date
views 151

Jonni Depp “hayotini jahannamga aylantirgan” sobiq rafiqasi Ember Hyordni kechirdi

Jonni Depp “hayotini jahannamga aylantirgan” sobiq rafiqasi Ember Hyordni kechirdi
“Karib dengizi qaroqchilari” kinokartinasidagi roli orqali barchaga tanish boʻlgan aktyor Jonni Depp sobiq rafiqasi Ember Hyordni ajrimdan etti yil oʻtib kechirganini ma'lum qildi. Bu haqda 61 yoshli yulduz The Hollywood Reporter nashriga bergan intervyusida aytib oʻtdi va endilikda oʻtmishda yashamasligini ta'kidladi.

Foto: Glamour
Bu voqea hayotimdagi eng katta jarliklardan biri boʻldi va bu davrda men oʻzim uchun koʻp narsalarni oʻrgandim”, dedi Depp va soʻnggi bir necha yil davomida karerasidagi muvaffaqiyatsizliklar, undan yuz oʻgirgan insonlar va shaxsiy hayotidagi jiddiy oʻzgarishlarni yodga oldi.

Toʻgʻrisini aytsam, ayni daqiqada shu erda oʻtirib, menga qilingan barcha hujumlarni va atrofdagilarning qanchalik qarshi chiqqanini aniq-tiniq eslayman. Qisqa vaqtda juda koʻp ishlar boʻlib oʻtdi va men bularning barini yaxshi eslab qoldim. Ammo nima boʻlgan taqdirda ham, men bundan katta saboq oldim. Men bunchalik katta nafrat zaxirasiga ega emasman, chunki bu ham oʻziga yarasha kuch talab etadi. Buncha yukni elkamga ortishdan nima naf?”, dedi aktyor.

Foto: QueVer
Jonni Depp sobiq rafiqasi tomonidan oilaviy tajovuzkorlikda ayblanganidan keyin Gollivud undan yuz oʻgirganidan juda xafa boʻlganini yashirmadi. Faqat 2022 yilda boʻlib oʻtgan sud jarayonida Jonni gʻalaba qozonganidan soʻnggina u faoliyatini Evropada davom ettirdi va “Janna Dyubarri” filmida ishtirok etdi. Shuningdek, Jonni Depp karerasidagi bunday qulashni O.J.Simpsonning obroʻsi bilan bogʻliq voqeaga qiyosladi.

Ma'lumot uchun, Jonni Depp va Ember Hyord 2011 yilda uchrashishni boshlagan va oradan toʻrt yil oʻtib ular turmush qurgan. Juftlik 2017 yilda munosabatlari yakunlanganini ma'lum qildi. Ajralishdan keyin Ember Hyord sobiq turmush oʻrtogʻini oilaviy zoʻravonlikda aybladi. “Akvamen” kinokartinasi yulduzi Ember Hyord dalil sifatida tanasidagi koʻkarishlarni va yaralarni koʻrsatdi, biroq aktyor oʻziga qoʻyilgan barcha ayblovni rad etdi.

Foto: Entertainment Weekly
Natijada Depp bor obroʻsi va martabasini yoʻqotdi, kinostudiyalar u bilan ishlashni toʻxtatdi. Bir necha yil oʻtgach, Jonni Hyordni tuhmatda ayblab sudga berdi va 50 million dollar tovon talab qildi. Ember esa 100 million dollar talab qildi. Olti hafta davom etgan sud jarayonini butun dunyo tomosha qildi va millionlab tomoshabinlar Deppni qoʻllab-quvvatladi.

Hatto aktyorning sobiq ayollari — Vanessa Paradis va Keyt Moss ham uning tarafini olishdi. Depp bu safar gʻalaba qozondi. Boʻlib oʻtgan voqealardan soʻng Ember Madridga koʻchib ketdi. Hozirda u qizining tarbiyasi bilan shugʻullanmoqda va maxfiy hayot tarzini olib bormoqda. Mish-mishlarga koʻra, bugungi kunda Jonni Depp rossiyalik ayol Yuliya Vlasova bilan uchrashmoqda.

Ember Hyord qizi bilan
Foto: Instagram

Yaqinda aktyor oʻzining yangi rejissyorlik loyihasi “Modi: telbalik qanotida uch kun” filmi ustida ishlarini yakunladi. Oʻtgan oy San-Sebastyan kinofestivalida premerasi boʻlib oʻtgan film italiyalik rassom Amedeo Modilyaning hayotidagi uch kun haqida hikoya qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jonni Depp “hayotini jahannamga aylantirgan” sobiq rafiqasi Ember Hyordni kechirdi
-->