Misrda yonilg‘i tashuvchi yuk mashinasi dahshatli tarzda portlab, 31 kishi halok bo‘ldi (video)

Misr poytaxti Qohira shahri yaqinida yonilg‘i tashuvchi yuk mashinasi ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi dahshatli portlash va yong‘inga sabab bo‘ldi. Fojia oqibatida 31 kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana 21 kishi turli darajada tan jarohati oldi.
Hodisa 25 noyabr kuni Qohira atrofidagi halqa avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, voqea joyiga 39 ta tez tibbiy yordam mashinasi yuborilgan. Jarohatlanganlar zudlik bilan yaqin atrofdagi shifoxonalarga olib borilgan.
Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, yonilg‘i ortilgan yuk mashinasi yo‘lda beqaror harakatlanib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimini ajratib turuvchi to‘siqqa borib urilgan. To‘qnashuvdan keyin kuchli portlash yuz berib, yong‘in atrofdagi avtomobillarga ham tarqalgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yuk mashinasi oldiga yuqori kuchlanishli elektr uzatish simi tushib ketgani haydovchining boshqaruvni yo‘qotishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq hodisaning kelib chiqish sabablari hozircha rasman aniqlanmagan.
Misr Bosh prokuraturasi fojia yuzasidan tergov ishlarini boshlagan. Halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash maqsadida DNK namunalari olinmoqda.
Mamlakat prezidenti Abdulfattoh as-Sisi halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, marhumlar oilalari va jarohatlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…