18:00 / 14.10.2024
101

Hindistonda toʻy mavsumi iqtisodiyotga 70 mlrd dollar keltiradi

Hindistonda toʻy mavsumi iqtisodiyotga 70 mlrd dollar keltiradi
Foto: AFP
Hindistonda navbatdagi toʻy mavsumi boshlanmoqda. Savdo konfederatsiyasi ma'lumotlariga koʻra, bu mamlakat iqtisodiyotiga 70 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi, deb yozmoqda TASS.

Hindistonliklar uchun toʻy hayotdagi eng muhim voqealardan biri hisoblanadi. Oilalar ushbu tantanaga ancha oldindan tayyorgarlik koʻradi va farzandlari tugʻilgan kundan boshlab pul yigʻishni boshlaydi.

Odatda toʻy mavsumi qishloq xoʻjaligi ishlari yakunlangandan soʻng boshlanadi, chunki bu paytda ob-havo ochiq osmon ostida ommaviy tadbirlar oʻtkazish uchun qulay boʻladi. Kuzgi toʻylar mavsumi dekabr oyining oʻrtalarigacha davom etadi. Keyin esa yanvar oʻrtalaridan yana boshlanib martgacha davom etadi. Shu vaqt mobaynida turli marosimlar, raqslar va ziyofatlardan iborat millionlab toʻylar oʻtkaziladi.

Mutaxassislarning prognozlariga koʻra, bu yil nikohlar soni 4,8 millionga etishi kutilmoqda, bu oʻtgan yildagi 3,5 million koʻrsatkichdan sezilarli darajada yuqori. Bunday oʻsish toʻy kunini tanlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan qulay astrologik sanalar soni ortgani bilan bogʻliq. Oʻtgan yili bunday kunlar 11 tani tashkil etgan boʻlsa, joriy mavsumda 18 ta boʻlib turibdi.

Hindistonda kamtarona toʻylarni ham, dabdabali nikoh kechalarini ham koʻrish mumkin. Badavlat oilalar orasida marosimning oʻrtacha qiymati taxminan 30 million rupiya (360 ming dollar) atrofida boʻladi, bunday toʻylar bu mavsumda 50 mingta boʻlishi kutilmoqda. Oddiyroq toʻylarning byudjeti 3,5 ming dollarni tashkil etsa, oʻrta darajadagi toʻylar har bir oilaga 100-150 ming dollarga tushadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo