22:50 / 05.11.2024
28

Saylovdan keyin Amerika Rossiya va Ukrainaga nisbatan siyosatini o‘zgartiradimi?

Saylovdan keyin Amerika Rossiya va Ukrainaga nisbatan siyosatini o‘zgartiradimi?
Ukraina prezidenti matbuot xizmati / SIPA / Scanpix / LETA
Harris va Tramp urush yakunini qanday ko‘radi? Va endi tinchlik muzokaralari yaqinroq bo‘ladimi?

AQSHda prezidentlik saylovlarida ovoz berishning so‘nggi kuni start oldi — bu 2024 yilda jahonning eng asosiy siyosiy voqealaridan biridir. Amerikalik saylovchilarni ichki siyosatdagi kun tartibi ko‘proq tashvishlantirayotgan bo‘lsa-da, Rossiya bosqini ham bu poygadagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Kamala Harris hozirgi prezident Jo Bayden belgilagan yo‘nalishni davom ettirmoqchi: u Kreml bilan Kiyevning ishtirokisiz muzokara o‘tkazoqchi emas. Donald Tramp urushni 24 soat ichida yakunlashni va’da qilgan — ammo buni qanday qilishini izohlamagan. Amerikaning RAND tahlil markazi katta ilmiy xodimi Samuel Charap «Meduza» bilan suhbatda saylov natijalaridan keyin ushu uch mamlakat munosabatlari har qanaqasiga jiddiy o‘zgarishga uchrashini tushuntirib bergan.

Research And Development (RAND) — 1948 yilda Amerika hukumati va xayriya tashkilotlari mablag‘lari hisobiga tashkil etilgan tahlil markazidir. Hozirda RAND tadqiqotlari AQSH, Avstraliya, Yevroittifoq mamlakatlari hukumatlari, shuningdek Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan buyurtma qilinadi.

— Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin ー har ikki nomzodning saylovoldi ritorikasidagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. AQSHning Rossiya-Ukraina urushidagi pozitsiyasi saylov natijalariga qarab qanday o‘zgarishi mumkin?

— AQSHning urushga nisbatan munosabati har qanday holatda ham o‘zgaradi. Jo Bayden qayta saylanganida ham shunday bo‘lgan bo‘lardi. Gap shundaki, biz mojaroning boshqa fazasiga o‘tyapmiz. Ayniqsa, frontdagi hozirgi voqealar rivojida AQSH oxirgi ikki yil mobaynida qo‘llab kelgan yondashuvlar abadiy davom etishi dargumon.

Albatta, agar Trampning ikkinchi prezidentligi boshlanadigan bo‘lsa, siyosatdagi o‘zgarishlar ancha keskinroq bo‘lishi mumkin. U [urushga ta’sir o‘tkazish uchun] nimadir qilishga urinishi tayin, ammo aynan nima qilishini — aytish qiyin. Men bu borada prognoz berishga shoshilmagan bo‘lardim, chunki Tramp — harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosatchi. Bu haqda gapirganda tushunish kerakki, saylovoldi ritorikasi — boshqa narsa, real siyosat esa mutlaqo boshqa narsa bo‘lishi mumkin. Harris g‘alaba qozongan taqdirda Ukrainadagi urush masalasida [Bayden ma’muriyati harakatlari] davom ettirilishini kutish mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham uning ma’muriyati urush maydonida va Kiyevda yuzaga kelgan sharoitlarga mos keladigan yangi yondashuvlarni qidirishga majbur bo‘ladi.

— Siz frontdagi sharoit va mojaroning boshqa fazasiga o‘tilishini tilga oldingiz. Bu bilan aynan nimani nazarda tutyapsiz?

— Bu fazani tavsiflash qiyin. Biz ko‘ryapmizki, Rossiya qo‘shinining hujum sur’ati ortib bormoqda. Agar Kurskni aytmasak, Ukraina qurolli kuchlari oxirgi bor faqat Xarkiv oblastida kichik hududni qaytarib olgandi. Ular bir yarim yildan buyon shunchaki mudofaalanmoqda va [hududlarini] boy bermoqda. Albatta, bu hozircha halokatli temp emas, ammo ayni vaqtda [Ukraina qurolli kuchlari tomonidan] qandaydir hujum harakatlarining yaqin istiqbollari borligini aytib bo‘lmaydi.

Qolaversa, so‘nggi oylarda ukrain rahbariyati qarashlarini o‘zgartirdi va endi ko‘p hollarda o‘ziga ters kelmoqda. Hozirda ularning so‘zlaridan ma’lum bo‘ladiki, Ukraina rahbariyati urushni faqat harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini tushuna boshlagan. Shuningdek, ular endi Rossiyadagi [ehtimoliy] tartibsizliklar yoki sanksiyalar tufayli Rossiya iqtisodiyoti qulashi orqali urushda yengib chiqishdan umid qilmay qo‘yishgan.

— Saylov natijasiga qarab AQSH Rossiya bilan qanday muloqot olib borishi hozirdan tushunarlimi? Masalan, Kamala Harris Ukraina ishtirokisiz Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirmasligini aytgan.

— E’tiborga olish kerakki, u bu gapni aynan urush kontekstida aytgan. AQSH va Rossiyada [Ukraina masalasidan tashqari] muhokama uchun boshqa mavzular ham bor. Albatta, urush hal qilinmagunicha muloqot va ikki tomonlama munosabatlarning boshqa jihatlari muzlatiladi va faqatgina AQSH tashabbusi bilan emas. Masalan, Moskva ikki tomonlama munosabatlarning tarixan muhim sohasi — qurollar nazoratidan amalda voz kechgan.

Bayden ma’muriyati urush davrida ham SNV-3 (Rossiya va AQSH o‘rtasidagi strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash bo‘yicha choralar to‘g‘risidagi bitim)dagi ishtirokini davom ettirishga tayyor edi, ammo Rossiya 2023 yil fevralida undan chiqdi. Hatto shundan keyin ham AQSH strategik barqarorlik kelajagi bo‘yicha muloqotni davom ettirishni taklif qildi, ammo Moskva AQSH Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatayotganini ro‘kach qilib, rad javobini berdi. Barchasi urush natijasiga bog‘liq bo‘lib chiqmoqda: harbiy harakatlar rivojidagi tafsilotlarga emas, balki Ukrainadagi mojaroni hal qilishning imkoni bo‘lish-bo‘lmasligiga. Agar urush Harris davrida ham davom etsa, [Rossiya va AQSH o‘rtasidagi] o‘zaro hamkorlikning boshqa istiqbollari bo‘lishi ham dargumon.

Albatta, Tramp davrida nima bo‘lishini prognoz qilish qiyin. Rossiya qurollar nazorati bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirmaydi, deb o‘ylamayman. Trampning yangi ma’muriyati bu masala bilan qiziqish-qiziqmasligi hozircha noma’lum. Uning o‘zi bu sohani muhim deb bilishini aytadi, ammo u tayinlaganlar, qurol nazoratiga agar butkul qarshi bo‘lmasa, kamida skeptik qarashgan. Bu o‘rinda noaniqlik ko‘p. Birinchidan, ko‘p narsani saylov natijalari belgilaydi. Ikkinchidan, ko‘p narsa urushning borishiga bog‘liq.

— The Economist jurnali manbalariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiyning «G‘alaba rejasi» Oq uydagilarda taassurot qoldira olmagan. Bunday holatda Vashington urushni yakunlashga erishish uchun qanday ssenariylarni ko‘rib chiqishi mumkin?

— Tramp va uning vitse-prezidentlikka nomzodi Jey Di Vens Ukraina uchun hech qanday maxsus kafolatlarsiz hozirgi front chizig‘i bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish ssenariysiga ishora qilmoqda. Bayden ma’muriyati urushni yakunlash bo‘yicha o‘z qarashlarini ochiqlamagan. Baydenning tashqi siyosatida ishtirok etgan va bir necha bor Zelenskiy bilan uchrashgan Harris ham mojaroga barham berishga doir qarashlari haqida aniq gapirmaydi — va [faqat] xalqaro huquq tamoyillariga havola beradi. Amalda u va ma’muriyatning boshqa xodimlari Kiyevning bayonotlariga reaksiya bildirishadi, ammo urushni yakunlash bo‘yicha o‘z qarashlarini ilgari surishmaydi.

Bunday yondashuv abadiy davom etmaydi. Ehtimol, [Oq uy rasmiylari] bu haqda avval ukrainlar va boshqa ittifoqchilar bilan yopiq eshiklar ortida gaplashib olib, keyin omma oldida gapirishiga to‘g‘ri kelar. [Bundan tashqari, AQSHning raqibi] Xitoy allaqachon tinchlik bo‘yicha uchta rejaga ega (o‘ziniki, Braziliya bilan birgalikdagi va «Tinchlik do‘stlari» deb atalgan guruh nomidan), AQSHda esa — yo‘q.

— Tramp Ukrainadagi mojaroga 24 soat ichida barham berishini aytgan. Trampning va’dalari qanchalik haqiqatga mos keladi va uning sulh rejasi qanday bo‘lishi mumkin?

— Bu reallikka deyarli aloqasi bo‘lmagan yorqin obraz. Tabiiyki, bunday urushni 24 soat ichida to‘xtatib bo‘lmaydi. AQSHda bunday richaglar yo‘q: axir ular bevosita jang qilayotgani yo‘q. Mojaroni hal qilish AQSHdan ko‘ra urushayotgan tomonlarga ko‘proq bog‘liq. Men Donald Trampda Ukraina masalasida muayyan rejalar bor yoki yo‘qligini bilmayman. Men ishonch bilan aytishim mumkinki, Tramp urushni yakunlash uchun nimadir qilishga urinadi. Ammo u muzokaralar yoki kelishuv borasida aynan nima chora ko‘radi. Bunisi umuman tushunarsiz.

— Financial Times jurnalistlari yozishicha, Tramp Minsk kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqishga erishmoqchi, bu esa, katta ehtimol bilan, mojaro muzlatilishiga olib keladi. Shu bilan birga, uning vitse-prezidentlikka nomzodi Jey Di Vens yordamni to‘liq to‘xtatish tarafdori.

— Men Minsk bo‘yicha gaplarni tushunmayapman. Bu kelishuv butunlay boshqa dunyoda tuzilgan va hech kim endi u dunyoga qayta olmaydi. Vensga keladigan bo‘lsak — u bu gapni o‘z nomidan aytganmi yoki Tramp nomidan, bunisi aniq emas.

— Nima deb o‘ylaysiz, g‘alaba qozongan taqdirda Ukrainaga chinakamiga keng ko‘lamli yordam tashkil etish uchun Harrisning siyosiy vazni yetarli bo‘ladimi?

— Harris aniq summa yoki [Ukrainaga yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan] o‘q-dorilarning muayyan miqdorini aytmagan. U shunchaki AQSH Ukrainaga yordam berishda davom etishini aytgan, ammo aynan qandayligiga aniqlik kiritmagan.

Bu yerda shuni tushunish muhimki, nomzodlarning saylovoldi kampaniya davridagi gaplari xalqaro auditoriya yoki ekspertlarga mo‘ljallanmagan. Ular saylovchilarga murojaat qilishadi. Biz saylovoldi ritorikasidan qandaydir umumiy narsalarni tahlil qilishimiz va nomzodlar orasidagi prinsipial farqlarni aniqlashimiz mumkin, ammo ular asosida real prognoz berish qiyin.

Nomzodlardan biri oldingi ma’muriyat ishini davom ettirishga va’da bergan, ammo barcha tushunib turibdiki, hozirgi prezident ikkinchi muddatga qolgan taqdirda ham Ukraina masalasida o‘zgarishlar muqarrar bo‘ladi. Ikkinchi nomzod esa mohiyatan inqilob va’da qilmoqda, ammo u buni o‘zi va’da qilganidek bu qadar tez uyushtira olmaydi — chunki bu reallikka to‘g‘ri kelmaydi. Albatta, kampaniya vaqtidagi bu va’dalar ekspertlar tahlili mahsuli emas, balki, obrazli qilib aytganda, Pensilvaniya shtatidagi saylovchilar fokus-guruhlari uchun materialdir.

— Kamala Harris g‘alaba qozongan taqdirda, urush yakuniga ta’sir qilish uchun Bayden ma’muriyati qo‘l urmagan boshqa instrumentlardan foydalanishi mumkinmi? Agar ha bo‘lsa, qaysi vositalar?

— U Bayden davrida qilingan ishlarga qo‘shimcha qilishi mumkin. AQSH qurol-yarog‘ yetkazib berishni davom ettirishi, moliyaviy yordam hamda [Ukrainada] demokratik va aksilkorrupsiya islohotlari o‘tkazishda yordam taklif qilishi mumkin. Shuningdek, Oq uy sanksiya koalitsiyasini kengaytirishi mumkin bo‘ladi. Oldinroq aytganimdek, biz urushning yangi fazasiga o‘tmoqdamiz, shu tufayli oldingi yondashuv abadiy ishlashda davom etolmaydi.

Yangi instrumentlarga keladigan bo‘lsak, Harris diplomatiya bo‘yicha qo‘shimcha sa’y-harakatlar ko‘rsatishi mumkin. Bu urush yakunlariga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardi.

— Diplomatiyaning yangi instrumentlari deganda aynan nimani nazarda tutyapsiz?

— Men doimo aytganman, qo‘shimcha dastak sifatida ukrainlar hamda ittifoqchilar bilan urushni yakunlash shartlari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bu masalada Moskva bilan aloqa o‘rnatish zarur. Albatta, bu ishni Ukraina rahbariyatini xabardor qilgan holda amalga oshirish kerak bo‘ladi.

O‘ylaymanki, bunday qarorlar AQSH uchun Ukrainaga nisbatan xuddi shu maqsadlarga erishishning qo‘shimcha usuli bo‘lishi mumkin. Bunday usul yo‘qligi hozirgi ma’muriyatning ushbu masaladagi yaqqol kamchiligi va xatosi edi… Lekin bu ularning harakatlari natijasi bugungi kunga kelib boshqacha bo‘lgan bo‘lardi degani emas. Shunga qaramay, AQSH Ukrainaga harbiy yuklar yetkazish yo‘li bilan Rossiyaga bosim o‘tkazish va sanksiyalar joriy etish bilan parallel ravishda diplomatiyani ham davom ettirish mumkinligiga ko‘nikishi kerak. Undan boshqa tomonning harakatlarini o‘zgartirish uchun vosita sifatida foydalanish ham mumkin.

Aks holda sen shunchaki [raqib tomonga] tosh otib, bu tomon tuzalishini kutgan bo‘lasan. Bu Rossiya bilan ish bermaydi. Hatto Eron va Shimoliy Koreyaga nisbatan ham bunday siyosat yuritish qiyin bo‘lmoqda. Hech qanday muzokaralarsiz, shunchaki bosim o‘tkazish yo‘li bilan oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishishga misollar juda kam — ayniqsa o‘rtaga ushbu bosim subyektining milliy manfaatlari qo‘yilgan holatda.

— Avvalroq Egmont Institute direktori Sven Biskop AQSHdagi saylovlar natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Oq uy Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni qisqartirishi va bu ishni Yevropa ittifoqi gardaniga tashlashi mumkinligini aytgandi.Chindan ham saylovda Kamala Harris yutgan taqdirdayam Ukraina qo‘llovdan mahrum bo‘lishi mumkinmi?

— Bunday deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, bu nafaqat Harrisga, balki kongressga ham bog‘liq. Qolaversa, yordamni birdaniga to‘xtatib, kutilmaganda nolga tushirib bo‘lmaydi. Ukraina uchun qurol olish yo‘llaridan biri — AQSH hukumati va Amerikaning harbiy-sanoat kompleksi kompaniyalari o‘rtasida Ukraina qurolli kuchlari manfaatlari uchun yangi shartnomalar imzolanishidir. Ulardan ko‘pchiligi uzoq muddatli xarakterga ega: ular 2022 yildan boshlab imzolangan, ammo bajarish ko‘plab oylardan keyin bo‘ladi. Bunday shartnomalar bo‘yicha qurol-yarog‘ yetkazib berish nima bo‘lishidan qat’i nazar amalga oshiriladi, chunki pullar allaqachon yo‘naltirilgan va kompaniyalarning yuridik majburiyatlari bor.

Ukraina AQSH armiyasi omborlarida saqlanadigan qurol va o‘q-dorilarni ittifoqchilar foydasiga hisobdan chiqarishga asoslangan PDA (President Drawdown Authority) doirasida ham Amerika qurolli kuchlari omborlaridan qurol olishi mumkin. Bu PDA mablag‘laridan foydalanishga ruxsat beradigan kongress hamda uni qo‘llaydigan prezidentga bog‘liq.

— Kamala Harris Ukrainani qo‘llash masalasida sobit. Agar u g‘alaba qozonsa, ammo kongressning ikki palatasini ham faol yordam ko‘rsatishga qarshi bo‘lgan respublikachilar egallasa, nima bo‘ladi? Va teskari ssenariyda-chi?

— Bu o‘rinda biz farazlar bilan gapiramiz. Birinchi ssenariyda agar Tramp yutqazsa, Respublikachilar partiyasi qanchalik o‘zgarishini tushunish lozim. Bu katta savol. Uning Ukraina va Rossiya bo‘yicha qarashlari partiya ichida ustunlik qilmaydi. Agar respublikachi senatorlar va kongressmenlar orasida so‘rov o‘tkazsangiz va ularning bayonotlariga qarasangiz, ulardan ayrimlarining qarashlari Bayden ma’muriyati vakillarinikiga qaraganda o‘tkirroq bo‘lib chiqadi. Agar Tramp yutqazsa, u avvalgi kabi Vakillar palatasi spikeri Maykl Jonsonga [Ukrainaga yordam kontekstida] bosim o‘tkaza oladigan darajada ta’sir kuchiga ega bo‘lmay qoladi.

Ammo partiyalar ikki palatada ham barqaror ustunlikka erisha olmasligi mumkin. Hozir buni aytib bo‘lmaydi.

— AQSHdagi saylov natijalari Ukrainaning NATOga qo‘shilish jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

— Aytish mumkinki, Tramp bu masalaga ko‘proq shubha bilan qaraydi. Shu bilan birga, demokratlar ham Ukrainani NATOda quchoq ochib kutib oladi deb bo‘lmaydi. Harris bunday qadam tashlashga jazm etmasligi mumkin: biz Bayden ham bunga jur’at etganini ko‘rmadik. Hozircha Ukrainani NATOga taklif etishmadi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saylovdan keyin Amerika Rossiya va Ukrainaga nisbatan siyosatini o‘zgartiradimi?