
Foto: “Izvestiya”
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uy matbuot kotibi lavozimiga 27 yoshli Kerolin Levitt nomzodini ilgari surdi.
Bungacha u Respublikachilar prezidentlik kampaniyasida matbuot kotibi va uning avvalgi ma'muriyati davrida matbuot kotibi yordamchisi boʻlib ishlagan.
Tramp Levittni aqlli va qattiqqoʻl deb atadi. “Men u oʻz vazifasini a'lo darajada bajarishiga va Amerika xalqiga bizning xabarimizni etkazishda yordam berishiga ishonchim komil”, dedi saylangan prezident.
Trampning yangi jamoasi
Donald Trampning inauguratsiyasi yanvarda boʻladi. Respublikachi davlat kotibi lavozimiga Marko Rubioni, Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi lavozimiga Mayk Vals nomzodini ilgari surgan. Pit Xegset mudofaa vaziri, kichik Robert Kennedi — sogʻliqni saqlash vaziri, Mett Geyts — adliya vaziri, Tulsi Gabbard — Milliy razvedka boshligʻi boʻlishi mumkin.
Shuningdek, amerikalik milliarder Ilon Mask va tadbirkor Vivek Ramasvami saylangan prezident Donald Tramp davrida davlat samaradorligini oshirish boʻyicha yangi departamentga rahbarlik qilishi ma'lum boʻlgandi.

Foto: Reuters
Shu bilan birga, Ilon Mask oʻz manfaatlarini ilgari surishi Tramp jamoasiga yoqmayotgani haqida xabarlar paydo boʻldi.
Ilon Maskning Donald Tramp yonida doimiy ravishda hozir boʻlishi siyosatchining ishonchli vakillarini va uning jamoasini gʻazablantira boshladi, deyiladi NBC telekanali xabarida.
Telekanal suhbatdoshlaridan biriga koʻra, Ilon Mask “Mar-a-Lagoda (Trampning Floridadagi qarorgohi) haddan tashqari uzoq qolib ketdi”. Milliarder u erda muntazam respublikachining saylovdagi gʻalabasiga oʻzini sababchi deb koʻrsatmoqda va siyosatchini oʻziga “qarzdor” qilishga urinmoqda.
Saylangan prezidentning atrofidagilar bu holatdan bezovtalana boshlagan, deydi manbalar. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar