date
views 71

Alisher Usmonov nemis jurnalisti ustidan sudga ariza berdi

Alisher Usmonov nemis jurnalisti ustidan sudga ariza berdi
Foto: RBK
Forbes ma'lumotlariga koʻra 13,4 milliard dollar boyligi bilan rossiyalik eng boylar roʻyxatida toʻqqizinchi oʻrinda turuvchi, USM asoschisi Alisher Usmonov Kyoln prokuraturasiga ARD jurnalisti Xans-Yoaxim Zeppeltga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilishini soʻrab ariza berdi.

Jurnalist avvalroq Usmonovni Xalqaro qilichbozlik federatsiyasida hakamlarga pora berish tizimini yaratishda ayblagan edi.

Oktyabr oyi boshida Gamburg viloyat sudi Zeppeltga qarshi ishda Usmonov tarafini olgan va “shubhaga asoslangan nomaqbul xabarlar” tarqatilishiga qarshi qaror chiqargan edi. Shundan soʻng ARD telekanali jurnalist rossiyalik tadbirkorga qarshi ayblovlar qoʻygan xabarni oʻchirib tashlagan.

Usmonovning advokati Yaxim Shtaynxofelga koʻra, 8 oktyabr kuni Usmonov ham Kyoln prokuraturasiga Zeppeltga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisida ariza topshirgan.

Zeppelt va ARD-Sportschau asosiy jurnalistika standartlari va matbuot kodeksini buzgan. Qonunda bunday qabih gʻarazli gaplar uchun javobgarlik belgilangan. Zeppelt Usmonovning obroʻsiga putur etkazishga urindi. Ammo uning hech qanday faktlari boʻlmagan. Bu jurnalistika emas, bu sharmandalik”, deydi Shtaynxofel.

Kyoln prokuraturasi vakili Ulrix Bremer Bild nashriga bayonot Usmonovdan olinganini darhol tasdiqlamagan. Uning qayd etishicha, agar bayonot kelib tushsa, prokuratura dastlab arizada dalillar mavjudligini tekshiradi, soʻngra jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Zeppeltning oʻzi ham da'vo arizasi haqida bexabar.

Menda na rasmiylardan, na siz aytgan bayonot boʻyicha boshqa ma'lumotlar yoʻq. Shuning uchun siz aytgan faktlarga izoh berishga asosim yoʻq”, dedi Bild jurnalisti.

2024 yil avgust oyida ARD telekanali Parij Olimpiadasidagi qilichbozlik haqida bir nechta maqola va videoreportaj chop etgan edi. Ularda Zeppelt Usmonovni ushbu sport turida “sudyalarga pora berish” tizimini yaratishda ayblagan. Misol tariqasida u favoritlardan biri, gruziyalik qilichboz Sandro Bazadzening 1/8 finaldagi magʻlubiyatini keltirgan va mazkur magʻlubiyatda hakamlikni ayblagan.

Keyinroq Gruziya qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Merab Bazadze (sportchining otasi) bu bayonotini emotsional deb qaytarib olgan va federatsiyadan uzr soʻragan.

2014 yilda aynan Zeppeltning Rossiyadagi doping haqidagi bir qator xabarlaridan soʻng xalqaro sport tashkilotlari tekshiruv boshlagan va bu Rossiyadan bir qator sportchilarning diskvalifikatsiyasiga sabab boʻlgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo