12:33 / 14.11.2024
25

Ilon Mask o‘z manfaatlarini ilgari surishi Tramp jamoasiga yoqmayapti

Ilon Mask o‘z manfaatlarini ilgari surishi Tramp jamoasiga yoqmayapti
Foto: Reuters
Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning AQSHning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp yonida doimiy ravishda hozir bo‘lishi siyosatchining ishonchli vakillarini va uning jamoasini g‘azablantira boshladi. Bu haqda vaziyatdan xabador manbalarga tayanib, NBC telekanali xabar berdi.

"Mask o‘zini xuddi hamprezidentdek tutadi va buni hamma bilishi uchun harakat qiladi", deyiladi xabarda.

Suhbatdoshlardan biriga ko‘ra, Ilon Mask “ehtimol, Mar-a-Lagoda (Trampning Floridadagi qarorgohi) haddan tashqari uzoq qolib ketdi”. Milliarder u yerda muntazam respublikachining saylovdagi g‘alabasiga o‘zini sababchi deb ko‘rsatmoqda va siyosatchini o‘ziga “qarzdor” qilishga urinmoqda. Saylangan prezident atrofidagilar bu holatdan bezovtalana boshlagan, deydi manbalar.

13 noyabr kuni, Donald Tramp milliarderlar Ilon Mask va Vivek Ramasvami davlat samaradorligiga erishish bo‘yicha yangi departamentga rahbarlik qilishini aytdi. Departament DOGЕ deb nomlanadi. U Mask tarafdor bo‘lgan Dogecoin kriptovalyutasiga ishora qiladi.

Mask AQSHning saylangan prezidenti administratsiyasidagi bo‘lajak faoliyatini izohlab, buni “byurokratiya uchun tahdid” deb atadi. Milliarder uning rahbarligidagi yangi departament hisobotlari “yuqori shaffoflik uchun” onlayn tarzda ochiq bo‘lishini aytdi.

Mask va Trampning aloqalari. Nimalar ma’lum?

Biznesmen Ilon Mask AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning tarafdori hamda donori bo‘lgan. 5 oktyabr kuni u Trampning Pensilvaniyadagi saylovoldi mitingida nutq so‘zlagan. Milliarder “Amerikada konstitutsiya va demokratiyani saqlab qolish uchun” Tramp g‘alaba qozonishi kerakligini aytgan.

Sentyabr oyi boshida AQSH sobiq prezidenti saylovda g‘alaba qozongan taqdirda, Ilon Mask boshchiligida hukumat samaradorligini oshirish bo‘yicha komissiya tuzishini bildirgan. Mask keyinchalik bu masalani Tramp bilan muhokama qilgani va hamkorlikdan manfaatdor ekanini tasdiqlagan.

Shuningdek, milliarder prezidentlik saylovlarida respublikachi mag‘lubiyatga uchragan taqdirda, uni hibsga olishlari mumkinligini aytgan. Financial Times Mask Trampning prezidentlik kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 75 million dollar ajratgani haqida xabar bergan. Mablag‘larning aksariyati reklamalarga sarflangan.

AQSHdagi 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Tramp 312 ta, Harris esa 226 ta ovoz oldi. G‘alaba qozonish uchun esa 270 ta ovoz olish lozim edi. Tramp rasman 2025 yil 20 yanvarda davlat rahbari lavozimiga kirishadi. U prezidentlik davrida urushni 24 soat ichida tugatishni va’da bergandi, shuningdek, Ukrainaga harbiy yordam ajratilishini tanqid qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ilon Mask o‘z manfaatlarini ilgari surishi Tramp jamoasiga yoqmayapti