Foto: Le Parisien
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ukrain armiyasi Qrim va Donbassni mustaqil ravishda qaytarib olmasligini tan oldi. U bu haqda fransuzlarning Le Parisien gazetasida 17 dekabr kuni e’lon qilingan intervyusida gapirgan.
Nashr Zelenskiydan u urushni yakunlash uchun qanday yon berishlarga tayyorligini so‘ragan. «Qrim yoki Donbassni, hech bo‘lmaganda vaqtincha berishga [tayyormisiz]?» — deya so‘ragan gazeta jurnalisti.
Zelenskiy javob qaytargan:
«Biz hududlarimizdan voz kecholmaymiz. Ukraina Konstitutsiyasi bizga buni taqiqlaydi. De-fakto bu hududlarni hozirda rossiyaliklar nazorat qilmoqda. Bizda ularni qaytarib olish uchun kuch yo‘q. Biz faqat Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilish uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan diplomatik bosimga tayanishimiz mumkin.
Hayronman: bizni qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arb nega unga bunchalik g‘amxo‘rlik qilmoqda? Nega biz urush boshidanoq ommaviy ravishda qurollantirilmadik? Mening nutqim haqoratli tuyilishi mumkin. Ammo menda shunday taassurot borki, hamma Putin Rossiyasidan qo‘rqadigandek. U jazosiz qolmoqda. Putinga bosim o‘tkazish va bu urushni to‘xtatish uchun bizga kuchli Amerika va Yevropa kerak».
Shuningdek, Zelenskiydan Vladimir Putin bilan bitta muzokaralar stoliga o‘tirishga qanchalik tayyorligini so‘rashgan.
«Ro‘parada kim o‘tirgani muhim emas. Muhimi muzokara olib borayotganda o‘zingiz qanday holatda bo‘lishingizdir. Men biz kuchsiz pozitsiyadamiz deb o‘ylamayman, ammo kuchli [pozitsiyada] ham emas. Biz NATOda bo‘lamizmi? Buni bilmaymiz. Yevropa ittifoqining bir qismiga aylanamizmi? Ha, kelgusida, ammo qachon?
Bunday sharoitda Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirish unga bizning hududdagi barcha masalani hal qilish huquqini berish demakdir. Avvaliga biz model ishlab chiqishimiz kerak, harakatlar rejasi yoki tinchlik rejasi — qanday istasangiz, shunday atang. Shunda biz uni Putinga yoki kengroq aytganda, rossiyaliklarga taqdim etishimiz mumkin».
Zelenskiy dunyodagi biror yetakchi «Putin bilan Ukraina ishtirokisiz muzokaralar olib borishga haqli emasligi»ni qayd etgan. «Biz bu mandatni hech kimga berganimiz yo‘q. Biz — jabrdiydamiz», — degan Zelenskiy.
WSJ manbalariga ko‘ra, Ukraina hukumati dekabr oyida AQSHning saylangan prezidenti, saylovoldi kampaniyasi davrida bu mojaroga tezda barham berishni va’da qilgan Donald Tramp jamoasi bilan Rossiya-Ukraina urushida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlagan. Zelenskiy 7 dekabr kuni Parijda Tramp bilan uchrashdi, bu Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan tashkillashtirildi. Parijdagi muzokaralardan keyin Tramp tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga chaqirdi. Kremldagilar Rossiya muzokaralarga ochiqligi, ammo muzokaralar boshlanishi uchun Ukraina hukumati Rossiya rahbariyati bilan kontakt qilishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishi lozimligini bildirdi. Ukraina rasmiylari esa bir necha bor Rossiya muzokaralarga tayyor emasligini aytgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya Suriyaning yangi hukumatini harbiy sohada qo‘llab-quvvatlamoqchi
Tramp Zelenskiyni urush tugashiga tayyorlanishga chaqirdi
Donald Tramp: “Prezident Erdo‘g‘on juda aqlli, Asad esa shafqatsiz qassob”
Rossiya Isroilni Golan tepaliklari borasida ogohlantirdi
Suriya isyonchilari yetakchisi murojaat bilan chiqdi
Turkiya Suriya chegarasida qo‘shin to‘plamoqda
Aleksandr Sirskiy: Rossiya uchinchi kundirki Kursk yaqinida oldinga faol siljimoqda
Janubiy Koreya harbiy razvedka rahbari hibsga olindi