
Foto: Telegram / DeepStateUA
Rossiya askarlari Kursk oblastida taslim boʻlgan toʻqqiz nafar ukrainalik askarni otib tashladi. Bu haqda Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi 13 oktyabr, yakshanba kuni UQK quruqlikdagi qoʻshinlari 1-alohida tank brigadasidagi manbalariga tayanib, oʻzining Telegram-kanalida ma'lum qildi. Ularning ma'lumotlariga koʻra, hodisa 10 oktyabr kuni Zeleniy Shlyax poselkasi yaqinida sodir boʻlgan.
Ukraina Qurolli kuchlarining dron operatorlari boʻlgan askarlari «nisbatan orqada» ekanliklariga ishonib, pozitsiyalarga chiqishgan, ammo rus jangchilari bilan jangga kirishga majbur boʻlishgan. Ukrainaliklarning oʻq-dorilari tugagach, ular taslim boʻldi va keyin otib tashlandi. Loyiha bu ma'lumotning tasdigʻi sifatida goʻyoki ukrainalik askarlarning jasadlari aks etgan aerofotosuratni e'lon qildi. Ular yuzi erga qaragan holda yotgan.
Ukraina loyihasi tahlilchilari, umuman olganda, Kursk oblastidagi vaziyatni Ukraina Qurolli kuchlari uchun «quvonarli emas» deb ta'riflaydi. «Mudofaa kuchlari barqarorlashtirish choralarini koʻrmoqda, biroq yoʻqotilgan yutuqlarni tiklash nihoyatda qiyin», — deyiladi bayonotda.
Kiev: RF harbiylari kamida 93 ukrainalik asirni qatl etdi
Ukraina huquq-tartibot idoralari Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishi boshlanganidan beri ruslar tomonidan asirga olingan kamida 93 nafar vatandoshning jang maydonida qatl etilgani haqida ma'lumotga ega. Bu haqda 4 oktyabr kuni Ukraina Bosh prokuraturasi vakili Yuriy Belousov telemarafon chogʻida ma'lum qildi.
«Hozir bizda jang maydonida qatl etilgan 93 nafar askarimiz halok boʻlgani haqida ma'lumot bor», — deya Belousov soʻzlaridan iqtibos keltirgan «Ukrinform».
Ukraina Bosh prokuraturasi vakilining soʻzlariga koʻra, Kievga ma'lum boʻlgan qatllarning 80 foizi 2024 yilda qayd etilgan. Rossiya kuchlari tomonidan ukrainalik asirlarga nisbatan yomon munosabat 2023 yil noyabridan beri kuzatilmoqda, dedi Belousov.
Ukraina Bosh prokuraturasi Ukraina Qurolli kuchlarining asirga olingan askarlarining qatl etilgani haqida ma'lumot olishda davom etmoqda, dedi Belousov. Kievga soʻnggi bunday holat 3 oktyabr kuni ma'lum boʻldi.
«Telegram-kanallarda boshqa bir harbiy xizmatchining shafqatsiz qatl etilgani aks etgan video tarqaldi, biz zudlik bilan «SBU» Bosh tergov boshqarmasida yana bir jinoiy ish qoʻzgʻatilganini qayd etdik», — dedi Belousov. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!