
Foto: Wall Street Journal
Soʻnggi yillarda AQShdagi aviabazalar va yadroviy ob'ektlar ustidan «sirli» uchuvchisiz uchish apparatlari uchib oʻtishi qayd etilmoqda, deb xabar beradi The Wall Street Journal. AQSh Harbiy-havo kuchlari generali Mark Kellining aytishicha, 2023 yil dekabrda u va boshqa ofitserlar 17 kecha davomida dronlar Virjiniya sohilidagi Lengli aviabazasi ustidagi havo makonini buzib oʻtganini kuzatgan.
Kellining soʻzlariga koʻra, dronlar ishtirokidagi «shou» taxminan quyosh botganidan 45 daqiqa yoki 1 soatdan keyin boshlangan. Uchuvchisiz uchish qurilmalari aviabaza ustidan 900-1200 metr balandlikda, soatiga 160 kilometrdan ortiq tezlikda uchib oʻtgan.
Shu bilan birga dronlar Chasapik koʻrfazining janubiy qismidan dunyodagi eng yirik harbiy-dengiz porti, shuningdek, AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining maxsus boʻlinmalari bazasi SEAL Team Six joylashgan Norfolk tomon uchgan. Harbiylar ushbu uchuvchisiz uchish apparatlari «uddaburon havaskorlargami yoki dushman kuchlariga» tegishli ekanini aniqlay olmagan, chunki tungi osmonda ularni kuzatishning imkoni boʻlmagan.
Ayrimlarning taxminicha, bu Rossiya yoki Xitoyning harakati boʻlishi mumkin. Natijada, Lengli aviabazasi qoʻmondonligi dronlar toʻdasi bilan toʻqnashuv xavfidan tungi parvozlarini bekor qilgan va F-22 qiruvchi samolyotlarini boshqa bazaga joylashtirgan.
Bundan ikki oy oldin, 2023 yil oktyabrda beshta dron bir necha kun davomida Energetika vazirligining Nevadadagi yadroviy ob'ektlari ustidan uchib oʻtgan. Ularni aynan kim va nima maqsadda boshqargani Amerika hukumati uchun sirligicha qolmoqda.
Bu kabi holatlar mamlakatning boshqa hududlarida ham qayd etilgan. 2024 yil yanvarda dronlarni Kaliforniyadagi Edvards harbiy aviabazasi yaqinida payqashgan, bu esa milliy xavfsizlik borasidagi xavotirlarni yuzaga keltirgan. Shu bilan birga, dronlar avgust va sentyabrda ham aviabaza yaqinida paydo boʻlishni boshlagan.
Nashrning eslatishicha, AQShda federal qonun harbiy bazalar yaqinida uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari toʻgʻridan toʻgʻri xavf tugʻdirmayotgan boʻlsa, ularni urib tushirishni taqiqlaydi. Shunga qaramay, bu kabi koʻplab mojarolar prezident Jo Baydenning ham e'tiboriga tushgan va Oq uy yigʻilishida muhokama qilingan. Pentagon, FQB va boshqa idoralar vakillari tahdidga javob berish yoʻllarini izlay boshlagan. Oʻz navbatida Amerika qonunchilik vakillari harbiylarga «koʻproq harakat erkinligi» berishni talab qilmoqda, shunda ular strategik nishonlar ustidan uchuvchisiz samolyotlarni zararsizlantirishi mumkin boʻladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar