni oʻrganish instituti ma'lumotiga koʻra, KXDR armiyasida oʻnta muhandislik brigadasi mavjud, shundan uch-toʻrttasi Rossiyaga yuborilishi mumkin. Buning uchun Pxenyan Moskvadan har yili 115 mln dollargacha mablagʻ olishi mumkin, deyiladi TV Chosun xabarida.
«Men gap nima haqida ketayotganini bilmayman», — deya bu xabarga munosabat bildirgan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Iyul oyi boshida esa Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi KCNA Kim Ir Sen nomidagi harbiy universitet prezidenti Kim Gim Chhol boshchiligidagi harbiy tayyorgarlik boʻyicha elita delegatsiyasi Rossiyaga uchib ketatgani haqida xabar tarqatdi. Jurnalistlarning shimoliy koreyalik harbiylarning ushbu tashrifi maqsadi yuzasidan aniqlik kiritish boʻyicha soʻroviga javoban Dmitriy Peskov RF mudofaa vazirligiga yuzlanishni taklif qilgan.
Shimoliy Koreya armiyasi haqida nimalar ma'lum?

Qator baholarga koʻra, KXDR harbiy byudjeti mamlakat YaIMning 20 foizini tashkil etadi. Qashshoqlik va mamlakat ihotalangani tufayli bu yiliga 6-8 mlrd dollardan oshmaydi va Pxenyan oʻzining asosiy dushmanlari deb biladigan Yaponiya va Janubiy Koreya harbiy byudjetidan taxminan olti barobar kichik
Shimoliy Koreyaning oʻzi kabi, uning armiyasi ham — maksimal darajada yopiq tuzilma boʻlib, uning tarkibi boʻyicha faqat taxminiy ma'lumotlar bor, uning jangovar qobiliyati boʻyicha baholar esa bahsli. Uning ajralib turadigan asosiy jihati — askarlar sonidir. Mamlakatda barcha, jumladan ayollar uchun ham harbiy xizmat majburiy, xizmat muddati qaysi qoʻshindaligiga qarab uch yildan 10 yilgacha boʻladi.
Xalqaro strategik tadqiqotlar institutiga koʻra, 2018 yilda KXDR qurolli kuchlari soni boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda edi — unda 1,2 mln atrofidagi kishi xizmat qilgan.
Rossiya strategik tadqiqotlar instituti eksperti Andrey Gubin bu oshirib koʻrsatilgan raqam boʻlishini aytadi: «Ayni vaqtda Koreya Xalq Armiyasining shaxsiy tarkibi soni, katta ehtimol bilan 850 ming kishidan oshmaydi, harbiy boʻlinmalardagi harbiy xizmatchilar soni 650 mingga baholanishi haqida ma'lumotlar ham uchraydi», — deya yozgan u «KXDRning zamonaviy harbiy salohiyati: yadroviy jihatdan emas» nomli maqolasida.
Shu bilan birga, rossiyalik olim Shimoliy Koreya armiyasining safarbarlik imkoniyatlari ulkan ekanini qayd etadi: «Kamida 4 mln kishi zaxirada turadi, umumiy safarbarlik resurslari — 6,2 mln kishi».
Shimoliy Koreyada koʻplab harbiylashgan tuzilmalar ham bor — ular xalq lashkari deb ataladi.
«Harbiylashgan tuzilmalarga quyidagilar kiradi: Ishchi-dehqonlarning Qizil gvardiyasi (katta yoshli rezervistlar) — 1,5 mln atrofidagi kishi., Yosh Qizil gvardiya — 700 ming kishi (katta sinf oʻquvchilari), Jamoat va davlat xavfsizligi vazirligi qoʻshini — 30 ming kishi. Kamida 200 ming kishi Koreya mehnat partiyasi markaziy qoʻmitasi Muhandislik byurosiga va Jamoat xavfsizligi vazirligiga boʻysunuvchi yordamchi boʻlinmalar, jumladan, qurilish va qoʻriqlash bilan shugʻullanadigan boʻlinmalarga mansubdir», — deya yozadi Andrey Gubin.
Sanktsiyalarga koʻmilgan va byudjetni toʻldirishga juda muhtoj boʻlgan, shu bilan birga, harbiy ishga oʻqitilgan va itoatkor odamlar massasiga ega boʻlgan Shimoliy Koreya rahbariyatiga ularning bir qismini kam sonli ittifoqchilaridan biriga yordamga yuborish ogʻirlik tugʻdirmaydigandek koʻrinadi. Qolaversa, Ukrainadagi hozirgi harbiy harakatlar tabiati muntazam ravishda inson resurslarini talab qiladi.
Ammo barchasi bu qadar oddiy emas.

Shimoliy Koreya qurollarining aksari — Rossiya va Xitoyning eskirgan texnikalaridir, ammo zamonaviy ishlanmalar ham bor
Yashirish imkonsiz
KXDR armiyasi sovet namunalari boʻyicha yaratilgan va sovet harbiy ishlanmalaridan foydalanadi, ammo Rossiyanikidan farqli oʻlaroq, haqiqiy harbiy harakatlar tajribasiga ega emas. Agar uning asosiy kuchlari — motopiyoda boʻlinmalar — koʻrib chiqilsa, ular qanday tarzda Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida jang qilishi mumkinligi tushunarsiz.
Oʻrgatilganidek, yirik mexanizatsiyalashgan birlashmalar tarkibida mustaqil harakat qilinadimi? Ammo aynan shunday taktika Ukrainada ish bermaydi, Rossiya armiyasi allaqachon bir necha marta bunga amin boʻlgan va tank kolonnalari bilan hujumga oʻtmaslikka harakat qiladi.
Kichik piyodalar guruhlari boʻlib harakat qilinadimi? Ammo buning uchun butunlay boshqa darajadagi muvofiqlashtirish va oʻzaro tushunish talab etiladi — kamida til boʻyicha toʻsiq boʻlmasligi kerak.
U holatda ham, bu holatda ham yoʻqotishlardan qochib qutulib boʻlmaydi va bu omil kritik tus olishi mumkin. Pxenyanning Rossiya harbiy kampaniyasidagi ishtirokini yashirib boʻlmay qoladi. Shimoliy koreyalik askarlar orasida halok boʻlganlar va asir tushganlar koʻp boʻlishi, Ukraina tomoni esa bu haqda toʻxtovsiz e'lon qilib boradi, Shimoliy Koreya davlat propagandasi KXDR qurolli kuchlari engilmasligi haqida yaratgan tasavvurga putur etkazadi.
«Tinchlik zamonida jangovar ruh va fidoyilikni sinab koʻrish juda qiyin, 1950–1953 yillardagi Koreya urushi tarixidan harbiy xizmatchilarining shaxsiy qahramonliklarini keltirish etarli dalil boʻlishi dargumon», — deya yozadi Andrey Gubin.
KXDR rahbariyati uchun alohida holda emas, Rossiya qismlari tarkibida harakat qiladigan harbiy xizmatchilar ustidan nazorat yoʻqotilishi ham ma'lum xavf tugʻdiradi. Ittifoqchilik munosabatlariga qaramay, Rossiya va Shimoliy Koreya rejimlari mafkurasi bir-biridan sezilarli darajada farqli.

Shimoliy Koreya armiyasi ham sovetlar namunasida shakllantirilgan. Foto: Reuters
Qurilish batalyonlari — bu ham qoʻshin
Bu sabablar KXDR harbiylari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy kampaniyadagi ishtirokini istisno eta olmaydi. Pxenyanga pul va texnologiyalar, Moskvaga — askarlar va oʻq-dorilar kerak, ikki tomon ham harbiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.
Shimoliy Koreya armiyasi uzoq yillar arzon ishchi kuchi sifatida ishlatib kelingan — uning koʻplab boʻlinmalari sovetlar davridagi stroybatga muqobildir. Harbiy ekspertlar shimoliy koreyalik muhandislar mamlakatning turli qismlarida barpo etgan mudofaa inshootlari sifatini ancha yuqori baholashadi.
Katta ehtimol bilan, Rossiya armiyasi uchun aynan shunday boʻlinmalar foydali boʻladi. Ular front ortiga joylashtirilishi hamda harbiy infratuzilmalar — erosti omborlari va istehkomlar, yoʻllar va koʻpriklar qurish bilan shugʻullanishi mumkin.
Rossiya qoʻmondonligi front ortiga shimoliy koreyaliklarning boʻlinmalarini joylashtirish orqali oldingi chiziqqa yuborilishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha odamlar resursiga ega boʻladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar