20:35 / 20.11.2024
8

O‘zbekiston elchisi «Tolibon»ga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekiston elchisi «Tolibon»ga ishonch yorliqlarini topshirdi
Bugun, 20 noyabr kuni O‘zbekistonning Kobuldagi yangi tayinlangan elchisi Oybek Usmonov «Tolibon» hukumatining Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiyga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi.

Bu haqda «Tolibon» Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Hafiz Ziyo Ahmad ma’lum qildi.

Rasmiyning yozishicha, Amirxon Muttaqiy O‘zbekistonning yangi elchisini qutlab, unga faoliyatida mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ko‘maklashishiga ishontirgan. Shuningdek, vazir ikki davlat poytaxtlarida elchixonalar faol ishlayotganini ikki tomonlama munosabatlardagi taraqqiyotning yaxshi belgisi deb atagan va davlatlararo yirik iqtisodiy loyihalar sohasida amaliy qadamlar tashlash zarurligini ta’kidlagan.

O‘z navbatida, Oybek Usmonov ham ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni qardoshlik deb atagan va o‘z missiyasi davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga harakat qilishiga va’da bergan.

«O‘zbekistonning yangi elchisi yaqin munosabatlarga misol sifatida ikki davlat o‘rtasidagi oliy darajadagi delegatsiyalar almashinuvini keltirdi», – deb yozadi manba.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabrida 2012-2024 yillarda Kobulda elchi bo‘lib ishlagan Yodgorxo‘ja Shodmanov o‘rniga O‘zbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi etib Oybek Usmonov tayinlangani xabar qilingan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbekiston elchisi «Tolibon»ga ishonch yorliqlarini topshirdi