
Foto: Videodan kadr
9 avgustdan beri qayiqda suzib yurgan erkak 14 oktyabr kuni Kamchatka qirgʻoqlarida qutqarildi. Qayiqni mahalliy baliqchilar tasodifan payqab qoldi, deb yozmoqda “Kamchatka Life”. Bu vaqt davomida 50 kilogrammga ozib ketgan erkakni darhol shifoxonaga olib ketishgan. Qayiqda yana ikki kishining jasadi bor edi — katta yoshli erkak va oʻsmir yigit.
Ularga nima boʻlgan?
Dastlab ikki erkak va ulardan birining oʻgʻli boʻlgan 15 yoshli oʻsmir 4 avgust kuni kitlarni koʻrish uchun Shantar orollariga dengizga chiqqan, deb ta'kidlaydi Baza. Ular 9 avgust kuni “Baykat 470” rusumli katamaran tipidagi qayiqda ortga qaytishni boshlagan. Uzoq Sharq transport prokuraturasi ma'lumotlariga koʻra, sayohatchilar Xabarovsk oʻlkasida joylashgan Perovskiy burnidan yoʻlga chiqib, Saxalin viloyatidagi Oxa shahriga etib kelishi kerak edi.
Ular oʻzlari bilan issiq kiyimlar, qutqaruv jiletlari va falshfeerlar (signal beruvchi pirotexnika) olib ketgandi. Bundan tashqari, 20 litr suv va oziq-ovqat zaxirasini ham gʻamlab olishgan. Ammo kutilmaganda qayiq bilan aloqa uzilib qoldi, sayohatchilarning oʻzlari belgilangan joyga vaqtida etib kelmadi.
Qayiq qanday topildi?
Oktyabr oyining boshlarida bedarak yoʻqolganlarning qarindoshlari ularni qidirish uchun Saxalinga keldi. Ular ijaraga qayiq olib, Amur limani qirgʻoqlarini koʻzdan kechirishdi. Qidiruvlar natija bermadi.
14 oktyabrga kelibgina qayiq Kamchatka oʻlkasining Ust-Xayryuzovo qishlogʻi yaqinidan topildi. Supertraulerlardan birining ekipaji qayiqni radarda koʻrib, uni suzib yurgan chiqindi deb oʻylagan.
Ikki kishi — erkak va oʻsmir halok boʻlgan. Marhum erkakning akasi, oʻsmirning amakisi boʻlgan 46 yoshli Mixail Pichugin esa tirik qolgan. U dengiz safari davomida 50 kilogramm vazn yoʻqotdi, hozirda ahvoli ogʻir. Pichugin oʻz qarindoshlarining jasadlarini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan.
Dastlabki ma'lumotlarga koʻra, safarda qayiqning dvigateli shikastlangan. Holat yuzasidan suv transporti harakati va undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan ortiq shaxsning oʻlimiga sabab boʻlish moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, deb xabar berdi Uzoq Sharq transport prokuraturasi.
Dengizda it bilan
Shu yilning may oyida avstraliyalik Tim Sheddok va uning iti Bella ochiq dengizda uch oy suzib yurganlaridan keyin qutqarilgan edi. Bu vaqt ichida ular xom baliq eb, yomgʻir suvini ichgan va shu tariqa omon qolgan.
Erkak Frantsuz Polineziyasiga etib borish maqsadida Meksikadan dengiz sayohatiga chiqqandi. Sayohat davomida qayiqqa boʻron urilib, elektronika qurilmalarini shikastlagan. Traulerni kuzatib kelayotgan vertolyotdagilar avstraliyalik erkak va uning itini koʻrib qoldi. Erkakni tekshirgan shifokor uning hayotiy koʻrsatkichlari hayratlanarli darajada “me'yoriy” ekanini ma'lum qildi.
Keyinroq Tim Sheddok oʻz intervyusida dengizda ogʻir sinovlarni boshidan oʻtkazganini aytib berdi. “Menga faqat dam olish va yaxshi ovqatlanish kerak, chunki dengizda uzoq vaqt yolgʻiz qoldim. Boshqa jihatdan sogʻligʻim juda yaxshi. Dori-darmonlarim bor. Menga juda yaxshi gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda”, — deb ta'kidladi avstraliyalik.
Najotkor ketchup
Dominikan Respublikasi fuqarosi qariyb bir oy ochiq dengizda deyarli hech narsa emasdan omon qoldi. Bu vaqt davomida erkak bitta ketchup bilan oziqlangan.
2022 yil dekabr oyida 47 yoshli Elvis Fransua Karib dengizidagi San-Marten oroli portida elkanli qayiqni ta'mirlayotgan paytda, toʻsatdan boʻron koʻtarilib, kemani ochiq dengizga surib ketgan.
Erkak mobil telefon orqali favqulodda xizmatlar bilan bogʻlanishga uringan, ammo signal topolmagan. U qayigʻi choʻkib ketmasligi uchun uzluksiz ravishda undan suvni chiqarib tashlashga majbur boʻlgan. Uzoq vaqt davomida oqim boʻylab suzgan erkak turli buyumlar va anjomlar orasidan topilgan birgina ketchup bilan ovqatlanishga majbur boʻlgan.
24 kundan soʻng Elvis Fransua Puerto Bolivar shahridan 220 kilometr uzoqlikda Kolumbiya suvlarida qutqarildi. Suzib oʻtayotgan kemalardan birining kapitani qayiq bortida Help yozuvi va oyna yordamida berilayotgan signallarni koʻrib qolgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar