12:47 / 16.10.2024
50

Rossiyada soxta nikoh qurgan migrantlarga chora koʻriladi

Rossiyada soxta nikoh qurgan migrantlarga chora koʻriladi
Foto: Shutterstock
Rossiya Davlat dumasi deputatlari muhojirlarning soxta nikohi, otalik va onaligiga qarshi kurashga qaratilgan qonunni uchinchi, yakuniy oʻqishda qabul qildi. Bu haqda Duma spikeri Vyacheslav Volodinga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Endilikda kvotadan tashqari vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma yoki yashash guvohnomasini nikohdan oʻtgan yoki farzandlikka olgan paytdan kamida uch yil oʻtgach olish mumkin boʻladi. Majlisda ishtirok etgan barcha deputatlar qonunni yoqlab ovoz bergan.

“Rossiya federatsiyasidan chiqish va Rossiya federatsiyasiga kirish tartibi toʻgʻrisida”gi hamda “Rossiya federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy holati toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Agar nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilsa, berilgan ruxsatnoma bekor qilinadi. Agar muhojir sud qaroriga koʻra ota-onalik huquqidan cheklansa yoki mahrum qilinsa yoxud farzandlikka olish bekor qilinsa, xuddi shunday tartib qoʻllaniladi.

"Migratsiya siyosatini takomillashtirish boʻyicha ishlar davom etmoqda. Avval (Davlat dumasida) muhokama qilingan yana oltita qonun loyihasi koʻrib chiqilmoqda", dedi Volodin.

U 2021 yildan buyon Rossiyada yashash guvohnomasini olish maqsadida 4,3 mingdan ortiq soxta nikoh qayd etilganini aytdi. Qonunning qabul qilinishi firibgarlik yoʻli bilan yashash guvohnomasi va fuqarolik olishning oldini olishi kutilmoqda.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi 18 sentyabr kuni qariyb 6,2 million chet el fuqarosi migratsiya hisobida turganini ma'lum qilgandi. Iyun oyida Rossiya Tergov qoʻmitasi raisi Aleksandr Bastrikin mamlakatdagi muhojirlar soni 13-14 million atrofida ekanini aytgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo