date
views 90

Oʻzimga achindim...

Oʻzimga achindim...
Koʻp qavatli uyda turaman. Mavzemizga kiraverishda, «Shifokorlar shaharchasi»ning kichik bozorchasi bor. Oʻzi kichik bozor boʻlsa-da, birlamchi ehtiyoj mahsulotlarining barchasi mavjud. Shu bozorcha kiraverishida ikki ayol pishgan joʻxori sotadi. «Oltin tepa» tarafdan har kuni ikki qop makkajoʻxori olib kelib, tirikchilik qilishadi. Oftobdan qoraygan, mehnatdan, ogʻir-ogʻir qoplarni koʻtaraverib dagʻallashgan munis ayollar. Ularning biri, oʻzimizning jaydari, ikkinchisi golland navli joʻxori sotadi. Ikkovining ham oʻziga yarasha mijozlari bor. Kuniga koʻp pul topmasa ham, harna qora qozonni qaynatishga koʻmak.

Farzandlarim makkajoʻxorini yaxshi koʻrishadi, kunda boʻlmasa ham 3-4 kunda bir uyga albatta makkajoʻxori olib kiraman. Oxirgi 10 kunlar chamasi, ayollarning biri koʻrinmay qoldi. Bu orada, jaydari makkajoʻxori sotuvchi ayoldan nafaqat men, koʻrinmay qolgan yana bir sotuvchining boshqa mijozlari ham oldi. Ayolning daromadi ham avvalgi kunlarga nisbatan oshgani tabiiy. Bugun, golland joʻxorilarini sotadigan ayol yana savdoga chiqibdi, bir chetda oʻtirib savdo qilyapti. Salomlashib, koʻrishib, «opa bormisiz, farzandlarim golland joʻxorilaringizni sogʻindi, nega koʻrinmay qoldingiz» deb soʻradim.

Ular kulib, «eh uka, meni joʻxorim golland navli, yumshoqroq, sal qimmat boʻlsa-da tez sotiladi. Sherigimniki jaydari, shirin boʻlsa ham sal qattiqroq, shunga sotilishi kamroq. Daladan qatnaymiz, qoraqozon, tirikchilik... Hammamizning dardimiz bir... Bizning uyda ikkita sigir bor, sutini sotaman, joʻxorini yon fermadan olib, pishirib sotaman, bolalar eyman deydi, xullas amallab yashayapmiz.

Sherigimning tirikchiligi esa faqat shu jaydari joʻxoridan, u toʻy boshlab qoʻygan, men-ku 10 kun sutimni sotsam kunim oʻtadi, unga boshqa yordam bera olmasam, hech boʻlmasa shu yordam boʻlsin, men yoʻgʻimda koʻproq joʻxori sotib, koʻproq pul topsin deb chiqmadim, unga esa mazam boʻlmadi, deb qoʻya qoldim...»

Halollikka qurilgan savdo va iymon toʻla qalbni shu ayolda koʻrdim va oʻzimni sarhisob qilib, oʻzimga-oʻzim achindim…

Behzod Abdurahmonov

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oʻzimga achindim...