06:00 / 19.12.2024
29

Polshada rossiyalik hokkeychi josuslikda ayblanib, 3 yil muddatga qamaldi

Polshada rossiyalik hokkeychi josuslikda ayblanib, 3 yil muddatga qamaldi
Foto: Podhale.pl
Polsha sudi rossiyalik hokkeychi Maksim Sergeyevni josuslikda aybdor deb topib, uni 2 yil 11 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqardi. Shuningdek, 21 yoshli sportchi 1120 yevro miqdorida jarima ham to‘laydigan bo‘ldi, deb yozadi L'Equipe.

Qayd etilishicha, Polsha Sergeyevni 2025 yil 26 may kuni vataniga deportatsiya qiladi. Bu vaqtga qadar u Lyublin qamoqxonasida jazo muddatini o‘taydi.

Ma’lum qilinishicha, hokkeychi Polshaning «Zaglembe» jamoasi tarkibida o‘ynagan va u yerda farm-klubga jo‘natilgan. Shundan so‘ng Sergeyevga Telegram orqali Andrey ismli shaxs yozib, unga pul ishlash taklifini bildirgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimi bo‘lgan.

Avvaliga sportchi ijtimoiy tarmoqlarga «siyosiy kontent» joylashtirishi kerak bo‘lgan. Masalan, unga Ukrainadagi urush «polyak xalqiga taalluqli emasligi» haqida post yozish topshirilgan, buning evaziga u kriptovalyutada pul olgan. Shundan keyin Sergeyevga Polsha armiyasi yoki NATO kuchlariga bog‘liq strategik obyektlarni qidirib topish hamda ularni suratga olish vazifasi berilgan. Ma’lumotlar maksimal darajada hujjatlashtirilgan bo‘lishi kerak edi. Natijada, hokkeychi kamida 16 kishidan iborat bo‘lgan guruh tarkibiga qo‘shilib qolgan, uning a’zolariga Ukraina uchun yuboriladigan qurollar va gumanitar yordam ortilgan poyezdni portlatish uchun 10 ming dollar va’da qilingan.

Sergeyev 2023 yil iyunda qo‘lga olingan. Uning yonidan 7,28 gramm marixuana topilgan bo‘lib, oxir-oqibat u josuslik orqali topilgan pullar bilan birga musodara qilingan. Sportchining kompyuteridan FXX xodimiga yuborish uchun tayyorlab qo‘ygan batafsil ma’lumotlar ham topilgan.

2023 yilda Polsha maxsus xizmatlari Rossiya uchun ishlagan josuslik tarmog‘ini yo‘q qilgani ma’lum bo‘lgandi. Jami 16 kishi qo‘lga olingan: 13 nafar Ukraina fuqarosi, ikki nafar belarus va bir nafar rossiyalik — Sergeyev. Polsha razvedkasi vakilining ta’kidlashicha, ularning vazifasi harbiy obyektlarni aniqlash, Ukrainaga yordam olib ketayotgan poyezdlarni kuzatish, shuningdek, «ularning halokatini tashkillashtirish» bo‘lgan. Tarmoqning 15 a’zosi 13 oydan 6 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilgan. Yana bir figurant jinoyat sodir etilganida 17 yosh bo‘lgani bois unga nisbatan voyaga yetmagan shaxslar uchun belgilangan qonun hujjatlaridagi chora qo‘llangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Polshada rossiyalik hokkeychi josuslikda ayblanib, 3 yil muddatga qamaldi