Isroil mudofaa vaziri “Hizbulloh” mag‘lub etilganini aytmoqda, lekin Livanda o‘t ochishlar hali ham davom etyapti. Mahmud Abbos esa urushni to‘xtatishga va’da bergan Tramp bilan suhbatlashdi. “Geosiyosat”da Yaqin Sharqdagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov, Shavkat Ikromov va Bektosh Berdiyev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Isroil mudofaa vaziri “Hizbulloh” yengilganini iddao qildi. Livandagi joriy vaziyat qanday, sulhdan umid bormi?
Bektosh Berdiyev: Isroil mudofaa vazirining so‘zlari deklarativ xarakterga ega. Chunki na Hamasni, na “Hizbulloh”ni oxirigacha mag‘lub qilish imkoni yo‘qligi borgan sari ko‘rinib boryapti. Israel Katsning balandparvoz bayonot berishi asosan ichki auditoriyaga yoqish uchun aytildi. Eron tomonidan bildirilayotgan fikrlarga ko‘ra, 18 ming atrofidagi “Hizbulloh” jangchilari Isroil bilan kurashishga tayyor. Bundan tashqari, ularga doimiy qurol-yarog‘ yetkazib kelish muammo bo‘layotgani yo‘q, chunki G‘azodan farqli ravishda, Livan blokada qilinmagan. Qolaversa, Livanga Suriya, Iroq va Erondan turli yordam kuchlari kirish imkoni mavjud.
Shavkat Ikromov: Isroil taktik jihatdan “Hizbulloh”ni mag‘lub etgani to‘g‘ri, ya’ni urushayotgan armiyalar nuqtayi nazaridan oladigan bo‘lsak, Hamas allaqachon urush qobiliyatini yo‘qotgan, “Hizbulloh” ham juda katta zarbaga uchragan. Ham harbiy jihatdan, ham moliyaviy jihatdan, ham boshqa resurslar nuqtayi nazaridan. Shundan kelib chiqib, taktik jihatdan Isroil mudofaa vazirligi bayonotlarini to‘g‘ri deb e’tirof etish mumkin.
Lekin strategik nuqtayi nazardan olib qaraganimizda, yo‘q, hali “Hizbulloh” yengilmagan va guruhda urushish qobiliyati mavjud.
Ammo yana bir jihati borki, Yaqin Sharq mintaqasida barqarorlikni juda xohlashayotgan yetakchi arab davlatlari, xususan Saudiya Arabistoni va Misr kabi davlatlar “Hizbulloh”ning faoliyati mintaqa bo‘ylab kengayib borishidan va ularning kuchi Yaqin Sharq mintaqasida oshib borishidan manfaatdor emas. Masalan, Saudiya Arabistoni azaldan shialarga qarshi bo‘lib kelgan, so‘nggi paytlarda radikalizmga qarshi kurashish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xuddi shunday Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Misr ham shu yo‘nalishda harakat qilyapti. Bu “Hizbulloh” siyosiy jihatdan ham cheklanib borayotganini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan aytishimiz mumkinki, “Hizbulloh” avvalgidek qudratda emas. Isroil tomoni Livan ichki siyosatiga aralashishni istayotganimiz yo‘q deb doimiy bayonot bermoqda. Livanda ham “Hizbulloh”dan charchash holati bor.
Shundan kelib chiqib, Livan o‘zi ham bu yerda tezroq vaziyatlar barqarorlashishidan manfaatdor va doimiy ravishda xalqaro hamjamiyatga, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga urush ko‘lamining mamlakat ichkarisi bo‘ylab kengayib borishidan xavotirini bildirmoqda.
Sulh masalasida Isroil tomoni aytadiki, avval Hamas, endi esa “Hizbulloh” ustidan qozonilgan g‘alabani mustahkamlash uchun hali ichkariga kirib borishimiz kerak, degan ma’noda bayonotlar bermoqda.
— Mahmud Abbos Tramp bilan suhbatlashgan va Tramp urushni to‘xtatishga va’da bergan. Bu amalga oshadimi, agar oshsa, qanday?
Kamoliddin Rabbimov: Ular o‘zaro muloqotida G‘azodagi urushni muhokama qilgan. Donald Tramp Amerika hokimiyatiga kelyapti, bu mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni o‘zgartiradi, chunki demokratlar va respublikachilarning mintaqaga yondashuvi Eron, Saudiya va boshqa davlatlarga nisbatan farq qiladi. Demokratlar mintaqadagi zo‘riqishlarni kamaytirishga harakat qilib, asosiy e’tiborini Xitoyga qaratishga intilmoqda. Respublikachilar esa Isroil bilan ittifoqchilikka ko‘proq ahamiyat bergan.
Undan tashqari, islom va arab davlatlari navbatdan tashqari sammit o‘tkazdi, ya’ni ichkarida koordinatsiya ketmoqda.
Boshqa elementlar ham bor. Misol uchun, o‘tgan davrda Xitoy vositachiligida Saudiya Arabistoni bilan Eron o‘rtasida yarashuv bo‘ldi. Menda asosiy savol shu edi: Donald Tramp hokimiyatga kelayotgan vaqtda Saudiya Arabistoni va Eron yarashgani qanday natija beradi? Ammo bu safar Saudiya Arabistoni orqaga chekinmayapti.
— Hamasning Qatardagi ofisi qaysi davlatga ko‘chishi mumkin?
Shavkat Ikromov: Qatar tomoni agar Hamas sulhni xohlamasa, muzokaralardan foyda yo‘q degan xulosaga kelgan. Tomonlarni yarashtirishni Qatar kuchli xohlayotgan, xalqaro hamjamiyat ularning sulhini kutayotgan bo‘lsa-da, urushayotgan tomonlar buni xohlamayotgani Qatarning xafsalasini pir qildi. Oxirgi paytlarda siyosiy byuro Dohadan chiqib ketishi bo‘yicha aniq bayonotlar berilmoqda. Keyingi masala, chiqib ketgach, qayerga borishi va chiqib ketishining ijobiy va salbiy tomonlari nimadan iboratligi haqida ham fikrlar aytilyapti.
Hamasning Dohadan ketishi AQSH, G‘arb va arab davlatlari uchun ham Hamas nazoratini qo‘ldan chiqarib yuborish bilan teng. Asosiy ofis Dohada bo‘lganda, hammasini nazorat qilish va gaplashish mumkin. Aynan Dohada o‘tirgan siyosiy byuroda muzokara qilish mumkin bo‘lgan siyosatchilar, yetakchilar yig‘ilgan. Agar Qatarni tark etsa, yo‘nalishlar sifatida Bag‘dod, Turkiya yoki Eron variantlari haqida so‘z boryapti. Bag‘dodga boradigan bo‘lsa, nazorat qo‘ldan chiqib ketadi, Eron o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi, Hamas mintaqada beqarorlikni keltirishi mumkin bo‘lgan guruhlardan biriga aylanib qolishi ehtimoli bor.
Bugungi kunda G‘arb matbuotida ko‘plab tahlilchilar yozmoqda: Tramp ma’muriyati maksimal darajada harakat qilib, hammasining Dohada turishini ta’minlashga intiladi. Agar chiqib ketsa, Turkiya uni qabul qilishi mumkin, lekin tarixda Turkiya qabul qilmagan vaqtlari ham bo‘lgan. Iroq hududiga chiqib ketish ehtimoli ham bor. Bu Yaqin Sharq uchun, xususan, nazoratni saqlamoqchi bo‘lgan kuchlar uchun yaxshi signallar emas.
Bektosh Berdiyev: Hamasning siyosiy byurosi Qatarda bo‘lsa-da G‘azoda turli guruhlar mustaqil siyosat yuritmoqda. Shuning uchun Qatar ma’lum bir siyosiy bosimlarga ham duch kelmoqda.
Hamasning Qatardan ketishi muzokaralarni yanada murakkablashtiradi. Ayniqsa, Eron yoki Iroq sari yuzlanish guruhning nazoratdan chiqib ketishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, fikrimcha, ko‘proq Turkiyaga ko‘chirish lozim. Turkiya Qatardan ko‘ra G‘arbga yaqinroq, Erdo‘g‘anning NATO va boshqa davlatlar bilan muloqoti mavjud.
Kamoliddin Rabbimov: Qatar odatda musulmon dunyosining, arab dunyosining eng katta muammolarini olib chiqsa-da, mohiyatan kollektiv G‘arbga qarshi emas yoki Amerikadan mustaqil bo‘lgan alohida geosiyosiy markaz emas. Qatar bu unikal bir fenomen. Lekin Erdo‘g‘an – vaqti-vaqti bilan juda kuchli siyosiy o‘yinlar qila oladigan shaxs. Agar Qatardan chiqib ketib, Hamas Turkiyaga kelsa, aksincha, guruhga ta’sir qilish salohiyati G‘arbda pasayadi deb o‘ylayman.
Isroil ham “Al-Jazira” sabab Qatardan guruhning ketishini xohlaydi, lekin u ofis, aytaylik, shia dunyosi, Eron yoki Turkiya ta’siriga tushadigan bo‘lsa, bu undan ham kattaroq muammo bo‘lishini yaxshi anglaydi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi