date
views 119

Rossiya va KXDR qoʻshinlari Kursk oblastida yurishning yangi toʻlqinini amalga oshirmoqda

Rossiya va KXDR qoʻshinlari Kursk oblastida yurishning yangi toʻlqinini amalga oshirmoqda
Foto: EPA
Shimoliy Koreyadan kelgan harbiy xizmatchilar ishtiroki Rossiya qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishiga yangi impuls berdi. Endi ular Ukraina qurolli kuchlarining Rossiyaning mazkur regionidagi asosiy istehkomlariga juda yaqinlashib kelishdi. Quyida BBC Ukraina xizmati muxbiri Oleg Chernishning reportaji tarjimasi keltiriladi.

RF armiyasi Kursk oblastidagi qarshi hujumini uch oy muqaddam, sentyabr oyi oʻrtalarida boshlagandi. Oʻsha mahalda Ukraina Rossiyaning 1 ming km kv hududini nazorat qilayotgan, Sudja rayoni markazida oʻz komendaturasini oʻrnatgan va mudofaa chiziqlarini mustahkamlab olgandi.

Rossiya oʻz yurishining birinchi toʻlqinida ukrainlar platsdarmining chap qanotida, Korenevo va Glushkovo shaharlari atrofida oldinga siljishga erishdi, ammo Ukraina qurolli kuchlari mudofaasini yorib oʻtishga muvaffaq boʻlinmadi. Oktyabr va noyabr oylarida davom etgan ikkinchi toʻlqin ham Kremlga jiddiy muvaffaqiyatlar olib kelmadi.

Ukrain armiyasi chap qanotda Snagost daryosi, oʻng qanotda Psel daryosi boʻylab mudofaa chizigʻini qurdi va ularni ushlab turibdi.

Aynan mazkur marralarda ukrain harbiylari uzoq vaqt davomida rossiyaliklarning yoppasiga amalga oshirgan kuchli hujumlarini qaytarmoqda. Ukraina qurolli kuchlari BBC bilan suhbatda Rossiya hududini kamida yanvar oyi oxirigacha, ya'ni Amerikaning yangi prezidenti Donald Tramp lavozimiga kirishguniga qadar ushlab turish boʻyicha topshiriq olgan.

Ammo dekabr oyi boshida Kursk oblastidagi harbiy harakatlarda RF tomonidan shimoliy koreyaliklar qoʻshini faol harakatlana boshlagani ma'lum boʻldi, bu vaziyatni Moskva foydasiga oʻzgartirishi koʻzda tutilgan.

KXDR qoʻshini qanday harakatlanmoqda?

OAV va harbiy tahlilchilar ma'lumotiga koʻra, dekabr oʻrtalarida Rossiya qoʻmondonligi faollik bilan KXDR askarlarini jangga tashlay boshlagan. Ukraina Bosh shtabi ma'lumotlari ham buni bilvosita tasdiqlaydi.

Noyabr oyi oxirida shtabning har kungi hisobotida frontning mazkur uchastkasida 20 ga yaqin toʻqnashuv qayd etilgan boʻlsa, 15 dekabrga kelib bu raqam ikki baravarga ortgan. Keyingi hafta davomida esa bu miqdor taxminan shu darajada qolgan va faqat 22 dekabrga kelib pasayib, kuniga 27 ta toʻqnashuvgacha tushgan.

Bu, katta ehtimol bilan, qoʻshin katta yoʻqotishlarga uchragani hamda kuch va resurslarni tiklash zarurati yuzaga kelgani bilan bogʻliq.

Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi ma'lumotiga koʻra, shimoliy koreyalik askarlar 14 dekabrdan RF dengiz piyodalari hamda havo-desant qoʻshinlari boʻlinmalari tarkibida Kursk oblastidagi shturm harakatlariga jalb etila boshlangan.

Bu vaqt ichida ularning jang maydonida oldinga yurishiga, shuningdek yaralangani va halok boʻlganiga oid bir necha foto va videoguvohliklar paydo boʻldi. Ukraina rasmiylari esa Rossiya qoʻmondonligi shimoliy koreyalik harbiylarga RF pasportlarini bergani va ularning jangdagi ishtiroki faktini maskimal darajada yashirishga urinayotganini aytishmoqda.

Katta ehtimol bilan KXDRdan kelgan askar Kursk oblastidagi jang maydonida. Foto Volodimir Zelenskiyning telegramidan
Janubiy Koreya razvedkasi KXDRning Kursk oblastida soʻnggi bir hafta davomida kechgan faol harbiy harakatlardagi yoʻqotishlarini 1,1 ming kishiga baholagan, bu esa RF hududiga kelgan harbiylarning 10 foizini tashkil etadi. Janubiy Koreya hukumati Pxenyan Moskvadagi ittifoqchilariga yanada koʻproq askar va qurollar taqdim etishni rejalashtirganini xabar qilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa 23 dekabr kuni kechqurungi videomurojaatida KXDRning yoʻqotishlari allaqachon 3 ming kishini tashkil etayotganini ma'lum qilgan. U shuningdek Shimoliy Koreyadan Rossiya armiyasi uchun qoʻshimcha askarlar va harbiy texnikalar yuborilishi ehtimoli haqida gapirgan.

Ukraina QK Maxsus amaliyot kuchlari qoʻmondonligi Kursk oblastida KXDRdan kelgan askarga zarba berilishi videoyozuvini namoyish etgan. Unda ular ochiq maydon boʻylab himoyasiz harakatlanayotgani va dronlar hujumidan qanday himoyalanishni bilmayotgani koʻringan
Shimoliy koreyaliklarning bu qadar koʻp yoʻqotishlari ular jang maydonida qoʻllayotgan taktika bilan bogʻliq boʻlishi mmkin.

Ukrain harbiy boʻlinmalari e'lon qilgan videoyozuvlarda KXDR harbiylari tezlik bilan hujumga oʻtayotgani, ammo ochiq maydon boʻylab bir saf boʻlib, zirhli texnikalar yordamisiz va amalda hech qanday himoyasiz harakatlanayotganini koʻrish mumkin.

Ular ukrain pozitsiyalariga etib olishga urinmoqda, ammo artilleriya va dronlar orqali oʻqqa tutilmoqda.

Shunga qaramay, bunday «serxarajat» taktika Rossiyaga Kursk oblastidagi jang maydonida ma'lum taktik yutuqlarga erishishga imkon bermoqda.

Frontda nimalar boʻlmoqda: ikki tomondan bosim

Ammo avvaliga Ukraina tomoni 50-60 ming harbiy deb baholagan Rossiya-Koreya guruhi qaysi asosiy yoʻnalishlar boʻylab hujum qilayotganini tushunib olish kerak.

Ularning asosiy maqsadi — Ukraina qurolli kuchlari platsdarmi uchun asosiy logistik qontomir hisoblangan Sumi-Sudja trassasiga chiqishdir. Rossiya qoʻshini unga janubi-sharqiy yoʻnalishdan harakatlanmoqda, bu yoʻlda dekabr boshida ular trassadan 13 km masofada, Psel daryosi sharqiy sohili tomonda joylashgan Plexovo qishlogʻini egallab olgandi.

Mazkur aholi yashash punkti nazoratga olingach, rossiyaliklar va KXDR qoʻshini qarshisidan suv toʻsigʻini kechib oʻtish vazifasi chiqdi. Ukrainlarning DeepState tahlil markazi onlayn-xaritasiga koʻra, ular hozirga kelib bunga muvaffaq boʻlgan va Psel daryosi gʻarbiy sohilidagi Kurilovka va Maxnovka qishloqlari atrofida harbiy harakatlar boshlanib ketgan.

Bunday «yorib oʻtish» haqida rossiyaliklarning resurslarida ham yozilgan. Masalan, Rossiyadagi Readovka harbiylashgan nashri RF armiyasi yaqin vaqtlar ichida Sudja chekkalaridagi Goncharovka va Rubanshchina posyolkalariga chiqishni rejalashtirayotgani haqida yozgan.

Rossiya va KXDR qoʻshinlari bunga parallel ravishda ukrainlarga qarama-qarshi chap qanotdan ham bosim oʻtkazmoqda. Bu tomonda ularning asosiy maqsadi — Ukraina qurolli kuchlarining Malaya Loknya posyolkasidagi muhim istehkomiga etib kelishdir. Dekabr oyi oʻrtalarida ular Malaya Loknyadan 2-3 km masofada joylashgan Kruglenkoe posyolkasiga kirib keldi. Bu erda hozirda ogʻir janglar boʻlib oʻtmoqda.

Agar Ukraina bu istehkomini boy beradigan boʻlsa, unda oʻz qoʻshinini Kursk platsdarmining shimoliy qismidan, xususan, Pogrebki, Russkoe Porechnoe va Cherkasskoe Porechnoe qishloqlaridan olib ketishiga toʻgʻri keladi.

Rossiya yurishining yana bir yoʻnalishi — Ukraina chegarasi boʻylab shimoldan janubga qarab davom etmoqda. RF mudofaa vazirligi 11 dekabr kuni bu hududda Darino qishlogʻi nazoratga olingani haqida xabar bergandi.

Bu shuni anglatadiki, rossiyaliklar Snagost daryosini kechib oʻtishga va ukrain mudofaasiga suqulib kirishga muvaffaq boʻlgan. Ularning keyingi nishoni Sumi-Sudja trassasidan 10 km masofadagi Sverdlikovo qishlogʻi boʻlishi mumkin.

Logistika uzib qoʻyiladigan boʻlsa, Ukraina qurolli kuchlari qoʻshni davlat hududidagi platsdarmni ushlab turishining imkoni boʻlmay qoladi.

Ukrainalik askar Sudja markazida. Rossiyaning bu shahri Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi platsdarmi markazi boʻlib qolmoqda. Foto: EPA
Kursk oblastidagi yurishlarning uchta toʻlqini Rossiyaga avgustda egallab olingan hududlarning teng yarmini qaytarib olish imkonini berdi, ammo muhim yoʻnalishlarda Ukraina mudofaasini qulata olmadi.

Buni Ukraina qurolli kuchlari bu erga eng kuchli boʻlinmalari, xususan, desant-shturmchi boʻlinmalarini joylashtirgani, shuningdek, minalashtirilgan hududlardan iborat etarlicha samarali toʻsiqlarni barpo eta olgani bilan izohlash mumkin.

Bu rossiyaliklar shaxsiy tarkib va texnikalarda jiddiy yoʻqotishlarga uchrashiga hamda yurish sekinlashishiga sabab boʻldi. Qolaversa, ukrainlar gʻarbning uzoq masofali raketa tizimlari orqali dushmanning Kursk oblastidagi logistik markazlari va dislokatsiya punktlariga samarali zarbalar berishga muvaffaq boʻldi.

Avstraliyalik harbiy ekspert va iste'fodagi general Mik Rayan qayd etishicha, oʻtgan haftadagi shiddatli janglarga qaramay, rossiyaliklarning yutuqlari «minimal miqdordagi hududlarni qaytarib olish» bilan cheklangan.

Ukraina qurolli kuchlari RF va KXDR qoʻshinlarini qachongacha toʻxtatib tura oladi? BBC’ning Ukraina harbiy rahbariyatidagi suhbatdoshi ular Kursk oblastida yana bir oy turib berishiga ishonch bildirgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya va KXDR qoʻshinlari Kursk oblastida yurishning yangi toʻlqinini amalga oshirmoqda